Hazrati Navoiydan daftarchamga ko’chirib olganim — baytlarni qachon o’qisam, zavqu shavqim avvalgisiga o’xshamas — yangi bir ifor, yangi bir rang topaveraman. Har gal birinchi marta ko’rayotganim kabi hayrat kelaveradi. San’atning sinoatli gulshani shu deyman, surur topaman"¦
Qo’yma malham tiyg’i zahmiga ko’ngilda ey rafiq,
Chiqsa jon ham chiqmasun ko’nglimdan ozori aning,
deydi shoir. Oshiqning bag’ri yara, ma’shuqa bevafolik qildi yoki bepisand yoki shunday mubtalosi borligidan bexabardir ham! Oshiq esa cho’g’ tushgan ko’ksini mahkam quchgancha, yoniga tabibni yo’latmaydi, habibdan qochadi. Yaramga tegma — deydi u, - mahbubamni unuttirgani qo’ymaydigan, yor ismini tinmay yodlatib turadigan yagona yodgorim shu jarohatimdir! Yorga yeta bilmadim, hech yo’q uni eslatuvchi shu zahmimni mendan ayirma! Jon chiqsa chiqsin, ammo bu og’riqni suyaklarimning orasida tuproqqa olib ketay, - deydi.
Yana bir joyda o’qigandim: yaralangan odam unga o’q uzgan kishini umr bo’yi qarg’ab o’tadi, ammo ishq o’qiga duchor bo’lgan yurak o’z jabrlovchisini suygandan suyib boraveradi. Boisi ishq ilohiy ne’matdir. Uning dilga tushgani o’zi mukofot! Shuning uchun mukofotki, jismingizga poklovchi nur keldi — ishqingiz tushgan isnonni ne’mat bildingiz va aziz ko’ra boshladingiz. Shu nur o’zingizni o’zingizga razm soldirdi va "¦ "œvoh!" deb yubordingiz. Shu qadar g’arib, shu qadar notavon ekanmanu ishq da’vosini qilyapmanmi dedingiz! Men shu turishimda o’sha ma’shuq yoki ma’shuqaga qanday teng bo’lay dedingiz! Xokisorlik sezdingiz, xokisorlik esa poklanayotgan odamning belgisidir! Kishining o’z kamchiliklaridan uyala boshlashi atrofni tan olishidir. Qarang, ishqning xosiyatini — siz o’zingizni ayashga, ya’ni sizga xudo bergan ne’matlarning sofligini tiklashga, shuning barobarida, sizni chor tarafdan o’rab turganlarni avaylashga tushdingiz. Atrofimizdagi hamma "œbirovlar" esa Allohning suygan bandalaridir. Ularni ayaganga tangrining mukofoti ziyodadir"¦. Alloh shuning uchun hijronni oshiqlarga qadrli qilib qo’ydi, ularni ishq azobiga sabrli qilib qo’ydi.
Demak, yor azobini yordan-da ortiq ko’rib borayotgan inson tobora poklanib, komillik yo’liga tushib, Haqqa inmtilayotgan shaxsdir. Haqiqiy ishqning iqlimi shu!..
Kimki "œmuhabbat qo’ydim" degan kishisining qoshiga dadil kelib, ko’ziga tik qarab, hayajonlanmay gap boshlayotgan bo’lsa, bilingki, undagi hali muhabbat emas.
Kimki unga e’tibor qilmagan suyumli kishisining yomon kunlaridan sevinadir — demak, u hali ishq ko’chasiga kirmabdi.
Kimki "œishqi tushib" yetgan umr yo’ldoshiga pandu ozor beradir, bilingki, u hech qachon sevgan emas!
Kimki g’aflatiy, faoliyatsiz va befarqdir, u ishqsizdir!
Kimki asossiz, hujjatsiz, guvohsiz sevgan kishisini rashk qilaversa, biling, undagi muhabbat emas, noinsoniy nafsdir!
Kimgaki muhabbat nasib qilmabdi, demak, u buyuk taxtdan, buyuk baxtdan benasib bo’lgan, dunyoga kelib, dunyo ko’rmay, undan hech narsa yuqtirolmay ketayotgan g’aribdir!
Kim osonlik bilan "œsevdim, o’ldim, kuydim" deyaversa, bilingki u hali sevgan emas.
"œSevdim!", "œMuhabbat!" deb oh urishdan tiyilingiz! Nahotki, bu so’zni deyish, deb yuborish shunchalar oson bo’lsa! Yaxshisi, unga muyassar bo’lishni Yaratgandan iltijo qilingiz. Siz ishqni shaytonning nafs bozoridan emas, poklangan vujudingizdan topajaksiz! Inson tomir qo’yay deb yashaydi, barg chiqaray, meva tugay deb yashaydi — bo’lsin, bo’lsin, mevang mag’izli bo’lsin! Poklangan insondangina g’uborsiz farzandlar tug’ilgay, fayzli umrlar yaralgay!
Hazrati Navoiy aytgan ekanlar:
Dard debon kim aytmish oni dardlarimga dori ishq"¦
Yashasin Ishq!
Yashasin ustozi beminnat — Hijron!
Yashasin Butunlikka eltuvchi buyuk Ayriliq!
Yashasin menga o’zligimni uzatib turganim, shuning uchun ham suyaklarimning ostida avaylab asraganim, muhabbatga vatanlik qilgan mo’jaz mo’jizam — YURAK!!! Tursunoy Sodiqova