Ibrohim G'ofur. Domla Hindistoniyning boshdan kechirganlari  ( 29068 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  28 Iyul 2008, 14:16:17

Urush ham oxirlarga borib qolg‘on edi. Yoshim kichik bo‘lub tushg‘on paspurtum orqasida meni zavoddan armiyaga oldi. Qozog‘istonning Semipalatinskiy degan shahrig‘a. Armiyalar safida xizmat qildim. Yoz mavsumi korxozlarda erkak odamlar furontig‘a olinib, xotunlar qolg‘on edi. Bug‘doylarni yig‘ishtiradigan erkalar yo‘q. Shuning uchun armiyadan bizni kolxozning ishig‘a yubordi. Yoz mavsumida kolxozda bug‘doy o‘rdik, hayvonlarg‘a xashak jamg‘ardik. Kuz vaqtida ishlar tamom bo‘lg‘ondan so‘ng biz qaytib yana shaharg‘a keldik. Shundan keyin bizning batalonimizni furontg‘a yubordi. Nemislar shul davrda Belorussiyada, Minsk shahri atrofida urush bo‘lub turg‘on edi. Biz mana shu joyg‘a to‘g‘ri poezd bilan keldik. Urush nihoyat darajada qizg‘in bo‘lub turg‘on edi. Kelg‘on barobarda nemisning hujumiga uchradik. O’lg‘onlar o‘ldi, qolg‘onlar yarador bo‘ldi. Man ham qo‘limdan yaralanib gospitalg‘a qaytarildim. Smolinsk shahrig‘a olib kelib yotqizildim. Bir haftadan so‘ng yaradorlarni poezdg‘a yuklab Moskovg‘a olib keldi. Moskovg‘a yaqin Dulyo shahrida gospitalda yotdim. Bir oydan so‘ng yana poezdg‘a solib Novosibirskg‘a olib keldi. U yerda Marinsk degan shaharda gospitalda davoladi. Qo‘limni ikki martaba operasiya qildi. Bu joyda to‘rt oy yotdim. Qo‘lum tuzuk bo‘ldi. Shundan keyin komissiya qilib meni Kemerova shahrig‘a trudovoy lagerg‘a yubordi. Bu joyda besh yuzta qo‘y qo‘limga topshuruldi. Xulosai kalom shulki, bu zavodning qo‘yini ikki yil boqdim.

Qayd etilgan


shoir  28 Iyul 2008, 14:16:35

Qo‘y boqishning ajoyib xosiyatlari bor ekan. Mana shu sababdin ham payg‘ambarlar ham o‘z davrida qo‘y boqg‘on ekanlar. Qo‘y boqg‘on kishi halim bo‘lub, rahimdil bo‘lmoqning ta’sirini bag‘ishlar ekan. Man ham  shu qo‘y boqg‘on holimda yillar qur’onni tashlab qo‘yib, esimdan ko‘tarilib, parishon bo‘lub, shunday holg‘a shumg‘on edim. Lekin bu cho‘ponlik menga Xudoning bir ulug‘ ne’mati bo‘ldi. Qayta boshdan qur’onni takror qilib, yana eski holimg‘a aylanib yod qilib oldim. Erta bilan qo‘yni haydab qarag‘ao‘zorning ichida yurar edim. Og‘zimda kalom ilohiyyani takrorlar edim. Har kun o‘n besh poradan o‘qib ikki kunda bir xatim qilar edim. Menga bu Xudoning marhamati bo‘ldi. Qo‘ylarni na faqat o‘t giyohlar bilan boqar edim, balki oxir manga olib borib arpalarni yedirar edim. Nihoyatda semirib qolg‘on, ikkitadan qo‘zilar tug‘ub ko‘paygan edi. Odatda Rusiya qo‘ylari tuzga nihoyatda o‘ch bo‘ladi. Bular tuzni yaxshi ko‘radi. Man hamisha bularg‘a davlatning bergan tuziga qaramasdan magazindan tuz sotub olib qo‘ylarg‘a berar edim. Meni qo‘ylar orqamdan ergashar edi. Odatda cho‘pon qo‘lida kaltak bilan qo‘yni orqasidan yursa-da, man qo‘yni oldida yurar edim. Qo‘ylar meni orqamdan ergashib yurar edi. Bir kun voqea bo‘ldi. To‘qayni ichida qo‘ylarimni bir salqin joyg‘a yotqizib dam olib turgan edim, bir polkovnik bir iti oldida qo‘lida miltiq, daraxtlar orasidan chiqib qoldi. Qo‘ylar itidan qo‘rqub, hammasi o‘rnidan turub bir tarafg‘a qochishg‘a harakat qildi. U polkovnik bildiki, qo‘ylar itdan qo‘rqushdi. Itni yot dedi. Iti yotdi. O’zi oldimg‘a keldi. Mendan so‘radi: - «Bu qo‘ylar qaysi tashkilotg‘a qaraydi?». Man aytdim: - «363-zavodg‘a qaraydi». Mendan so‘radi: -«Zavod direktorini taniysanmi?». Man aytdim: - «Yo‘q». Aytdi: - «Man zovodning direktori bo‘laman», dedi. — «qo‘ylarni qanday qilib ko‘rsam bo‘ladi?».

Qayd etilgan


shoir  28 Iyul 2008, 14:16:42

Man aytdim: - «qo‘ylarni chaqirsam keladi». Siz  men bilan turung, keyin ko‘rasiz, bu qo‘ylar menin qo‘limdan tuz yeb o‘rgangan. Cho‘ntagimdan bir yumaloq tuz olib, qo‘ylarg‘a ko‘limni ko‘tarib chaqirdim. Qo‘ylar hammasi mening atrafomni o‘rab oldi. Direktor qo‘ylarni dumbasini tekshirib ko‘rdi, qo‘ylar hammasi semiz, qo‘zilar ham sog‘lom. — «qo‘yingiz nechta?» dedi. Man aytdim: - «Menga topshirgan vaqtda 500 edi. Hozir 700ga bordi». Yon daftarig‘a yozib oldi va aytdi: -«Man sizni chaqirtiraman, borasiz». Shu vaqtdan 15 kun o‘tgandan so‘ng brigadamiz kelib aytdi: -«Seni zavodga chaqirtirayapti». Bizni bu turgan joyimizdan shahar 40 kilometr kelib, otdel kadrg‘a uchradim. Ul menga aytdiki: - «Kechqurun klubda majlis bo‘ladi, shu majlisg‘a kirasan?». Kechqurun klubg‘a kirdim.  Majlisg‘a hamma yig‘ildi. Qarasam yuqori sahnada zavodning kattalari o‘tirubtilar, polkovnikni ham shularning ichida ko‘rdim. Zavodda yaxshi ishlaganlarni nomi bilan chaqirdi. Shul qatorda meni ham chaqirdi, bordim, sahnaga chiqdi. Polkovnik majlis ahliga aytdi: - «Bu odamg‘a qaranglar, o‘zi o‘zbek ekan. Armiyadan qaytib bizni ixtiyorimizda edi. Biz muni zavodning qo‘ylarini boqishga qo‘ydik. Qo‘ylarni yaxshi tarbiyalagan, hamma qo‘ylar semiz, sog‘lom, sakkiz yuzga ko‘paygan. Qo‘ylarni chaqirsa, itoat qilib oldig‘a yugurib keladi. Mundaqa cho‘ponni ko‘rganim yo‘q edi. Munga zavod tarafidan mukofot berish kerak ekan». Shu bilan menga yaxshi palto, yomg‘urda kiyadigan fosh, 50 so‘m pul bilan rahmatnoma  mukofot berdi. Man aytdim, bu orada menga oylikni ham ziyod qilib berdi. Bir kun bir voqea ro‘y berdi. Odatda tush vaqtida qo‘ylarni dam oldirar edim. Qo‘ylar ham yotar edi, men ham bir chekkada o‘xlar edim. Qattiq o‘xlab qolib bilmayman, qo‘ylar o‘rnidan turub to‘qayg‘a kirib ketibdi. O’rnimdan turib har qadar axtardim, topmadim. Brigadirga ta’yinladim. Brigadir sigir boqar uchovimiz uch kun qaradik, qo‘y yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  28 Iyul 2008, 14:16:51

To‘qaylarni qidirmagan joyimiz qolmadi. Brigadir nihoyat darajada parishon bo‘ldi, zavodg‘a xabar qilishni bilmadik. Ko‘chadan shahar tomong‘a o‘tg‘on odamdan so‘rar edik. Bir urus xotun shaharg‘a jo‘nayotib xabar berdiki: - «Bu joydin 3 kilometr uzoqliqda bir kolxozda» dedi. Ul kolxozda 300 mol bor edi. Uning cho‘poni aytdiki: - «Bir to‘da qo‘ylar qo‘shildi. Man uch kundan beri haydayman, egasi chiqmadi». Brigadirimiz parishon bo‘ldi: - «Ul ko‘p qo‘ylardin qanday qilib ajratib olmaiz?». Man aytdim: - «Man ajratib olaman, san parishon bo‘lma?». Erta bilan turub u kolxozga borub cho‘ponning uyini toptim. Cho‘pong‘a aytdim voqeani. Ul cho‘pon bir qari urus ekan, manga aytdi: - «Endi qanday qilib ajratasan mening qo‘yimdan, mening qo‘yimni qo‘log‘ida nishonasi bor. Bitta-bitta tekshirish kerak», dedi. Men aytdim: - «qo‘ylarni qo‘yxonadan xaydab chiqgin, man o‘zum ajratib olaman». U aytdi: - «O’zing qanday ajratasan?». Man aytdim: - «Chaqirsam keladi».

Hayron bo‘ldi. Cho‘pon hamma qo‘ylarni maydong‘a haydab chiqdi. Man byuir baland yerda turub, qo‘limni ko‘tarib chaqirdim: - «Ma, Ma» deb. Bir katta ona qo‘y bor edi. U yugurganicha keldi. Uni kurub boshqa qo‘ylar ham yugurub kelib mening atrofimda to‘plandi. U cho‘pon hayron bo‘lib aytdi: - «Man o‘n yildan beri cho‘ponlik qilaman, sendaqa cho‘ponni ko‘rganim yo‘q». Man qo‘ylarni oldig‘a tushdum, qo‘ylar orqamdan ergashib chiqdi, hammasi chiqdi. Ertasig‘a brigadir bilan qo‘yxonaning eshigini ochib bitta-bitta sanab chiqdik, birontasi ham qolg‘oni yo‘q. Brigadir aytdi: - «Seni bu qilg‘on ishingga yana mukofot berish kerak».

Qayd etilgan


shoir  28 Iyul 2008, 14:17:10

Zavod tarafidan bizlarga yer bermoqchi bo‘ldi kartoshka uchun. menga ham bir ozg‘ina yerni haydatib, bir qop kartoshka berdi. Kartoshka ekdik. Har kun ishdan bo‘shagan vaqtda kartoshkani chopib, yaxshi mehnat qilar edim. Boshqalarning kartoshkasidan mening kartoshkam ikki barobar hosilli bo‘ldi. Bir qopdan yigirma qop kartoshka oldim. Shu bilan tirikligimiz sut, kartoshka. Zavodni 80 sigiri bor. Har kun bir kosa sut beradi. Sutg‘a kartoshkani qaynatib ichib, shu bilan yurdik. Xullas,uch yil shu joyda ishladim. Keyin urush tamom bo‘lib, 46 — yil hammag‘a ruxsat bo‘ldi. Men ham qo‘qond shahrig‘a qaytib keldim. Keyin qaytib yog‘ zavodda ishladim. 47-yili Dushanbag‘a sayohat qilib kelg‘on edim, bu orada masjidlar ochilib, ruxsat bo‘lg‘on ekan. Dushanbada din nazoroti: - «Ko‘chub keling, biz sizg‘a o‘xshash odamlarg‘a muntazirmiz», dedi. Ramazonda kelg‘on edim. Xatmlarg‘a hammasig‘a ishtirok etdim. Meni nazorat diniya tarafidan mozori Mavlono Ya’qub Charxiyga mutavalli qilib qo‘ydilar. Men mutaraddud bo‘lub bu yerda turush qasdida kelg‘onim yo‘q edi. Bola-chaqalarim qo‘qondda qolg‘on, hayron bo‘lub tashvish tortmaslik fikrida istiora qildim. Xavfimda bir mo‘ysafid bizdek kishi bir oq otni olib kelib menga mindirdilar. Bu yerta bilan bu xavfimdan qanoatlanib, Hazrati Buzrukvorning bashoratlaridan xursand bo‘lub turmoqqa qaror qildim. Bola-chaqalarni ko‘churub olib kelishg‘a qaror qildim. Shu bilan hozirgi o‘tirgan hovlimni sotib oldim. Mozorda bir yil turganimdan so‘ng meni nazorat diniya shaharg‘a olib kelib Hoji Ya’qub masjidiga imom xatib muqarrar qildi. Bu masjidda ham ikki yil imom bo‘lub turdum. Bu yerda ham menga dushmanlar pyjo bo‘lub, noto‘g‘ri tuhmatlar bilan meni yana qamatdilar.

Qayd etilgan


shoir  28 Iyul 2008, 14:17:21

Sudda guvohlik berib meni haqimga davlatga yudushman deb guvohlik berdilar. Shu bilan og‘ir suruk berib meni qamadilar. Qozog‘istonga itob qildilar. Ul joyda lagerda ishlab turub Moskvag‘a ariza berdim. Arizada «Men hech jinoyat qilg‘onim yo‘q. Men noto‘g‘ri sud bo‘ldum» deb yozdim. Meni moskvadan komissiya kelib tekshirdi. Tekshiruvdan keyin meni ofoshladi. To‘rt yilu olti oy qamoqda turdum. Shundan keyin ozod bo‘lub Dushanbaga keldim. Meni noto‘g‘ri sud qilg‘onlar ishdagn olinib, men haqiqiy begunohligim shitob bo‘ldi. Keyin akademiyag‘a meni ishga oldi. Ikki yil akademiyada arabiy kitoblarni forsy tilig‘a tarjima qilish vazifasida ishladim. Keyin ko‘zlarim operasiya bo‘lub kitobga yaramaydi deb do‘xturlar spravka berdi. Meni mabus bo‘lg‘onimdan keyin kitoblarim musodara bo‘lub furontdan olg‘on dokumentlarim kitoblarning ichida yo‘q bo‘lub ketdi. Davlat furontg‘a borg‘onlarni qadrlab ularg‘a ko‘p imtiyozlar bergani sababidan men ham harakat qilib balnisaning bergan dokumentini kopiyasini oldirib keldim. Xulosai kalom shulki, hozir Ikkinchi gruppa invalidi bo‘lub, 97 so‘m pensiya muqarrar bo‘lub o‘z joyimda rohat bilan yashamoqdaman.

Qayd etilgan


shoir  28 Iyul 2008, 14:17:52

Nashrga tayyorlovchidan:

Ushbu risolani yozishda foydalangan magnit tasmasi va qo‘lyozmani Muhammad Sharif qHindistoniy) domlaning o‘g‘ullari Ubaydullo Muhammadjon o‘g‘li o‘z qo‘llari bilan menga olib kelibberdilar.
Shu bilan hali risola tugagani yo‘q, davomi bor.

Nashrg‘a tayyorlovchi:
MULLA KAMOL O’G’LI SARIMSOQJON,
Tibbiyot fanlari nomzodi

Qayd etilgan


shoir  28 Iyul 2008, 14:18:09

LUG’AT

Ilmi sarf — So‘z turlari.
Ilmu nahv — Gap turlari.
Sharhi Mullo yoki Sharhi Jomi’ — Abdurahmon Jomiyning Jomi’ kitoblarini Sarf va Nahv bo‘yicha kengaytirilishi.
Mansubot — Ism va fe’llarning nasf o‘rinlari. Nasf ya’ni ism va fe’lningoxiri qa) o‘qilishi.
E’loliya — So‘zlarni turlashlikto‘g‘risidagi fan.
Marohil Arvoh — Sarf ilmiga oid kitobning nomi.
Mo‘zi — Kitobning nomi qgrammatikaga oid).
Zanjoni - Kitobning nomi qgrammatikaga oid).
Avomil — kitobning nomi qIsm va fe’lning holatlarinitekshiruvchi yuz omil).
Mezonul Mantiq - Mantiq ilmiga oid kitobning nomi.
Mirqotil Mezonil Mantiq - Mantiq ilmiga olib chiquvchi kitobning nomi.
Sharhi badiyi Mezon — Badiiy mezon kitobining sharhi qkengaytirilgani).
Tahzib — Kitobning nomi qMa’nosi: poklash).
Shamsiya — Mantiq ilmiga oid kitobning nomi.
qutbiya — Kitob nomi.
Sullam — Mantiq ilmiga oid kitobning nomi.
Farzi ayn — Har bir kishiga yuklangan Farz amallar bayoni qKitob).
Fiqih maydoni — Farz ilmiga oid kitob.
Muxtasar — Fiqih ilmiga oid kitobning nomi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Iyul 2008, 08:15:24

Tolibi ilmlar va muxlislarga nasihatlar.mp3 (13,6 Mb)

Domla Hindistoniyning boshdan kechirganlari



Muallif: Domla Hindistoniy
Hajmi: 80 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan