Ammo Havvon yer yuzida yaratildimi yo jannatda, bu xususida ulamolar orasida ixtilof bor.
Azozil jannatda erkli edi, jamiki farishtalarga ilm o‘rgatar edi. Bir kuni ko‘rdilarki, "Lavhul Mahfuz"da farishtalardan biri mal’un bo‘ladi, deb yozig‘lig‘ ekan. Farishtalar bundan behad qo‘rqdilar, Azozilga kelib: "Sen ustozmisan, biz g‘oyat qo‘rqayapmizki, bizni duo qilg‘il, Olloh taolo bizni la’natdan asrasin".
Azozil duo qildi, farishtalar "Omin" dedilar. Olloh taolo uning duosi Bilan farishtalarni asradi, o‘zi esa la’natga uchradi. Farmon keldi: "Odamni nurdan yasalgan taxt ustiga o‘tkazib, yelkalariga ko‘tarib, jannatni kezsinlar!" Bunga sabab shu Ediki, Odam hali yaratilmasdan ilgari farishtalar: "Odam farzandlari fasod ishlarni qilgaylar, qon to‘kkaylar", deb g‘iybat qilgandilar. "Biz bir qancha tasbehtaqdis lozim bo‘lsa aytarmiz", deb o‘zlarini yuqori oldilar. Ularning bu so‘zlari Ollohga xush kelmadi. Hukm qildiki: "Odamni g‘iybat qildingiz, savoblaringiz bekor bo‘ldi. Ul savoblar sizlardan olinib, Odam farzandariga berildi. O’sha g‘iybatning jazosi shudur. Bu kun hamma frishtalar boring, Odam taxtini bo‘yningizga ko‘tarib, hizmatini bajo keltiring!"
Undan keyin Olloh taolo Odamga "Ismlar ilmi"ni o‘rgatdi. So‘ng jamiki narsalarni farishtalarga ko‘rsatib: "Agar sizlar rostgo‘y bo‘lsangiz bu narsalarning otini menga aytib bering", dedi. Farishtalar ojiz bo‘lib: "Parvardigoro, Sen pokdursan, Sen o‘rgatgandan boshqa hech bir ilmimiz yo‘qdir, o‘zgasini bilmasmiz", dedilar. Odamga farmon bo‘ldi: "Ey Odam, bularga anavi narsalarning nomlarini aytib bergil!" Odam ularning nomlarini aytib berdi: "Bu daraxt, bu tosh, bu suv . . ." Hamma narsalarning nomini jamiki tillar Bilan bayon qildi. Shunda: "Ey farishtalar, sizlarga aytmadimi, Men bilganni sizlar bilmaysizlar", degan xitobi keldi, "Endi sizlarga ma’lum bo‘ldiki, Odam olimdir, sizlar obidsizlar. Mening nazdimda ming obiddan bir olim afzaldir. Qayda obid bo‘lsa, olimga hizmat qilmog‘i kerak. U mahdum bo‘lsin, sizlar hodim bo‘ling, u masjid bo‘lsin, sizlar sojid (sajda qiluvchi) bo‘ling, Odamga sajda qiling!" Jumla farishtalar sajda qildilar. Yolg‘iz Azozil sajda qilmadi, bo‘ysunmadi, ulug‘sindi, kofirlardan bo‘ldi. Qachon farishtalar sajda qilgach, ko‘rdilarki, Iblis sajda qilmasdan turardi. Shukr, dedilar va sevinganlaridan yana bir sajda keltirdilar. (Bu kun namozda ikki sajda qilmoqlik boisi shundadir).