XXI asr she'riyati: Muqaddas Salomova  ( 3834 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 12:05:25

XXI asr she'riyati:

Muqaddas Salomova




BAHOR

Olam ingrog‘idan saharlar toldi,
Osmonning yuzida ko‘paydi dog‘lar.
Shafaqning bag‘ri ham to‘lishib qoldi,
Madad tilab turar enaga — bog‘lar.

Dod-faryod qilganday momaqaldiroq,
Osmonu falakni soldi larzaga.
Chidolmay dardiga bulutlar shu choq,
Yoshlarin to‘kardi ho‘ngrab bir zumda.

To‘lg‘oq tutayotir ona Yerni ham,
Bag‘rida tug‘ilar bir etak chechak.
Chaqaloqning shirin ingasi misol,
Dunyoga kelmoqda yana tabiat.

Ortda qolib ketdi rutubatli tun,
Suyunchiga chiqar boychechak ilk bor.
Boshqacha otadi tonglar ham bu kun,
O‘riklar labida uyg‘onar bahor.

Maysalar qiqirlar zaminda uyg‘oq,
Qo‘shiq ayta boshlar sho‘x irmoqlar ham.
Oyoqqa turadi butun mavjudot
Ertaning tashvishin ko‘rishga baham.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:06:07

TONG OTDI

Eng baland shoxdagi sarg‘aygan yaproq
To‘kilmay yana bir tongga ochdi yuz.
Birov yanchib o‘tgan mayda ham bu chog‘
Nurday shifo topib, ko‘kka tikdi ko‘z.
Tong otdi...

"Ko‘zimni ocholmay qolsam, a?!" degan,
Tun bo‘yi qo‘rqinchday bo‘zarib bedor.
Oftob chiqishini ko‘rmoq istagan,
Yog‘dudan ko‘zlari qamashgan bemor
Uchun tong otdi.

Yurakka azobli og‘riqlar solgan
Tunning anduhlari so‘kilar endi.
Gina-kuduratlar o‘rnini olgan,
Ko‘zlardan bir mehr to‘kilar endi.
Tong otdi.

Ochiq darvozadan kirdi baraka,
Chinnidek yarqirar supayu ko‘cha.
Sahargi tilaklar baxtni yaratar,
Duoga qo‘l ochar nuroniy keksa.

Tong bu — baraka, tong bu — shukrona.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:06:55

SO‘ZSIZ SEVGI

Qalblar to‘qnashganda yonar muhabbat,
Gulxanga suv sepib o‘taveramiz.
Ortimizdan dodlab qarg‘aydi toqat,
Boqmasdan bir kulib ketaveramiz.

Yaqinmiz shunchalar ko‘ngil yo‘liga,
Biroq begonadek tutamiz o‘zni.
Hasratlar to‘lsa ham bu g‘arib dilga,
Oshkor aytolmaymiz bir shirin so‘zni.

"œSevdim" degan so‘zni aytmoqlik uchun
Sizda ham yo‘q jur’at, yo‘qdir menda  ham.
Sevamiz-u, ammo, aytingiz, nechun
Dardimizni birga ko‘rmayman baham?

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan