Hukm keldi: "Ey Odam, Mendan qocharsanmu?" Dedi: "Iloho, andisha qilib Sendan Senga qocharman". Jabroil Odamning qo‘lidan ushlab, Olloh huzuriga keltirdi. Farmon bo‘ldi: "Ey Odam, seni tuproqdan yaratdimmi, ma’rifat Bilan mukofotladimmi, chiroyli surat bilan bezadimmi, jannatga kiritdimmi, ne’matlar bilan siyladimmi, Havvoni senga juft qildimmi, bug‘doy daraxti mevasini yemagan dedimmi, shayton sizga dushman deb aytmadimmi? Nechuk bug‘doy yeding?" Dedi: "Iloho, ul hukmni Kim qildi-yu ul qazoni kim yaratdi?" Farmon keldi: "Men yuritdim men qazo qildim. Ammo mening qazom, hukmim, taqdirim g‘ayb turar, buyrug‘im, farmonim esa ochiq turar. Zohirni ko‘rib nega g‘oybga yuzlanding?" Dedi: "Iloho, shunday hukm qilding, qazo yuritding, meni kechirgil, yorlaqagil". Farmon keldi: "Seni yorlaqadim, sendan keyin keladigan farzandlaring ham shunday iqror bo‘lsalar, ularni ham yorlaqagayman. Endi jannatdan chiqqil", dedi.
Habarda kelurki, anjir daraxti Odam va Havvoga besh yaproq berdi, ular andomlarini yopib chiqdilar. Tong otgandan keyin o‘sha besh yaproqning birini kiyik yedi, ifor (mushk) bo‘ldi. Birini sigir yedi, anbar bo‘ldi. Birini arii yedi, asal bo‘ldi. Birini qurt yedi, ipak bo‘ldi. Birini Odam yerga ekdi, yung bo‘ldi. Qiyomatga qadar farzandlariga kafan bo‘ldi.
Nukta. Olloh taolo Odamga yaproq berganligi uchun anjir daraxtini jazoladi. Ma’lumki, barcha yeguliklar uch turli bo‘ladi: birining tashi yeyilur - olma, nok kabi, birining ichi yeyilur - yong‘oq, bodom singari, birining tashi-yu yeyilmas ichi yeyilur - qovun, tarvuz kabi. Ammo anjirning tashi ham yeyilur, ichi ham yeyilur.