Aziz o‘quvchi, ehtimol siz shunday muqaddas Mushafi sharif podshohlar xazinasidan chiqarib, hadya qilib yuborilishiga ishonmassiz. Lekin, o‘sha paytda Oltin O’rda va Misr mamlakatlari orasida mustahkam aloqa, chinakam do‘stlik o‘rnatish naqadar zarur edi, chunki, o‘sha paytda qonxo‘r Helaku Misrdan o‘ch olish uchun va Islom yurtlarini yana bir marta talon-taroj qilish uchun Rum bilan ittifoq tuzgan edi. Buning aksi o‘laroq, Baraka xon Allohning hohishi bilan Islomga kirgan va unga nihoyatda muhabbat qo‘ygan bo‘lib, Helakuga xavf solib turar edi. Shuning uchun u yuqorida zikr qilingan qimmatbaho va qadrli hadyaga loyiq edi. Bu rivoyat mantiqqa to‘g‘ri keladi va undan qalb taskin topadi.
Yuqorida shayx Murod Ramziy, ushbu mushaf Bosh Mushaf ham emas, har xil o‘lkalarga yuborilgan Usmon Mushaflarining biri ham emas, degan Marjoniyning fikrini rad etgani aytildi. Bunda u Abu Ubayd rivoyatiga qarshi chiqqan ulamolarning so‘zlarini dalil qiladi. (3-rivoyatga qaralsin).
To‘rtinchi. Samarqand ulamolari, shu jumladan elchi Yahyo Xo‘ja Buxoriyning Mushaf Amir Temur xazinasidan yoki kutubxonasidan chiqqan, degan bayonlari. Ikkinchi rivoyatda Amir Temur uni Basradan olib Samarqandga keltirgan, deyiladi. Agar Amir Temurning shon-shavkati, qudrati, uning tutgan mavqeini hisobga olsak, bu rivoyat ham haqiqatga to‘g‘ri keladi. Chunki, Mushafi Usmoniydek oliy iftixor manbai Temurning mulkidan chetda qolishi mumkin emas edi. O’sha ulamolarning e’tiroficha, bu Mushaf Samarqandda to‘rt yuz yildan beri mavjud bo‘lgan.
Beshinchi. Xo‘ja Ahror valiy muridlari Sulton Boyazidni davolab, evaziga Usmoniylar xazinasidagi Mushafni olib kelgan, degan rivoyat.
Oltinchi. Mushafni shayx Abu Bakr Qaffol Shoshiy Bag‘dod xalifalari xazinasidan olib kelganligi haqidagi rivoyat. Bu rivoyatni shayx Muhammad qozi Shoshiy (Xo‘ja Ahrorning xalifalaridan bo‘lib, Toshkent shahrining qozisi edilar. Qozilik ishlarini yuritib turgan masjid hozir ham bor. Bir necha ahli ilm oilalar o‘zlarini u kishiga mansub deb sanaydilar) o‘zlarining. «Silsilatul-Orifin» nomli kitoblarida keltirganlar. Taajjublanarli joyi shuki, shayx Xo‘ja Ahrorning xalifalari bo‘lishliklariga va mazkur kitob Xo‘ja Ahrorning manoqiblari to‘g‘risida bo‘lishiga qaramasdan, Mushafi Usmoniy to‘g‘risida gap ketganda Xo‘ja Ahrorni zikr qilmaydilar, balki uni Imom Qaffol Kabiri Shoshiy olib kelganlar, deydilar. Shayx Muhammad qozi, shuningdek, «Mushaf Imom Qaffol zamonlarida Toshkentda mavjud edi. Xorazmshoh Toshkent shahrini xarob qilgan kezlarda, u Abu Muso mahallasida saqlanar edi. Shundan keyin g‘oib bo‘lgan», deydilar. Agar Mushaf qozi Muhammad zamonlarida mavjud bo‘lib, Xo‘ja Ahror uni Samarqandga olib ketganlarida, qozi Muhammad buni Xo‘ja Ahrorning manoqiblari sifatida, albatta, zikr qilgan bo‘lar edilar.