Bir yil o‘tgandan kechin u Banu Xarim qabilasi boshlig‘ining qizi Sayyida binti Massos al -Xurxumiyning qiziga uylandi. Ismoil ovga g‘oyat o‘chligi bois uyda kam bo‘lardi. Otasi bu gall kelganda ham ovda edi.
- Ovga ketgandi, - dedi Sayyida Ibrohim alayhissalom so‘rog‘iga javoban, - Tushing, kelgunicha uyda kutib turarsiz, men taom hozirlayin.
- Tushmaslikka va’dam bor, tusholmasman, - dedi Ollohning rasuli, - tayyor - taom bormi?
Sayyida tuya sutidan tayyorlangan ayron olib chiqib berdi.
- Tangrim molu yilqilaringizga barokat bersin, - deb duo qildi u ayronni ichib bo‘lib. Duo barokatidan bu yurtda tuyalar ko‘p bo‘ldi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom dedilarki: "O’sha kunda Ismoilning ayoli non berganida edi, bu kun makkada yemish arzon bo‘lardi".
- Tuyadan tushing, - soch-soqolingizni yuvib qo‘yayin, - dedi Sayyida.
- Tuyadan tushmaslikka va’da berganman, - dedi Ollohning rasuli.
- Bitta oyog‘ingizni tosh ustiga qo‘ying, soch-soqolingizni yuvib qo‘yayin, - dedi kelini.
Ibrohim alayhissalom bir oyog‘ini toshni ustiga qo‘ydi, ikkinchisi tuya ustida qoldi. Shu holatda soch-soqolini yuvdi, so‘ngra narigi oyog‘ini tosh ustiga qo‘ydi, qolgan qismini ham yuvdi. Shundan keyin Ibrohim alayhissalom:
- Ismoil kelsa aytgil: "Ibrohim senga ko‘p duo salom aytdi va yana eshigingni mahkam qilgin, deb tayinladi", deya yetkazib qo‘ygin.
Ismoil kelgach, Sayyida bo‘lgan voqeani birma-bir bayon qildi.
Shunda Ismoil dedi:
- U kishi mening otam edi, eshik deya seni aytgandi.