XXI asr she'riyati:
Baxtiyor BobonovSOG‘INSANG AGAR...O‘zingdirsan sodiq yo‘ldoshim, —
Yurak! Tonglar behuda yonma,
Birga tog‘dek g‘ovlardan oshdik,
Bir arzimas gapga o‘rtanma!
Biz manmanlik hissidan xoli
Har odimda o‘rtandik-yondik,
Soch-ovozi mayin Ayolni
Devonalar bo‘lib qizg‘ondik!
O! Ko‘rdik-ku biz qitmirlarni, -
Kun berishmas hatto uzlatda...
Bijg‘igan bu ichi kirlarni
Endi qaro go‘r ham tuzatmas!
O‘zingdirsan sodiq yo‘ldoshim —
Yurak! Tunlar behuda yonma.
Birga tog‘dek g‘ovlardan oshdik,
Bir arzimas gapga o‘rtanma!
Kerak emas bizga tahsinlar,
Uchmasak bas puch shonlariga!
Haqimizda ne demasinlar —
Havoladir vijdonlariga...
Omadsizlik qismati birla
Endi bizni qo‘rqitolmaslar!
Yonib-cho‘qqa aylangan yurak
Hisob bermas tutagan xasga.