Shu bilan har kecha sahar tahajjud namozi vaqtida meni so‘fi o‘yg‘otib olib chiqar edi. Kunduzi Eshonjon bilan darsga borar erdim. Shul tariqa uch oy davom etdi. Keyin menga bu joyda istiqomat qilish qiyin bo‘lu qoldi. Shuning uchunki, Eshonjonning hujrasig‘a mehmonlar ko‘p kelar ekan, menga darslarimg‘a mashg‘ul bo‘lishimg‘a mone’ bo‘lub qoldi. Keyin Hazrati Eshondan ruhsat olib dohmalarig‘a borib, o‘sha yerda istiqomat qildim, agarchi Eshonjonning hujrasida maishatim yaxshi edi. Istiqomat uchun ham hech narsani keragi yo‘q edi. Bovujud shundog‘ bo‘lsada, o‘qushum yaxshi bo‘lmag‘oni uchun, go‘rxonaga ko‘chub ketdim. Emdi sibotimda tahsilg‘a kifoya qiladurg‘on hech narsa yo‘qlig‘i sababidan qiynalib qoldim, lekin Parvordigorg‘a tavakkal qildim, - «Rizqni Xudo beradi» deb istiqomat qila berdim.
Bir kun darsdan kelib turg‘on holimda bir nonvoyning do‘konini oldidan o‘tdim. Nonvoy meni yaaqirib qo‘limg‘a ikki dona non berdi O’sha kuni och edim. Bu odamni dilig‘a Parvarligor fazl karami birla har kuni menga ikkita non berib turushig‘a ilhom qildi. Bu nonvoy aytdiki: - «Siz har kuni mana shu yerdan o‘tub ikkita non oling», dedi. Shu bilan menga sababi rizq paydo bo‘ldi. Tolibi ilmlarda bir qoida bor edi. Dars boshlash oldidan, ha bir kishig‘a soliq solib, pul to‘plab, mudarris domlag‘a dasturxon qilib bormoq odat edi. Sharhi Mullodan marfuotni tamom qilib, Mansubotni boshlash uchun pul kerak bo‘ldi. Meni zimmamg‘a uch so‘m soliq tushdi. Menda pul yo‘q. Bulmasa darsg‘a kelishimg‘a ruxsat yo‘q deb meni majbur qilishdi. Men darsdan chiqib, nihoyatda g‘amgin bo‘lub, ko‘zlarimdan yosh oqib, kambag‘alchilikdan Parvardigorg‘a dilimda nola qilib, hujraga kirib ketib turgan edim, boshim yerg‘a egig‘on holda, nogoh toshni orasida bir narsa ko‘zimg‘a yaltirab ko‘rundi. Olib qarasam, xotunlarni qo‘lidantushg‘on uzuk ekan.