ODAM ALAYHISSALOM QISSASI
Payg‘ambar alayhisalom dedilar: "Kimda-kim dunyo ajoyibotlarini ko‘rmoqchi bo‘lsa, Odam alayhissalom qissasiga qarasin".
Olloh subhanahu va taolo odamni yaratishlikka ahd qildi va Jabroil alayhissalomga amr qildi: "Borgil, yer yuzidan bir hovuch tuproq keltirgil!" Jabroil kelib tuproq olmoqchi bo‘lgandi, yer ont berdi: "Mendan tuproq olmangiz!" deb. Hazrat Jabroil yerga rahmi kelib, tuproq olmadi. Hazrat Isrofilni yubordi, unga ham ont berdi va u ham tuproq olmadi. Keyin hazrat Makoilni jo‘natdi, yer unga ham ont berdi, u ham tuproq olmadi. Shundan keyin hazrat Azroilga farmon bo‘ldi. Yer unga ham ont berdi. Azroil aytdi: "Olloh taoloning buyrug‘i sening ontingdan azizroq turadi". So‘ng yer yuzidan bir hovuch tuproq oldi. Ollohdan xitob keldi: "Ey Azroil, qattiq ko‘ngilli ekansan. Shunday taqdir qildimki, hamma tiriklarning jonini senga oldiraman".
U tuproqda oq, qora, chuchuk, achchiq, sariq, yashil, qizil, ko‘k, qattiq, yumshoq, toza, nopok, totli va totlig‘siz - hammasining suvi bor edi. Shul sababdan odam farzandlari bir-biriga o‘xshamaslar, kimi poku, kimi nopok, kimi betobu kimi sog‘lom, kimi qorayu kimi oq, kim sarig‘u kimi qizil, kim esligu kimi aqlsiz, kimi chuchuk so‘zliyu kimi achchiq so‘zli, kimi qattiq ko‘ngilliyu kimi yumshoq ko‘ngillidirlar. Azroil u tuproqni Makka va Toif orasidagi Daxno nomli yerga qo‘ydi. U tuproq ustiga qirq yil yomg‘ir yog‘di, o‘ttiz to‘qqiz yil qayg‘u-alam yomg‘iri, bir yil esa sevinch yomg‘iri yog‘di. Shu boisdan Odamga sevinchdan ko‘ra qayg‘u ko‘proq bo‘ldi. Olloh taolo qirq yildan keyin qudrat qo‘li bilan odam suratini barpo qildi. Odamning boshi toif taravga oyog‘i Makka tarafga qaragan edi. Buning hikmati toifning Makkadan ulug‘ligini ko‘rsatish uchun emas, balki odam o‘rnidan tursa yuza Makkaga qarasin, deganlikdan shunday qilidi. Shariatda shunga monand mas’ala bor: bizning mashablardan qachon biron-bir bemor odam yotib namoz o‘qimoqchi bo‘lsa oyog‘ini qibla tarafga uzatur. Shuning uchunki, qachon u namoz ichida sihat topguday bo‘lsa va o‘rnidan tursa yuzi qiblaga qaragan bo‘lg‘ay.