Imom G'azzoliy. Kimyoi saodat (Ruh haqiqati)  ( 350803 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 48 B


Robiya  05 Avgust 2008, 16:15:20

   Va ruh odam vujudining aslidurkim, hamma qolip va badan aning tobeidur. Bas, nechuk ruh bu nav’ bo‘lg‘usidur? Va ul toifakim, aytibdurlar ruh jismdur (deb), g‘alat qilibdurlarkim, jism-qismatni qabul qilg‘usidur, ruh-qismatni qabul qilmas, (ya’ni, yo‘qolmaydi).

   Ammo ul nimarsaki, ani ruh atarlar va qismatini ham qabul qilur, va lekin ul nimarsa hayvonot ruhidur. Ammo asl ruhkim, bizlar ham ani ruh atarmiz, Xudoi azza va jallaning ma’rifati mahalli (o‘rni)dur. Hayvonotda bu ruh yo‘qdur.

   Bu latif ruh va jismdur va na araz, balki javhardur. Farishtalar (shu) javhar jinsidandur. Va bu latif ruh haqiqatini tanimoq va ani sharh qilmoqg‘a hojat yo‘qdurkim, din oyini - yo‘lining avvali riyozatdur. Vaqtiki, solik riyozatni shartlari birla bajo keltursa, anda ma’rifat hosil bo‘lg‘usidir. Birovdan o‘rganmoqg‘a hojat bo‘lmas.
Ma’rifat hidoyatning avvali jumlasidandurkim, Haq subhonahu va taolo aytibdur:

Vashazina jahadu fiyno lan ahdiy annahum subulano.
Bizning yo‘limizda jihod qilganlarni albatta hidoyat qilurmiz. (Ankabut, 69).


   Va kishikim, mujohadani tamom qilmabdur, ya’ni riyozatni kamoliga yetkurmabdur, ul kishiga ruh haqiqatini bayon qilmoq ravo emasdur. Ammo mujohada tariqin bilmagidin ilgari podshoh - dilning lashkarlarini tanimog‘i lozimdurki, vaqtiki kishining lashkari bo‘lmasa, jihodning qudrati yetmas.

Qayd etilgan


Robiya  05 Avgust 2008, 16:17:43

FASL
Besh hissiyot

   Bilginki, badan podshoh Dilning mamlakatidur. Ushbu mamlakatda podshoh-dilning turluk anvo’i lashkarlari bordur:

Va mo ya’lamu junuda rabbika illa huva va mo hia illo zikro lil-bashari. (Muddassir, 31).

Oyatning tafsiri: parvardigorning lashkarlarini o‘zidin o‘zga kishi bilmas va ul jahannam haqidagi xabar) insonlar uchun bir eslatmadir.

   Bas, (Alloh) dilni xalq qilibdur (yaratibdur) oxirat uchun va dilning ishi - abadiy saodat talab qilmoqlikdur. Va aning saodati - Haq taoloni tanimoqlig‘, uning yaratish qudratini va yaratgan narsalarini bilmak birla hosil bo‘lg‘usidur. Bu masnu’oti olam (yaralmishlar) jumlasidandur.

   Alloh taolo insonlarga beshta hissiyot berdiki, odamlar bundin foydalansinlar deb.

   Bu besh hissiyotning qarorgohi zohir badandur. Hazrati Haq subhona va taoloning ma’rifati dilning sayyodidur. Va dil besh hissiyotning domi-tuzog‘idir va zohiri badan bu domni ko‘targuchi ulovdur. Bas, dilning zohir badanga ushbu jihatdin hojati bordur.

   Zohir badan murakkabdur-suvdin va tufroqdin, harorat va rutubatdin. Badanning zaifligi, ajzolari muxtalif (bir-biriga zid) bo‘lg‘on jihatdindur. Va badanning botini, ya’ni, ichi tarafidin xatari halokdadur - ochlik va tashnalik sababidin. Va zohiriy tarafdin (ham) xatari halokdadur: Obu otash sababi, o‘g‘ri va dushmanlar qasdi va mundin o‘zga sabablardin. Bas, badanni tashnalik sababidin taom va ichimlikka hojati bordur.

Qayd etilgan


Robiya  05 Avgust 2008, 16:20:16

   Badanning yemak va ichmak jihatidin ikki lashkarga hojati bordur. Bu ikki qism lashkardin bir qismi zohiriydur. Chunonchi: qo‘l, oyoq, og‘iz, ko‘z, me’da. Yana bir qism-lashkari maxfiydur. Chunonchi, taom va sharobning xohishi (ishtaha) lashkaridur. Va badanni zohiriy dushmanlardin daf’ qilmoq uchun ikki qism lashkarga hojati bordurki, zohiriydur. Chunonchi, qo‘l va oyoq, yana libos kiymaklik. Yana bir qism - lashkari botiniydurkim, chunonchi shahvat va g‘azab.

   Mumkin ermasdurkim, taomni ko‘rmay talab qilmoq, dushmanni ko‘rmay daf’ qilmoq. Bas, dil idrokotga hojati bordur; bu idrokning ba’zisi zohiriydurkim, ul besh sezgi - his-havasdur. Chunonchi, ko‘z, quloq, burun va quvvati zoiqa, ya’ni bir nimarsani totib bilmak. Va quvvati lomisa, ya’ni, silab bilmoqlik.

   Bu idrokotning ba’zisi botiniyki, bu ham beshtadur. Chunonchi: 1. Xayol. 2. Tafakkur. 3. Hifz (Xotira). 4. Tazkir (yodlash). 5. Va quvvati tavahhum (dushmandan ehtiyot). Va bu havosning qarorgohi dimog‘dur.

Qayd etilgan


Robiya  05 Avgust 2008, 16:21:59

  Ushbu hislardin har birining xos qilur amallari bordur. Agar shu his - sezgilardan biriga xalal yetsa, odamlarning qiladigan amallariga xalal yetqusidur.

  Va bu lashkarlarning hammasi zohir va botinda podshoq dilning farmonidadurlar. Va Dil bular uzra amir va podshohdur.

   Vaqtiki, dil tilga farmon bersa, darhol so‘zga kelur. Agar qo‘lga farmon qilsa, bir nimarsani tutar. Vaqtiki, oyoqqa farmon qilsa, harakatga kelur. Agar ko‘zga farmon qilsa, ko‘rar. Agar quvvati tafakkurga farmon qilsa, fikr - andishaga mashg‘ul bo‘lur. Bas, bu lashkarlarning hammasini podshoh dil lashkar madadi birla badan mamlakatin dushmanlar hujumidan saqlab, oxirat safari yo‘l ozig‘in tayyor aylab, o‘zining sayyidi, ya’ni Haq taoloning ma’rifatin hosil qilib va oxirat tijoratin oxiriga yetkurub, saodat urug‘ini sochg‘ay. Va bu lashkar podshoh dilning itoatida bo‘lmog‘i farishtalarning Haq taolo itoatida bo‘lg‘oniga o‘xshashdurkim, hech amrda xilof qilmaslar. Balki o‘z xohish va rag‘batlari birla farmonbardordurlar.

Qayd etilgan


Robiya  05 Avgust 2008, 16:25:24

FASL
Dil tobe’larining bayonida

   Dil lashkarini tafsili birla bayon qilmoqlik uzoqg‘a tortqusidur. Va onchakim maqsuddur, tamsili birla senga bildurg‘aymen. Bilg‘ilki, taning misoli shaharga o‘xshashdir. Qo‘l va oyoq va o‘zga a’zolar bu shaharning hunarmandlarig‘a o‘xshashdur. Va shahvat bu shahar xalqidin boj, xiroj olmoqg‘a mutasaddidur. Va g‘azab bu shaharning tungi podshohidur.

   Dil - bu shaharning podshohi. Aql bu shahar podshohining vaziridur. Bu podshohning mazkur bo‘lg‘anlarga hojati bordur. Mamlakat ishi bular bilan saranjom bo‘lg‘ay.
Va lekin shahvatkim, omili xirojdur (ya’ni, soliq yig‘adigan mansabdor shaxs), yolg‘onchi va badkirdor va haqni botilga alishtirg‘uchidur. Va har ra’yi savobiykim, vazir Aql aytur, shahvat aning muxolifatida ish qilmoqni xohish qilur. Va hamisha xohishi uldurki, har mol-amvol, boyliklarki, badan mamlakatida bordur, xiroj bahonasi birla nohaq olg‘ay. Va g‘azabkim, bu shaharning tungi podshohidur, qattig‘ va tundxo‘y va nohaq ishlarg‘a dalerdur (ya’ni qo‘rqmaydigan). Hamisha o‘ldirmoq va sindurmoq va nohaq qon to‘kmoqni do‘st tutar. Chunonchi, bir shaharning podshohi hamma mashvaratni vaziri birla qilsa, va omil va o‘g‘rilarga jazo bersa, va har so‘zkim, vazirning xilofida aytadur, podshoh anga quloq solmasa, tun podshohin anga musallam qilsa (bo‘ysundirsa), toki omilni badkirdorlig‘idin man’ qilsa, va podshoh shabni ham vazirni farmonida shikastlik birla tutsa, toki o‘z haddidan tashqari qadam qo‘ymasa. Vaqtiki, podshoh bu tariqa birla mamlakatdorlik qilsa, har sohada mamlakat ishi nizomida bo‘lg‘usidur. Bunga o‘xshash vaqtiki podshoq Dil vazir - Aqlning maslahati birla ish qilsa, shahvat va g‘azabni vazir Aqlning‘ zerdasti va farmonida qilsa, badan , mamlakati aning nizomida bo‘lg‘usidur. Va saodat yo‘lini topib, Haq taoloning ma’rifatin hosil qilg‘usidur. Va agar Dil vazir Aqlni shahvat va g‘azab ilgida asir qilsa, badan mamlakati vayron bo‘lib, podshoh Dil ham asir bo‘lib, badbaxt va halok bo‘lg‘usidur. Na’uzu billohi min zolika (Bunday ahvoldan Xudo asrasin).

Qayd etilgan


Robiya  05 Avgust 2008, 16:27:43

FASL
Havos hissiyotlar bayonida

   Vaqtiki, mazkur bo‘lgan so‘zlardin bildingkim, g‘azab va shahvatni yemak va ichmak va badanni saqlamoq uchun xalq qilibdur. Bas, g‘azab va shahvat badanning xizmatkoridurlar. Taom va suv badanning rizqidur.

   Va badanni besh hissiyotni ko‘tarmoq uchun yaratibdur. Bas, badan hislarning xizmatkoridur. Va havosni vazir Aqlga xizmatda bo‘lmoq uchun xalq qilibdur. Toki Aql hissiyotlar vositasi birla Haq taoloning ajoyib-g‘aroyib qudratlarini bilg‘ay. Havos aqlning xizmatkoridur. Va aqlni Dil uchun xalq qilibdurlarkim, aql dilning shamchirog‘idur. Toki dil ul sham’ nuri birla hazrati parvardigori olam jamolini mushohada qilg‘aykim, ul jamoli bokamol podshoh Dilning bihishtidur. Bas, aql dilning xizmatkoridur.

   Va dilni hazrati Haq subhonahu va taoloning jamoli bokamolin mushohada qilmoq uchun xalq qilibdur. Vaqtiki, dil ul jamoli bokamol nazzorasiga mashg‘ul bo‘lsa, Haq taoloning xizmatkori va bandasi ekanligiga shoyista bo‘lg‘onidur. Chunonchi Haq taolo aytibdur:

Va mo xalaqtu-l-jinna va-l-insa illa li-ya’buduni.

Oyatning tafsiri: Men jinlar, parilar va odamlarni menga ibodat qilmoq uchun xalq qildim. (Va-z-Zoriyot, 56).

   Va bu mamlakat va lashkarni Dilga topshiribdurlar. Va badan markabini anga beribdur. Toki bu markab va lashkarlar madadi birla inson olami xokiydan a’loi uliyyinga safar qilg‘ay.

Qayd etilgan


Robiya  05 Avgust 2008, 16:31:43

   Va agar bu ne’mati haqni ado qilmoq va bandalik shartini bajo keltirmoq xohish qilsa bo‘lg‘ayki, Dil podshohvor mamlakat boshida o‘ltirg‘ay. Haq taolo jamolini qiblai maqsad qilg‘ay. Va oxiratni vatan qarorgohi va badanni markabi roh va dunyoni langar o‘rnida bilg‘ay. Va aqlni vazir; qo‘l, oyoq va o‘zga a’zoni xizmatkor va shahvatni aqlning poymoli qilg‘ay. Va g‘azabni, tun podshohi va havaslarni xizmatga shaylab, bulardin har birini bir ishga muakkil qilg‘ay.

   Va quvvati xayolki, dimog‘ning avval tabaqasidandur, ani xazinador qilg‘ay. Toki xabarlar ruq’alarini (xatlarni) xayol sohibi tadbir qilib, o‘z vaqtida voqif bo‘lib, royi savob birla mamlakat ishini saranjom aylab, podshoh Dilning safari asbobini muhayyo qilg‘ay.

   Vaqtiki, bu lashkarlardin biri, chunonchi shahvat va g‘azab va bundin o‘zgasi ham podshoh Dilga tog‘iy va yog‘iy (isyonkor va dushman) bo‘lib podshoh Dilga itoatdan yuz o‘girib, rohzanlik (qaroqchilik) qasdini qilsa, vazir Aqlga lozimdurki, bularni tadbirin aylab, jihod va g‘azotga mashg‘ul bo‘lg‘ay, bularni salohga kelturgay. Va o‘ldirmag‘aykim, bularsiz mamlakat ishi rost kelmas. Balki tadbir qilg‘ayki, bularni toat va ibodat martabasiga yetkuzgay, toki ul safarki, oldinda bordir, podshoh Dilg‘a yor va o‘rtoq bo‘lg‘aylar, na hasm va rohzan (dushman va qaroqchi) bo‘lmas.

   Vaqtiki, bu tariqada bo‘lsa, nekbaxt va saodatmandlik nishonasi va ne’mat haqqin ado qilg‘onidur. Va bu xizmatlar mukofotini o‘z vaqtida topqusidur. Agar bu mazkur bo‘lgan tariqaning xilofida bo‘lub, ul tog‘iy va yog‘iy bo‘lg‘on dushman va rohzanlar muvofaqatda bo‘lsa, kofiri ne’mat bo‘lib, shakiy va badbaxt bo‘lg‘usidur. Va aning jazo va uqubatlarini ko‘rgay. Vallohu a’lam.

Qayd etilgan


Robiya  07 Avgust 2008, 15:17:45

FASL
Dil hissiyotlarining sifatlari bayonida

   Bilg‘ilki, dil olamiga odam vujudi shahridagi lashkarning har birini aloqa va munosabatlari bordurkim, podshoh Dilga bu sifatlarning har biridin bir nav’ sifat va xo‘y paydo bo‘lg‘usidir. Va bu fe’llardin ba’zisi yomon sifatlardurkim, podshoh Dilni halok qilguvchidir. Va ba’zisi yaxshi sifatlardurkim, alar birla saodati abadiy topg‘usidur. Va bu xulqlar agarchandki bisyordur, ammo to‘rt qismga jam’ qilibdurlar: axloqi baxoyim, ya’ni to‘rt oyoqli hayvonlar sifatidur. Va axloqi saba’, ya’ni darrandalar sifatidur. Va axloqi shayotin, ya’ni dev, shaytonlar sifatidur. Va axloqi maloika, ya’ni farishtalar sifatidur.

   Chunonchi, odam badanida shahvatni xalq qilibdurki, aning xohishi to‘rt oyoqli hayvonlar ishini qilmoqdur. Andoqkim: ozor yetkurmak, yemak, jimo’ qilmak. Va ushbu badanda g‘azabni yaratibdurkim, aning xohishi it va bo‘ri va sherlar ishini qilmoqdur. Chunonchi, g‘azab ishi urmoq va o‘ldirmoq va xalqg‘a qo‘l va til birla ozor yetkurmak. Va hasadni yaratibdurki, aning xohishi devlar ishini qilmoqdur. Chunonchi, makr va hiyla qilmokdur. Barhaq ishni yopmoqdur. Va xalq orasida fitna va janjal qilmoq.

   Va odam vujudida aqlni paydo qilibdurki, aning xohishi farishtalar ishini qilmoq. Chunonchi, ilm va ulamolarni do‘st tutmoq va yomon ishlarni qilmaslik va xalq orasida saloh va muvofaqat izlamoq, haris va zabun ishlardin o‘zini to‘xtatmoq va yaxshi ishlarni bilganidan shodlanmoq. Johillik va nodonlikdin or va nomus qilmoqdur.

Qayd etilgan


Robiya  07 Avgust 2008, 15:19:05

   Haqiqatda odam badanida go‘yo to‘rt nimarsa bordur. Itlik, to‘ng‘izlik, devlik va farishtalik. Jumladan: itni xalq orasida mazlum - yomonlig‘i - qo‘l va oyoq va po‘st va zohir suratidagi jihatidin emasdur. Balki botinidagi yomon sifatlari jihatidindurki, xalqg‘a ozor yetkurmak, palid va najas narsalarni do‘st tutmog‘i jihatidindur. To‘ng‘iz ham zohiriy surati jihatidin yomon emasdur. Balki botinidagi najaslik va palid nimarsalarga xarislik jiqatidindur.

   Bas, ruhning haqiqatini va badan ichidagi sak va to‘ng‘uzlik ma’nisini anglading. Shaytonlik va farishtalik ma’nolarini ham munga qiyos qilgungdur. Odamga farmon qilibdurkim, aqlning nuriki, farishtalar nuri asaridandur, ul nur birla shaytonning makr-talbislarini kashf qilg‘ay. Toki shayton makr va fitna qilmoqg‘a yo‘l topmay, rasvo bo‘lg‘ay. Chunonchi, hazrati rasuli akram sallallohu alayhi vasallam aytibdurlarki: «Har odamning bir shaytoni bordur. Va mening ham shaytonim bordur. Va lekin Xudoi taolo meni ul shaytong‘a g‘olib qilibdur. Shayton mening qahr va g‘azabim ilkida asirdurki, manga hech osib va zarar yetkura olmas». Sababi - dil aqldir.

   Va odamga farmon qilibdurlarki, xaris va shahvat to‘ng‘izi va g‘azab itini adab birla tutub, aqlning zerdastida qilg‘ay, to aqlning farmonidin tashqari qadam qo‘ymag‘aylar. Agar bu tariqa bo‘lsa, yaxshi sifatlar hosil bo‘lib, saodat tuxmin qo‘lg‘a kelturgusidir. Agar bu tariqaning xilofida bo‘lub, shahvat va g‘azab oldida xizmat kamarin bog‘lasa, axloqi zamima - yomon xulqlar paydo bo‘lib, shahovat (gunoh ishlar) tuxmini hosil qilg‘usidirlar. Agar o‘z holini uyquda yo bedorlikda misoli birla mushohada qilsa, to‘ng‘uzni va yo sakni va yo shaytonni oldida qo‘lini bog‘liq ko‘rgusidir.

Qayd etilgan


Robiya  07 Avgust 2008, 15:20:29

   Kishikim, bir musulmonni kofirning qo‘lida asir ko‘rsa, ma’lumdur, ul musulmonning holi nechuk kechgusidur? Bas, kishiki, farishtani sakning va to‘ng‘uzning va devning qo‘lida asir ko‘rsa, andin foje’roqdurki, aning holi na bo‘lg‘usidur?

   Olam xalqi agar insof qilsalar va qilg‘on amallarini hisob qilsalar, kecha va kunduz nafslari havosida xizmat kamarini bog‘labdurlar, bularning holi darhaqiqat ushbudurkim, agarchandiki suratlari odamga o‘xshar, fardoyi qiyomatkim, ma’nolar oshkora bo‘lg‘usidur, va surati ma’no rangi birla ko‘ringusidur.

   To ul kishigakim, shahvat va hirs g‘olibdur, qiyomat kuni xalqning ko‘ziga to‘ng‘iz suratida ko‘ringay. Ul kishikim, anga g‘azab g‘olib bo‘lsa, qiyomat kuni it yo bo‘ri suratida ko‘ringay. Ushbu jihatidindurki, agar kishi tushida sakni, bo‘rini ko‘rsa, ta’biri ulki, zolimga muloqot bo‘lg‘ay. Agar to‘ng‘izni tushida ko‘rsa ta’biri ulki, palid va nopok kishini ko‘rgusidir.

   Ani uchunkim uyqu o‘limning tengi va birodaridur. Inson ruhi uyqu sababidin bu olamdin balandroq bo‘lur.

   Surat ma’noga tobe’dur. Va har kishi botiniy holig‘a muvofiq ko‘ringusidur. Va bu ma’nolarning sharhi bisyordurkim, hammasini bu kitobda kelturmakka sig‘mas.


Qayd etilgan