Munavvar qori Abdurashidxonov. Musulmonlik  ( 16586 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


registan  24 Iyul 2008, 10:40:11

SIROT, JANNAT VA DO’ZAX

Savol: Sirot ko‘prigi qanday ko‘prik?
Javob: Sirot ko‘prigi Maxshar yeri bilan jannat orasida do‘zax ustiga qurilgan, qilichdan o‘tkir, qildan ingichka va nihoyatda uzun ko‘prikdir. Jannatga kiruvchilarning har biri unga ushbu ko‘prikdan o‘tib kiradi.
Savol: Jannat qanday joy?
Javob: Jannat yaxshi bandalar uchun har xil ne’matlar bilan ziynat berilib yaratilgan va kattaligi bu dunyoga bir necha barobar keladigan rohat saroyidir.
Savol: Do‘zax qanday joy?
Javob: Do‘zax xam bu dunyoga bir necha barobar keladigan va yomon bandalar uchun yaratilgan azob zindonidir. Barchamizni Alloh undan asrasin!
Savol: Jannatga kirgan kishilar qaytib chiqariladilarmi?
Javob: Jannatga kirgan kishilar qaytib chiqmaydilar va o‘lmoq og‘rimoq, xafa bo‘lmoq, ishlamoq, hamda bir narsaga muxtoj bo‘lmoq kabi ko‘ngilsiz hollardan qutulib, doimo xursandlik bilan rohat va farog‘atda bo‘ladilar.
Savol: Do‘zaxga kirgan kishilar qaytib chiqadilarmi?
Javob: Do‘zaxga kirgan kishilarning imonlilari qilgan gunoxlariga yarasha azob tortganlaridan so‘ng, do‘zaxdan chiqib, jannatga kiradilar. Ammo imonsizlari aslo chiqmay, doimiy azobda qoladilar.
Savol: Jannatga kirgan kishilarga Alloh taolo nimani ko‘rsatadi?
Javob: Jannatga kirgan kishilarga Alloh taolo O’zining diydorini ko‘rsatadi. Ammo qay ravishda ko‘rsatmog‘i bandaga ma’lum emas.

Qayd etilgan


registan  24 Iyul 2008, 10:40:53

TAQDIRGA ISHONMOQ

Savol: Taqdir deb nimaga aytiladi?
Javob: Alloh taolo har bir yaxshi va yomon ishning qaysi zamonda, qaysi joyda, qaysi ravishda bo‘lmog‘ini O’z izmi azaliysi bilan bilib, bo‘lmasidan burun tayin qilib qo‘ygan. Taqdir deb shunga aytiladi.
Savol: Alloh taolo taqdir kilmagan ishni banda bo‘ldira oladimi?
Javob: Alloh taolo taqdir kilmagan ishni hech kim bo‘ldira olmaydi.
Savol: Alloh taolo taqdir kilgan ish bo‘lmay qoladimi?
Javob: Alloh taolo taqdir kilgan ish aslo bo‘lmay qolmaydi.

Qayd etilgan


registan  24 Iyul 2008, 10:41:30

SHARH

Alloh taoloning taqdiriga shu ravishda ishonmoq kifoyadir. Lekin, taqdirda nima bo‘lsa, shuni ko‘ramiz deb harakatsiz yotmay, Alloh taoloning fazlu karamidan umidvorlikda, yaxshi amallar qilib, qaxru-g‘azabidan qo‘rqib, yomon ishlardan qochish, Islom dinining rivoji va taraqqiysiga sabab bo‘ladigan ishlarda qatnashmoq har bir musulmonga farz va lozimdir. Chunki, Alloh taolo taqdirda ko‘p ishlarning bo‘lish va bo‘lmasligini bandaning sa’yi xarakatiga bog‘lab qo‘ygan. Qur’oni karimda: «...Va an laysa lil insani illa ma sa’a», ya’ni, «Insonga o‘zining sa’yi harakatining mahsulidan boshqa hech narsa yo‘qdir», deyiladi. Masalan: bir kishi harakat qilib, bir yerga bug‘doy eksa, albatta, u yerdan bug‘doy oladi. Harakat qilmasa, ekmasa, u yerdan bug‘doy ololmaydi. Buni to‘g‘ri o‘ylagan kishilarga ushbu masalalar ochiqroq ma’lum bo‘ladi. Chunki, Alloh taolo bandalarini yaxshi ishlarni qilishga, yomon amallardan qochishga taklif qilib, yana juz’iy (qisman) ixtiyorni bandaning o‘ziga bergan. Alloh banda ixtiyor qilgan yaxshi ishni rozilik bilan, yomon ishni norozilik bilan O’zi avvalda belgilab qo‘ygan taqdir va tayiniga muvofiq O’zi bo‘ldiradi. (Alloh taolo) yaxshi ishlar uchun jannat rohatini, yomon ishlar uchun do‘zax azobini va’da qilgan.

Qayd etilgan


registan  24 Iyul 2008, 10:44:47

PAYG’AMBARIMIZ MUHAMMAD
SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM

Savol: Muhammad alayhissalom qanday zotdirlar?
Javob: Muhammad alayhissalom jumla mavjudot (hamma bor narsalar) ning afzali, Alloh taoloning eng yaqin do‘sti va Rasuli va oxir zamon P ayg‘ambaridirlar.
Savol: Qaysi joyda, qaysi oyda va qaysi kunda tug‘ilganlar?
Javob: Makkai mukarrama shahrida, rabiulavval oyining 12-sida, dushanba kuni tong vaqtida dunyoga kelganlar.
Savol: Otalari kimdirlar?
Javob: Otalari arablarning Quraysh qabilasidan Abdulloh ismli kishidirlar.
Savol: Abdullohning otalari kimdirlar?
Javob: Abdullohning otasi Abdulmuttalib, Abdulmuttalibning otasi Hoshim, Hoshimning otasi Abdulmannon ismli kishilardir.
Savol: Onalari kimdirlar?
Javob: Onalari ham arablarning Quraysh qabilasidan Vahobning kizi Omina ismli xotindirlar.
Savol: Otalari qay vaqtda vafot etdilar?
Javob: Muhammad alayhissalom tug‘ilmaslaridan burun otalari vafot qilgan edilar.
Savol: Onalari qachon vafot etdilar?
Javob: Olti yoshga yetganlarida onalari vafot etib, bobolari Abdulmuttalibning qo‘lida qoldilar.
Savol: Bobolari vafot etgandan so‘ng kimning qo‘lida va tarbiyasida qoldilar?
Javob: Abu Tolib ismli amakilarining tarbiyasida qoldilar.
Savol: Yosh vaqtlarida qanday edilar?
Javob: Yosh vaqtlarida ham ochiq yuzli, shirin so‘zli, nihoyatda to‘g‘ri, aqlli va ishonchli bo‘lib, Makka xalqi orasida e’tibor va shuhrat topib, Muhammad Amin, ya’ni "ishonchli" nomini olgan edilar.
Savol: Necha yoshlarida uylandilar?
Javob: 25 yoshlarida Xadicha ismli bir boy xotinga uylandilar.
Savol: Necha yoshlarida Payg‘ambar bo‘ldilar?
Javob: 40 yoshga yetganlarida Alloh taolo Jabroil ismli farishta vositasida payg‘ambarlik yuborib, bandalarini Islom diniga chaqirishga buyurdi.
Savol: Payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ngra nima ish qildilar?
Javob: Payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ngra o‘n uch yil Makkada turib, uning xalqini Islom diniga taklif qildilar.
Savol: Shu yillar mobaynida Makka xalqidan qancha kishi Islom dinini qabul etdi?
Javob: Bu o‘n uch yil ichida Makka xalqidan va o‘zga joylardan bir necha yuzgina kishi Islom dinini qabul etib, musulmon bo‘ldilar, qolganlari qabul etmay, Payg‘ambarimizga dushmanlik yo‘lidan borib, har xil jabrlar o‘tkazishga, hatto o‘ldirishga harakat qildilar.
Savol: Shundan so‘ngra nima qildilar?
Javob: Shundan so‘ng, 53 yoshlarida Payg‘ambarimiz Alloh taoloning buyrug‘i bilan Makkadan Madina shahriga ko‘chdilar.
(Payg‘ambarimizning Madinaga ko‘chishlari "xijrat" deyiladi. Xijrat kunidan boshlab Islom dini quvvat topganligi uchun musulmonlarning o‘sha yili tarix boshi xisoblanadi va "xijriy tarixi" deb ataladi.)
Savol: Madinaga ko‘chishlariga nima sabab bo‘ldi?
Javob: Bu shaharga ko‘chishlariga kofirlarning musulmonlarga qilgan jabr-zulmlari sabab bo‘ldi.
Savol: Madinada necha yil turdilar?
Javob: Bu shaharda o‘n yil turib, xalqini Islom diniga taklif qildilar.
Savol: Shu yillar ichida musulmonlar soni qanchaga yetdi?
Javob: Bu davrda xar tarafdan odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kelishib, musulmon bo‘la boshladilar. Shu sababli qisqa vaqtda musulmonlar quvvat topib, ular soni yuz mingdan oshdi.
Savol: Muhammad alayhissalom necha yoshlarida vafot etdilar?
Javob: Muhammad alayhissalom Madinada o‘n yil turganlaridan so‘ng, 63 yoshlarida vafot etdilar.

Qayd etilgan


registan  24 Iyul 2008, 10:47:04

SAHOBALAR

Savol: Sahoba deb kimlarga aytiladi?
Javob: Sahoba deb, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning tirik vaqtlarida Islom dinini qabul etib, o‘zlarini ko‘rgan musulmonlarga aytiladi.
Savol: Sahobalar qanday kishilar?
Javob: Sahobalarning xar biri ko‘p ishlarda Payg‘ambarimizga yordam bergan, Islom dinining quvvati va shavkatiga sabab bo‘lgan aziz va hurmatli kishilardir. Ularning barchalarini do‘st tutmoq, va xotiralariga ta’zim qilmoq jumlai (hamma) musulmonlarga lozimdir.
Savol: Muhammad alayhissalom vafotlaridan so‘ng o‘rinlariga kim xalifa bo‘ldi?
Javob: Muhammad alayhissalomning vafotlaridan so‘ng o‘rinlariga barcha Sahobalarning afzali hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘ldilar. U zot yigirma yetti oy xalifalik qilib, xijratning 13-yilida vafot etdilar.
Savol: O’rinlariga kim xalifa bo‘ldi?
Javob: O’rinlarida xazrati Umari odil roziyallohu anhu o‘n yarim yil xalifalik kilib, xijratning 23-yilida shahid bo‘ldilar.
Savol: U kishidan so‘ng kim xalifa bo‘ldi?
Javob: U kishidan so‘ng xazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o‘n ikki yil xalifalik kilib, xijratning 35-yilida shahid bo‘ldilar.
Savol: U kishining o‘rinlariga kim xalifa bo‘ldi?
Javob: U kishining o‘rinlariga hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu xalifa bo‘lib, xijratning 40-yilida shahid ketdilar.
Savol: Bu to‘rt zot qanday xalifa bo‘ldilar?
Javob: Sahobalarning bay’at kilmoqlari, axdlashuvlari va saylamoqlari bilan bu to‘rt zot barhaq (haqqoniy) xalifalar bo‘ldilar.
Savol: Ulardan so‘ngra xalifalik kimlarga qoldi?
Javob: Xalifalik hazrati Alining o‘g‘illari hazrati Imom Hasanga qolgan bo‘lsa ham, u zot murosa uchun ushbu martabani hazrati Muoviyaga topshirdilar. Bundan so‘ng musulmonlar orasida har xil ixtiloflar va urushlar chiqa boshladi. Xilofat (xalifalik) saltanatga (podshoxdikka) aylandi. Shunday bo‘lsa ham, Islom dini o‘zining haqligi va u zamondagi musulmonlarning g‘ayratlari tufayli butun dunyoga yoyildi.

Qayd etilgan


registan  24 Iyul 2008, 10:49:23

DAVLATI UMAVIYA

Hazrati Muoviyadan boshlangan davlatga Umaviya davlati deyilur. Davlati Umaviya 92 yil turdi. Bu 92 yil ichida umaviylardan 14 kishi podshoh bo‘lib o‘ldilar. Ul podshohlarning ismlari
1. Hazrati Muoviya Abu Sufyon o‘g‘li
2. Yazid hazrati Muoviya o‘g‘li
3. Ikkinchi Muoviya Yazid o‘g‘li
4. Marvon Haqam o‘g‘li
5. Abdulmalik Marvon o‘g‘li
6. Valid Abdulmalik o‘g‘li
7. Sulaymon Abdulmalik o‘g‘li
8. Umar Abdulaziz o‘g‘li
9. Ikkinchi Yazid Abdulmalik o‘g‘li
10. Hishom Abdulmalik o‘g‘li
11. Ikkinchi Valid ikkinchi Yazid o‘g‘li
12. Uchinchi Yazid birinchi Valid o‘g‘li
13. Ibrohim birinchi Valid o‘g‘li
14. Ikkinchi Marvon Muhammad o‘g‘li.

Davlati Umaviya podshohlarining eng ulug‘ xizmatlari Islom dinini har tarafga yoymoq va islom mamlakatlarini kengaytirmoq bo‘ldi.

Qayd etilgan


registan  24 Iyul 2008, 10:49:53

DAVLATI ABBOSIYA

 Ikkinchi Marvon zamonida musulmonlar umaviylardan norozi bo‘lib, payg‘ambarimizning amakilari hazrati Abbosning avlodlaridan Abdulloh ismli kishinn podshoh qilib sayladilar. Bundan so‘ngra islom podshohligi umaviylardan abbosiylarga o‘tdi. Bu davlatga - Davlati Abbosiya deyiladur. Abbosiylardan 37 kishi podshoh bo‘lib o‘tgandan so‘ng, islom podshohligi abbosiylardan usmoniylarga o‘tdi.

Qayd etilgan



AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:35:21

Musulmonlik



Muallif: Munavvar qori
Hajmi: 48 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan