Imom G'azzoliy. Kimyoi saodat (Ruh haqiqati)  ( 350764 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 48 B


Robiya  21 Avgust 2008, 15:32:47

                                                     FASL
                                  Hammomga kirmak kayfiyati bayonida


   Avrati yalang‘och hammomga kirguvchilarni man’ qilmoq vojibdur. Kishikim, bularni bajo kelturmasa hammomdan gunohkor. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilibdurlarki, u kishi hammomga kirsalar, yuzlarini devorga qilib, ko‘zlariga parda tortib o‘tirar edilar.

   Va xotinlarga ham ushbu mazkur vojibdur. Xotinlarning umumiy hammomiga kirishi yaxshi emas. Agar uzri kuchli bo‘lsa joizdur. Ammo sunnat uldurkim, namoz uchun pok bo‘lmakni niyat qilg‘ay va xalqning nazarig‘a xo‘b ko‘rinmoqni niyat qilmagay va hammom haqini hammomga kirmasdan avval bergay. Va hammomga chap oyog‘i birla kirgay, bu duoni o‘qugay: Bismillohir rohmanir rohiym. A’uzu billohi minar rijil xabiysil muhabbasi. Mazmuni: «Alloh taoloni nomini zikr qilib, iflosliklardan va tamomi palid, razil, noxushliklardan sening o‘zingdan panoh tilayman» deb, mazkur duoni o‘qib, chap oyog‘ bilan hammomga kirgay.

   Aslida hammom shaytonning makonidur. Hammom holi vaqtida kirgay. Va hammomning issig‘ xonasiga keyinroq kirgay. Va suvni ko‘p isrof qilmagay. Va hammomda kishiga salom qilmagay. Va agar kishi salom qilsa, afvakalloh degay (Alloh kechirsin) va qo‘l berib ko‘rishishda zarar yo‘qtur. Agar qur’on o‘qisa, ohista o‘qigay. Ovoz birla a’uzu billohi minash shaytonir rajiym demak joizdur.

   Oftob botgan vaqtda, namozi shom va namozi xuftanning orasida hammomga kirmag‘aykim, bu vaqtlarda shaytonning ifrodalari yakka-yakka olam yuzig‘a tarqaydurg‘on vaqtdur. Hammomning sarobli issig‘ uyig‘a kirsa do‘zaxni yodig‘a kelturgayki, do‘zax zindonida holi nechuk kechkusidur. Balki oqil uldurki, hammomning ichidagi har nimarsani oxiratdin namuna bilg‘ay. Chunonchi, hammomning‘ qorong‘uligini yodig‘a kelturgay.

   Agar ilon ko‘rsa do‘zaxning ilonlaring tasavvur qilg‘ay. Va agar xunuk surat ko‘rsa «Munkar, Nakir» suratlarini mulohaza qilg‘ay. Agar qattig‘ ovoz eshitsa nafxai sur (Isroil nomli farishta qiyomat kuni karnay chalganda hamma murdalar tirilar ekan) yodig‘a kelturg‘ay. Va agar xalqdin rad va qabul anglasa, savol-javob vaqtidagi rad va qabulni mushohada qilg‘ay.

   Bas, shar’i sunnatlar ushbudur. Ammo tib kitoblarida aytibdurlar, har oyda bir marotaba kirib qatiq iste’mol qilsa, bisyor manfaatlikdur. Vaqtiki hammomdan chiqsa, ayog‘ini iliq suvda yuvg‘ayki, niqris (barmog‘lari, bo‘g‘inlari qattig‘ og‘riydigan bod) kasalidan emin bo‘lur va boshi og‘rimas. Va boshig‘a sovuq suv quymag‘ay. Va bahor faslida hammomga kirsa, hammoamdan chiqib uxlamag‘ay. Va hammomdan chiqqanda sharbat ichgay.

Qayd etilgan


Robiya  21 Avgust 2008, 15:34:17

                                                        FASL
                                  Turli a’zolarning tahorati bayonida


   Uchinchi qism tahorat - odam badanini makruh nimarsalardan pok qilmoqdur. Bu yetti qismdur: Avvalg‘i qism - boshning sochini olish yaxshiroq va poklikg‘a yaqinroqdur. Magar riyozat uchun qo‘ymog‘i joizdur. Ammo ba’zan oldirib, ba’zan yoyib qo‘yish, ba’zi xalqning odatidur, makruhdurkim, nahiy voqe’ bo‘libdur. Ikkinchi-burutni (mo‘ylabni) lab birla barobar olmoq sunnatdur.

   Olmagan gunohdur. Bas, haftada bir navbat oldirgay. Uchinchi, qo‘ltiq tukini qirq kunda bir marotaba olmoq sunnatdurki, odat qilsa osondur. Agar odat bo‘lmag‘on bo‘lsa ustara birla olmoq yaxshiroqdur. Toki o‘zig‘a azob qilmag‘ay.

   To‘rtinchi, mo‘yi avratkim, ohak surtib va yo ustara bilan tushurmak sunnatdurkim, qirq kundin kechiktirmagay.

  Beshinchi, tirnoq olmoq sunnatdurki, orasiga kir to‘lmag‘ay. Agar kir bo‘lsa, tahoratni botil qilmas. Charoki hazrati rasuli akram s.a.v. bir guruhning tirnog‘ining orasiga kir to‘lg‘onini ko‘rub, tirnog‘ini olmakka farmon qildilar. Namozning qazosini o‘tamakka farmon qilmadilar. Xabarda kelibdurkim: tirnoq o‘ssa shaytong‘a o‘tirgali makon bo‘lur. Bas, tirnoq olurda sunnat uldurki, o‘ng qo‘lini shahodat barmog‘idan olishni boshlab, jimjilog‘iga yetkurgay. Andin keyin chap qo‘lni jimjilog‘idin olib, bosh barmog‘iga yetkurgay. Va tirnoq olmoqg‘a uch kunni ixtiyor qilibdurlar. Dushanba, panjshanba, jum’a.

   Oltinchi, tug‘ulg‘on vaqtda kindik kesmak va kichiklik xolatda xatna qilmoq sunnatdur.

Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:21:00

                                                                      FASL
                                                      Soqol qo‘yish odobi bayonida


   Soqol uzun bo‘lsa bir tutamdan ziyodasini olmoq joizdur. Ibn Umar roziyallohu anhu, tobe’iynlar jamoasi ushbu tariqa qilibdurlar. Va bir guruh odamlar aytibdurlarki, soqolni o‘z holig‘a qo‘yg‘ay. Va hech nimarsa qilmag‘ay.

   Bilgilki, soqolda o‘n nimarsa makruxdur. Avval soqolni qoraga bo‘yamog‘liq. Xabarda kelibdurkim, qoraga bo‘yamoq axli do‘zaxning shiori va kofirlarning tariqasidur. Ul kishiki soqolini qoraga bo‘yadi, Fir’avn erdi. Ibn Abbos roziyallohu anhu hazrati rasuli akram s.a.v.dan naql qilibdurlarki, oxir vaqtda bir qavm bo‘lurki doimo soqollarini qoraga bo‘yarlar.Ul toifa bihisht bo‘yini hidlamas. Bihishtning bo‘yi besh yuz yillik yerga yetkusidur. Xabarda kelibdurkim qariyalarning yomonrog‘i o‘zini yigitlarga o‘xshatg‘ay. Bu nav’ ishlardin nahiy (qaytarish) qilinibdur. Iblisning fe’lidurkim, bu nav’ ishlarni qilmoq xo‘b ermasdur.

   Ikkinchi soqolini qizilga, sariqqa bo‘yamoq g‘oziylarning tariqasidurki, kofirlar ularga pirliq va za’ifliq nazari birla qaramag‘ay. Ushbu g‘araz birla bo‘yoq sunnatdur. Va ba’zi ulamolar ham ushbu g‘araz birla soqollarini qoraga bo‘yabdurlar. Ammo bu g‘araz birla bo‘lmasa, talbisdurkim, joiz emasdur.

   Uchinchi, soqolini oqqa bo‘yamog‘liq makruhdur, to xaloyiq qari deb aning izzat va hurmatini ziyoda qilg‘aylar. Bas, bu g‘oyat hamoqat (ahmoqlik)durki, izzat va hurmat ilm birla va aql birla bo‘lg‘usidur, qariliq va yigitliq birla emasdur. Anas roziyallohu anhu ayturlar: hazrati rasuli akram s.a.v. vafot bo‘lg‘on vaqtlarida yigirma tolag‘a yetib soqollari oqarmagan edi.

Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:23:59

   To‘rtinchi ulki, o‘zini yigit ko‘rsatmoq uchun qariliqdan or qilib, soqolining oqini yulish makruhdur. Bunday qilmoq Haq taolo ato qilg‘on nurdan or qilmoq bo‘lur. Bu kamoli jaholatdur.

   Beshinchi, yigitlikning boshlanishida o‘zini yosh, soqolsiz ko‘rsatmak uchun havoyu-havas jihatdan soqolini yulmoq johillikdur. Haq taoloning farishtalari bo‘lur; ularning tasbihi uldurkim:
«Alhamdu lillohil-laziy zayyanar rijola bil-loho va zayyanan nisoa bizzavoib», ya’ni «Poklik birla yod qilurmiz ul xudoni, zebu oroyish berdi erkaklarga soqol birla va xotunlarga zulf, kokil birla.

   Oltinchi, boshning sochidan quloq tarafga zulfg‘a o‘xshash qo‘ymoq makruhdur.
   
   Sakkizinchi, soqolning qarolig‘i va oqlig‘iga mag‘rurlik va ajab birla qarash makruxdur.

   To‘qqizinchi, odobi sunnat uchun emas, balki xalqning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish uchun soqol qo‘yish makruhdur.

   O'ninchi, soqoli jo‘lida (paxmoq) va parishon qo‘yish makruxdur. Bu pindor (kibr, mag‘rurlik) birlakim, xalq ani zohid va darvish kishi, toat va ibodatg‘a mashg‘ul bo‘lib, o‘zini saklamoq va yasamoqg‘a fursati yo‘q deb o‘ylasin, deb qilg‘aylar. Bas, tahorat ahkomini bu miqdor bayon qilmoq kifoyatdur.

Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:25:20

                                                          To‘rtinchi asl
                                                       Namoz bayonida


   Bilg‘ilki, namoz musulmonchilik binosining ustunidur. Va dinu mazhabning bunyodi va hamma ibodatning peshravi (yo‘lboshlovchisi) va sayyididur. Har kishiki besh vaqt namozning shartlarini bajo kelturib, o‘z vaqtida ado qilsa, Haq taolo birla ahd qilishg‘on bo‘lurki, qiyomat kuni Haq subhonahu va taoloning himoyatida bo‘lib, azobu uqubatdan xalos bo‘lg‘usidur. Va gunohi kabiradan o‘zga gunohlarga bu besh vaqt namoz kaforat bo‘lur. Hazrati rasuli akram s.a.v. aytibdurlarkim, besh vaqt namozning misoli sof va oqar suvg‘a o‘xshashdurkim, har kishining saroyi oldida oqib turgan. Va har kuni ul suv birla besh marotaba g‘usl qilg‘ay. Rasuli akram s.a.v. aytibdurlarki, namoz dinning ustunidur, har kishi namozni qo‘ldin yuboribdur, dinni vayron qilibdur.

   Sahobalar so‘radilar: Yo rasulalloh! Amallar orasida qaysi amal fozilroqdur? Dedilar: - Namoz behishtning kalididur. Hazrati rasululloh s.a.v. aytibdurlar, Haq taolo bandalariga tavhiddin keyin o‘zig‘a namozdan yaqinroq, do‘stroq hech nimarsani farz qilmadi. Agar namozdan do‘stroq ibodat Haq taoloning dargohida bo‘lsa edi, farishtalarni ul ibodatg‘a farmon qilur erdiki, farishtalar hammalari namozdadurlar. Ba’zilari ruku’da, ba’zilari sujudda, guruhi qiyomda va guruhi qa’dadadurlar.

   Va hazrati rasuli akram s.a.v. aytibdurlar, qiyomat kuni amallar orasida avval namozni hisob qilurlar. Agar namoz arkonlari tamom bo‘lsa, garchi o‘zga amallari noqis bo‘lsa ham, namozi tufayli hamma amallarini qabul qilurlar. Hazrati rasuli akram aytibdurlarki, kishi tahoratni yaxshilab olsa va namozni o‘z vaqtida ruku va sujudini yaxshi bajo keltirib va dilni xushu’ va tavoze’ birla tutib namozni ado qilsa, ul namoz zamindin to arshg‘acha oftob shoyi’ (yoyilgan misllik) bo‘lur.

   Namoz aytur: Haq taolo seni aziz tutsin, andog‘ki sen meni aziz tutding, der. Har kishi namozni vaqtida ado qilmay, va tahoratini odoblari birla olmasa, ruku’ va sujud, qiyom ul namoz to osmong‘acha tutun misllik tiyra va qorong‘uluq bo‘lub aytur: Xudoi taolo seni zoe’ qilg‘ay, andog‘ki san mani zoe’ qilding. Farishtalarg‘a farmon bo‘lurki, ul namozni sakutab turib qiyomat kuni ul bandaning yuzig‘a ururlar. Va rasululloh s.a.v. aytibdurlarki, duzdlarning (o‘g‘rilarning) yomonrog‘i ulkim, namozni o‘g‘irlag‘ay.


Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:30:32

   Agar tajvidni ado qila olmasa ham ko‘nglida harfni bilgay. Fotiha surasini tamom qilib, omin degay. Bas, omiynni suraga muttasil qilmagay. Andek to‘xtab aytg‘ay.

   Andin keyin boshqa surai zam qilg‘ay. Namozi bomdod va namozi shom va namozi xuftanni ovoz chiqarib o‘qigay. Va ruku’ qilmoq uchun takbir aytgay. Takbirni suraning oxirig‘a muttasil qilmag‘ay. So‘ng ruku’da ikki tizzani tutib, tayanib, barmoqlarini ochiq tutib, orqasini va boshini taxta misllik tutib, ikki bilagini iki sonidan yiroq qilib, rost tutib, uch marotaba «Subhona rabbal aziym» deydi. Agar imom bo‘lmasa yetti marotaba va yo besh marotaba aytmoq avlodur.

   Andin keyin ruku’dan bosh ko‘tarib, qaddini rost qilib turib, «Samiallohu li man hamida»ni tamom qilib «Robbano lakal hamd» degay. Andin keyin takbir aytib, sajdag‘a borgay. Va sajda qiladigan a’zolardan qaysinisi yerga yaqin bo‘lsa, avval ani sajdag‘a qo‘yg‘ay. Chunonchi, tizzasini, keyin burnini, keyin peshonani ikki kaftini, ikki qulog‘ining ro‘baro‘siga qo‘yib, bilagini, yerdan qornini sonidan yiroq tutib, uch marotaba «Subhona rabbiyal-a’lo» degay. Agar imom bo‘lmasa ziyoda aytsa yaxshiroqdur.

   Shundan keyin takbir aytib, sajdadan bosh ko‘tarib, chap oyog‘ini bosib, rost o‘lturib, yana takbir aytib, ikki sajdani tariqa birla ado qilib, so‘ng yana ruku’ga turib, ikkinchi rakatni avvalg‘i rakatg‘a o‘xshash ado qilib, ruku’, sujuddan forig‘ bo‘lib tashahhudga o‘tiriladi. So‘ng chap oyog‘ini bosib o‘ltirib, o‘ng oyog‘ini tiklab, barmoqlari uchini qiblag‘a qilib, ikki qo‘lini ikki tizza ustig‘a qo‘yib, o‘ltirib, avvalg‘i qa’dada «At-tahiyot»ni «abduhu va rosuluh»ga qadar, oxirid duog‘acha o‘qib, salom berg‘ay. Va har tarafg‘a salom berarda, orqada o‘lturg‘on kishig‘a tamom ko‘ringay. Va bu salomda hozir mo‘min va farishtalarni niyat qilg‘ay.

Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:32:45

                                                          FASL
                                    Namozda makruh narsalar bayonida


   Ochlik, tashnalik, g‘azab bilan namozg‘a turmoq makruhdir. Va ko‘ngli g‘ash bo‘lmoq, ikki oyog‘ini bir-biriga juda yaqin qilmoq va bir oyog‘ini ko‘tarib turmoq makruhdur. Sajda qilurda oyog‘larining uchini yerdan ko‘tarib turmoq va siynasini yerdan ko‘tarib sonig‘a yetkuzib turmoq va qo‘lini yengining ichida tutmoq va egnini tuproqdin ayab, ko‘tarib turmoq va har tarafg‘a qaramoq va barmoqlari bandini tortib chiqarmoq va badanni qashlamoq va esnamoq va soqolini silamoq va sajdagohdan sangrezani (tosh va mayda narsalar)ni olib tashlamoq va sajda qilur yerni puflamoq va bir nimarsaga suyanib turmak makruhdur. Bas, hamma a’zolarni adab birla tutgay. Tokim o‘tagan namozi zodi oxirat bo‘lg‘ay.

   Ammo namozning farzlari bukim, «Allohu akbar» deb tahrima bog‘lamoq, qiyom, qiroat, ruku’, sujud va qa’dai oxir miqdor tashahhud.

   Ammo vojiblari uldurki, surai fotiha o‘qimoq va surai zam qilmoq va tartibg‘a rioya qilmoq, avvalg‘i o‘tirishda «at-tahiyot»ni «abduhu va rasuluh»gacha o‘qimoq va ikki hayit namozlarda takbir aytmoq va namozi vitirda duoi qunut o‘qimoq va ovozli namozda qiroat qilmoq va maxfiy o‘qur namozda maxfiy qiroat qilmoq vojibdur. Bomdod namozini mazkur tariqa birla ado qilsa, yaqin ijobat bo‘lg‘usidur. Ammo odoblari bajo keltirmay o‘talgan namoz anga o‘xsharki, kishi podshohga quloq va burni yo‘q kanizakni hadya kelturganday. Bas, bu kanizakning podshohga maqbul bo‘lmog‘i ehtimoldan yiroqdur.

   Namozning haqiqati va ruhining bayonida bilgilki, yuqorida mazkur bo‘ldi.Zohiriy namoz ibodatning surati edi. Bas, bu suratning haqiqiti bordur, bu haqiqat namozning ruhidur. Bilgilki, namozning amallaridin har bir amalning va zikrlaridan har bir zikrning xos (alohida) ruhi bordur. Agar ruh bo‘lmasa namoz jonsiz badang‘a o‘xshaydi. Va agar namozning asli bo‘lsayu va lekin a’mol va odoblarini bajo keltirmasa, quloq burni kesilgan odamg‘a o‘xshaydi.

Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:34:45

   Agar namozni bajo keltirsa, lekin ruhi va haqiqatini bajo keltirmasa ko‘zi ko‘rmas va qulog‘i eshitmas kishig‘a o‘xshash bo‘lur. Bas, namozning asl ruhi xushu’-zavq, shodliqdur. Va hamma namozda dilni shod tutmoqdur. Namozdan maqsud dilni Haq taolog‘a rost tutmoq, Haq taoloni haybati azaati birla zikrni tom va hozirlik birla ado qilur.
Chunonchi Haq taolo aytar:

  Aqimis-salota li-zikriy

   Oyatning tafsiri: Utagil namozni mani yod qilmoq uchun.

   Va rasuli akram s.a.v. aytibdurlarki, «Bisyor xalqlarki, ularning nasibasi namoz o‘tamokdin ranj, mashaqqatdin o‘zga nimarsa ermasdur. Bu ul toifadurkim, badanlari namozda bo‘lur va dillari fikri fosid birla g‘aflatda bo‘lur».

   Va yana aytibdurlarki, namozni albatta dil shodligi bilan o‘tamasa namozi durust bo‘lmas.
Hasani Basriy alayhi rahma aytibdurlarki, namozning olti hissadan bir hissasini va yo o‘n hissadan bir hissasini nomai a’moliga bitilur. Va rasuli akram s.a.v. aytibdurlarki, namozni andog‘ o‘qig‘ilki, hamma nimarsalar birla vido’ qilg‘aysen. Ya’ni o‘zing birla, havo va havas birla vido’ qilg‘aysen. Balki Haq taolodan o‘zga kimsalar birla vido’ qilg‘aysen. Va jonu dilni batamom namozg‘a qo‘yg‘aysen. Ushbu ma’noda hazrati Oisha raziyallohu anho aytibdurlar: Hazrati rasuli akram s.a.v. namozning vaqti bo‘lsa, Haq taolo azimati haybatidan mani tanimas erdilar. Har namozkim, dil hozir bo‘lmasa, Haq taolo ul namozg‘a rahmat nazari birla qaramas.

   Ibrohim Xalilulloh namozg‘a tursalar, dillarining shodligi sadosi ikki milliq yerga eshitilur erdi.

   Va Hazrati Ali karamullohu vajha vaqtiki namoz o‘tamoqqa tursalar, tamom a’zolarig‘a larza tushib, ranglari o‘zgarar edi. Va aytur edilarki, ul omonatni vaqti yettikim, yetti osmonu zaminga arz qildilar, toqat keltirolmadi.

  Sufyon Savriy rahmatullohi aytur: «Har namozda dil hozir va ogohlik birla bo‘lmabdur, uqubatg‘a yaqindur».

Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:35:55

   Maoz bin Jabal roziyallohu anhu aytur: «Kishi namozda turub, o‘ng va chap tarafimda kim turibdur deb qarasa, ul namozi namoz ermas».

   Hazrati Imom A’zam va hazrati Imom Shofi’iy va aksar ulamo (alloh barchalarini rahmat qilgan bo‘lsin) fatvo beribdurlar: «Kishi, takbir aytganda dilni hozir tutsa namozi durustdur». Bas, fatvo zarurat jihatidandur, g‘aflat xalqg‘a g‘olibdur. Va durust namozning ma’nosi ulki, ul kishi farzini bajarur. Namoz zodi oxirat bo‘lmog‘i uchun dil hozir bo‘lmog‘i lozimdur.

   Umiddurki, sofdil kishining holi asli namoz o‘tamagan kishidan behroq bo‘lg‘ay.

   Ammo vahshatdurkim, sahv-xato va kohillik (sustlik) birla xizmatga kelgan kishi itobga yaqinroqdur. Ushbu sababdan Hasan Basriy rahmatullohi alayhi aytibdurlar, bu namoz uqubatg‘a yaqindur. Xabarda kelibdur: odam o‘zini nahiy (Xudo qaytargan) ishlardan yiroq tutmasa, ul namoz Haq taolodan yiroq bo‘lishdan o‘zga hosil bermas.

   Bas, to‘liq namoz uldurki, hamma namozda dil shodligi bo‘lg‘ay. Ul kishikim, takbir tahrimadin o‘zgada dilni hozir tutmabdur, namozda ruhning ramaqdan (jon chiqar chog‘dan) ziyoda nasiba yo‘qtur.

Qayd etilgan


Robiya  22 Avgust 2008, 13:37:50

                                                          FASL
                                           Namozning haqiqati bayonida


   Bilgilki, avval nimarsakim, senga yetadur tong namozidur. Vaqtiki, azon o‘qiganni eshitsang, shod bo‘lg‘aysen va har ishg‘a mashg‘ul bo‘lsang, darhol tark qilib, namoz o‘tamakka kelgaysen.

   Sahoba va tobe’in rizvonallohi taolo alayhim ajma’in ushbu tariqa qilibdurlar: agar temirchi bo‘lsalar, temir tobg‘a kelgan bo‘lsa ham tashlab qo‘yibdurlar. Agar kafshdo‘z bo‘lsalar, bigiz sanchilg‘on bo‘lsa, tortib olmay qo‘yar edilarki, bu nidodan nidoi ro‘zi qiyomatni yod qilur erdilar. Va bilur erdilar, kishi azon ovozini eshitib, shodlik va sur’at birla tursa, qiyomat kuni shodlik birla turg‘usidur. Bas, bo‘lg‘aykim azon o‘qig‘onda shodlik va rag‘bat birla turg‘ilkim, qiyomat kuni ham shodu xurram bo‘lg‘aysen.

   Tahoratning boshi va ruhining bayoni-dilni pok qilmokdur. Tavba va pushaymonliq birla va axloqi mazmumdan yiroq bo‘lmoq birla namoz o‘qisa, vojibki, dil Haq taoloning nazargohidur. Va namoz haqiqatning joyi dildur. Ammo badan namoz suratining joyidur.

   Ammo avratni yopmoqning ma’nosi ulki, anchakim zohiringni xalqg‘a ko‘rsatmaklik xunuk va nodurustdur. Avratni xalqning nazaridan pinhon qilg‘il. Bas, avratni yopmoqning ruhi va boshi uldurki, anchakim egningdagi xunuk va oludalikni Haq taoloning nazaridan pinhon qilg‘il. Bilgilki, hech nimarsa Haq taoloning nazarida maxfiy, yashirin emasdur. Namoz ruhi: Hamma gunohlaringdan pushaymon bo‘lib, ikkinchi bora ul gunohni qilmag‘aysen.

   Attoyibu minaz-zanbi zanbalahu.

   Ya’ni Hazrati rasuli akram s.a.v. aytibdurlarki, gunohdin tavba qilib qaytuvchi aslo gunoh qilmagan kishig‘a o‘xshaydur, tavba gunohni yo‘q qilg‘uvchidur.

   Agar tavba qilolmasang xijolat va sarnigunlik birla (bosh egilgan holda) turmoq lozimdur. Va istiqbol qibla ma’nosi ulki, zohir yuzingni hamma taraflardan o‘gurib, hazrat xona-ka’ba tarafiga qarab turgaysen. Muning asli va ruhi uldurkim, ro‘yi dilni hamma mosivodan o‘gurib, Haq taolog‘a mashg‘ul tutg‘aysen, tokim bir taraf bo‘lg‘ay. Chunonchi qiblai zohiriy birdur. Va qiblai dil ham Haq subhonahu va taolodur.

Qayd etilgan