XXI asr she'riyati:
Tursun AliQISH RUHIYATI1
Qish...
Chayon kabi chaqar sovuq
Sirpanib yuraman yo‘l,
Manzil olis.
Atrofda to‘zg‘iydi qor.
Qish sarhadi bepoyon,
muzlaydi bir tutam kun.
2
Ayvonimda sovuq zahridan
qunishadi munis musicha.
Do‘stim qahridan uvishar yurak.
3
Uchishga shaylanar
Bir gala chumchuq.
Kuchayadi qorbo‘ron.
4
Qor qanotin yozadi —
uchayotir kapalak.
Yurakka sanchilar oppoq izg‘irin.
5
Terak uchidagi qarg‘alar
Ko‘nglim tubiga sochdi
qishning quyunlarini.
6
Tuman qurshovida yolg‘iz qayrag‘och,
taqir novdalarin qoplagan qirov.
Shamollar qo‘lida betin,
Tebranadi qaqshagan og‘och.
E voh,
Uni ko‘rib —
Ko‘rmas birov.
7
Sovuq kecha...
Bag‘oyat muzlagan qo‘llaring.
Biroq,
Ko‘zlaringda yonayotgan olov
Mening vujudimni kuydirar.
8
Mastona tikilib, yulduzlarga men
Yotgim kelar qorga burkanib.
Va lekin
Shoir yuragimni
Ot kabi jilovlayman.
9
Qish...
Endi yo‘llar yaxlar,
Yaxlar ko‘ngil,
Yo‘l yuraman
Tayanib hassaga.
Meni xayol bosar:
"Ishonch yo‘q —
yog‘och hassaga..."