Marg'ilon haqida she'rlar  ( 8767 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 11:59:21

Nurmuhammad Haydarov

 MARG‘ILONIMSAN

Al-Marg‘inoniy yurtisan, Marg‘ilonimsan,
Go‘zal Farg‘onam ko‘rkisan, Marg‘ilonimsan,
Bertayu Tamara, Marhabodir qizlaring,
Xuru go‘zallar shahrisan, Marg‘ilonimsan.

Shahrim, sen kelinu kuyovlar baxtisan,
Kumushu Uvaysiy, Yulduzxonlar shahrisan,
Hofizu askiyachi, shoirlar yurtisan,
Shahri azimsan, go‘zalsan, Marg‘ilonimsan.

Qizlaringga sovchilar kelar turli yondan,
Otabek Kumushni topdi-ku Marg‘ilondan,
Dardmand davo topar Oltiariq, Chimyondan,
Sen parilar makonisan, Marg‘ilonimsan.

Doimo gullab-yashnaysan, shahrim o‘zing,
"Yapti-yapti" chiroylidir shevali so‘zing,
Alloh o‘zi bergandir sening rizqu ro‘zing,
Mard pahlavonlar yurtisan, Marg‘ilonimsan.

Avliyolaru allomalarning shahriyorisan,
Qizu juvonlar aytgan o‘lan, gulyorisan.
Yangi avlodlar taronasi — alyorisan,
Gavharxonimlar yurtisan, Marg‘ilonimsan.

Mana yana ochilar, Marg‘ilon, yuzlaring,
Hurmatingni qilar cholu o‘g‘il, qizlaring,
Doimo omadli kelsin yozu kuzlaring,
Go‘zal malikalar shahrisan? Marg‘ilonimsan.

Jondan suyganim, makonim, Marg‘ilonimsan,
Xonatlas, adrasga konim, Marg‘ilonimsan,
Sen suygan azim shahrim yakka-yagonamsan,
Issiq obi, shirmoy nonim? Marg‘ilonimsan.

Seni alqab duo aylar doim Nurmating,
Budir bilsang, go‘zal shahrim, sening hurmating,
Doim ta’zimdadir barcha elu ummating,
O‘zing hurliqolar yurtisan, Marg‘ilonimsan.

Qayd etilgan


MOHINUROY  25 Iyun 2009, 01:26:15

juda chiroyli she'r

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  07 Fevral 2012, 21:35:18

MARG'ILONIYLAR

Shoxdor shohlar o‘tgan dovon-qirlardan
O‘tdim sir olay deb ko‘hna sirlardan.
Bir barbod, bir obod bo‘lgan yerlardan
Bolam, deb sas berdi marg‘iloniylar.

Jannat qopqasida metindir tartib,
Kim mushtlab kirolmas, kim kirar chertib.
Ko‘klamda yagona bo‘yrasin chirtib
Chumchuqqa xas berdi marg‘iloniylar.

Hammasi hunarmand, bori el tolib,
O‘tirmas zamondan, makondan nolib.
Buyuk ipak yo‘lin tolasin olib,
Shohi atlas berdi marg‘iloniylar.

Saboq bersinlar deb fiqhu ahkomdan,
Muhiblar qo‘l cho‘zdi Bag‘doddan, Shomdan.
Burhoniddin bo‘lib dini islomdan
Arabga dars berdi marg‘iloniylar.

Qodiriy boboni qaratgan nadir?
Marg‘ilonga bermish Yaratgan nadir.
Ibomi, hayomi, oqibat, qadr,
Shavqu havas berdi marg‘iloniylar.

Goh Ma’murjon bo‘lib, gohi Jo‘raxon,
Tovushlarda tug‘yon, yurak to‘la qon.
G‘ijjak, tanburlarga ato etdi jon,
Nayga nafas berdi marg‘iloniylar.

Soyaboning bordir, boshga yog‘mas do‘l,
Mehriboning bordir – boshqa yog‘mas do‘l.
Bugun piri murshid siylab, berdi qo‘l,
Tarixga dast berdi marg‘iloniylar.

Iqbol Mirzo

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  07 Fevral 2012, 21:39:49

ABADIYAT

O‘chakishgan johil – charxi sitamgar
Uqubat ustiga kulfatin soldi.
Qo‘li, ko‘zi ochiq ketdi Iskandar,
Marg‘ilon ketmadi,
Marg‘ilon qoldi.

Mo‘g‘ul iskanjaga oldi quturib,
Ochlik qamal qildi – na suv-non qoldi.
Kimdir yovdan qochib, ketdi qutulib,
Marg‘ilon ketmadi,
Marg‘ilon qoldi.

Qarg‘alar junjikar edi qahridan,
“Qiring, deb buyurdi, neki jon qoldi!
Supurib tashlangiz dunyo sahnidan!”
Marg‘ilon ketmadi,
Marg‘ilon qoldi.

Minorni yiqsalar, terakdek o‘sdi,
Barmoq tishlagancha kazzob xon qoldi.
Iymon devorlari yov yo‘lin to‘sdi...
Marg‘ilon ketmadi,
Marg‘ilon qoldi.

Ketsa, yig‘lab ketar mahsi-kovush ham,
Lekin bu muhabbat... el hayron qoldi.
Bir kulib, bir yig‘lab ketdi Kumush ham,
Marg‘ilon ketmadi,
Marg‘ilon qoldi.

Necha Pompeylarni tuproq, kul bosdi,
Necha xalqdan na nom, na nishon qoldi.
Yuragi qonasa atirgul bosdi,
Marg‘ilon ketmadi,
Marg‘ilon qoldi.

Qorong‘u o‘tmishi – laylatulqadr,
Qadr umidida jon omon qoldi.
Shu kunlarni kutib ayladi sabr,
Marg‘ilon ketmadi,
Marg‘ilon qoldi.

Iqbol Mirzo

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  07 Fevral 2012, 21:45:57

TAKALLUF

Har bitta shahrimning yarashig'i bor,
Har bir viloyatning o'z hikoyati.
Hammasi betimsol, bari betakror,
Bu ham Yaratganning bir inoyati.

Marg'ilon lafzidan kalom quyilar,
Asal qo'shilgandek go'yo so'zlarga.
To'g'risi, gohida erish tuyular
Bundoq takalluflar bizdek qo'rslarga.

Erinmay hol so'rar yo'l so'rasangiz,
So'ng manzirat qilar: mehmon, choy tayyor!
Qizlarin shevasi shu qadar laziz,
Tillarin ostida novvotlari bor!

Xitoyi tavoze hammaga tanish...
Kim xurjunga shoyi solib ketgandir.
Ipak yo'llaridan topib qoniqish,
Lutfu ehtiromni olib ketgandir.

Har bitta shahrimning yarashig'i bor,
Har bir viloyatning o'z hikoyati.
Hammasi betimsol, bari betakror,
Bu ham Yaratganning bir inoyati.

Bayram nash'asidan samoviy surur,
Ipakdek beg'ubor bugun osmonim.
Qo'llari ko'ksida,
Ko'nglida g'urur,
Mehmon kutayotir jon Marg'ilonim!

Iqbol Mirzo

Qayd etilgan