XXI asr she'riyati: Vazira Shodiyeva  ( 3289 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 12:21:25

XXI asr she'riyati:

Vazira Shodiyeva




KO‘NGIL ISHQI

Ko‘nglim dardiga davo yo‘q, ishqingda ovoraman,
Ulus aro yo‘q toqat dasht sari ravonaman.

Alifdek qomatim dol, kuydiradi-ku firoqing,
Man hajringda dilafgoru ham dili sadporaman.

Visolki hushdin ayirmish Laylini Majnun kabi,
Men-ku, vaslingda gado bir faqir-bechoraman.

Jahon kezganda ko‘ngil vatan sari tortadur,
Man kulbamga yetolmasdin, jannatda begonaman.

Boshima kelsa ishq tig‘i, jonim nisor etgaymen,
Andin o‘zga yo‘q bisotim, man g‘arib sayyoraman.

Bir zamon ko‘kdan ko‘nglima ishqing shu’lasi tushdi,
Isming sehru shavqidin men hanuz devonaman.

Ey oshiqlar, siz Vazira ishqidin so‘z ochmangiz,
Kuydirsa ham ishq aro ishq o‘tida parvonaman.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:21:41

*  *  *

Bu jahonda seningdek, sharm aylaguvchi bormikan,
Tun zulmatda o‘zini sham aylaguvchi bormikan.

Bu dunyoda yemoqlik bor birov haqqin xotirjam,
Lek vijdonan boshini xam aylaguvchi bormikan.

Xayr etmak bor, Hotam kabi yuz kun bechoralarga,
Lek halol non-la karam aylaguvchi bormikan.

Bu olamda nafs yo‘lidin yurib yiqqanlari samm,
Savoblardin gunohni kam aylaguvchi bormikan.

Hisob kuni hama odam Mashhargohda bo‘lur jam,
Qo‘rqib gunohdin ko‘zni nam aylaguvchi bormikan.

Ochmagay qalbin Vazira, barchadin ko‘rdi sitam,
Anga sendek o‘zni mahram aylaguvchi bormikan.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:22:04

RASHKIM

E.Vohidov g‘azaliga nazira

Agar o‘psa sochlaringni sabolardin rashk qilurman,
Yuzlaringga yuzin qo‘ygan havolardin rashk qilurman.

Ishqidin nomus aylagan anorlarga labing tegsa,
Labing olin so‘rgan hatto gadolardan rashk qilurman.

Ilkingdagi anor emas, paymonasi to‘lgan xumcha,
Seni bag‘ri qon xumchadek sahbolardan rashk qilurman.

Magar kelsang olov yoqib dillarimni kuydirgali,
Yana manga jafo tutsang, jafolardin rashk qilurman.

Kelib aytsalar, sarvinozing ko‘zlaridin tomdi ashk,
Borsam, ashkin tutib tursa, ridolardin rashk qilurman.

Ey, rashkim ey, Vaziraning bag‘rin yoqib izo etma,
Seni rashk aylagan dili izolardin rashk qilurman.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:22:25

AYOL

Bahor so‘rab keldi ey, ayol,
Poyingga gullola sochgani.
Binafshalar shoshib undilar,
Visolingga quchoq ochgani.

Shoirlaring so‘zlari totli,
Faqat seni vasf aylaganda.
Ayol, husning dunyolarga teng,
Sochlaringni baxt hidlaganda.

Orzularing bamisli ummon
Osmonlarga bo‘ylar xayoling.
Xitob aylay jahon mardiga,
"Faqat asra ahli ayoling".

Ayol — ona, mushfiqa singil,
Jufti halol umr yo‘linda.
Ayol, ertaklarga ko‘ngil berma, ey,
Ermak bo‘lma nokas qo‘linda.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan