XXI asr she'riyati: Yusuf Xudoyqul  ( 3939 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 12:51:56

XXI asr she'riyati:

Yusuf Xudoyqul




EVRILISH

Yuragimga sig‘mayapti she’r,
Ulkan tog‘lar kiftimda go‘yo.
Hayot meni etadi tahqir,
Bir karomat ko‘rsatar dunyo.
Shu jussaga shunchalik tashvish,
O‘ylayapman, qadamlarim sust.
Bari bekor, bekorchi bir ish,
Yuragimga o‘zing bo‘yla, do‘st,
Kel, sharobni ko‘raylik baham.
Tog‘lar g‘arib osmon oldida,
O‘rtamizda mo‘’jaz soylik ham.
Bir piyola sharob qoldi-da...
Kapalakka o‘xshaydi kunlar,
Hech yurakka tutqich bermaydi.
Ko‘zlar ko‘kka o‘rgangan tunlar,
Eh, muqaddas yerni ko‘rmaydi.
Ana ko‘klam, bo‘y cho‘zdi yana,
Kuylayapti bog‘da zarg‘aldoq.
Nahot hayot qiz yanog‘iga
Qo‘nib olgan bitta qizg‘aldoq.
Yuragimga sig‘mayapti she’r,
Ulkan tog‘lar kiftimda go‘yo...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:52:39

*  *  *

Ko‘zing qarog‘ida quyoshning tafti,
Sen o‘tdan yaralgan
      malaksan, jonim.
Yelkamga tushdimi
      falakning kafti,
O‘tli nigohingga bog‘landi jonim.
Ko‘zimga olovdek ko‘rindi dunyo,
Chirsillab yonmoqda yashil o‘t-o‘lan.
Qaqnus  nafasi-la cho‘g‘ sochar, illo,
Keldim yonayotgan yuragim bilan.
Kaftimni uzatdim
      kafting axtarib,
Qovushsin barmoqlar,
      qovushsin vujud,
Nogoh paydo bo‘ldi yupun va g‘arib,
Notanish bir kimsa, chala turib ud.
Qancha uzun bo‘lsa alanga tili,
Shunchalik tez so‘nar,
      qolmaydi tafti,
Chaqmoq umri kabi muhabbat yo‘li,
Bir yonib, bir so‘nar
      kuydirib kafting.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:53:39

*  *  *

Borolmadim, chorlading
Malak tunlar qoshingga.
Arzirmanmi, bilmadim,
Ko‘zda tomchi yoshingga.
Sochlari taram-taram,
Kokili jingalak qiz.
Yurakdan joy oladi,
Oydan oppoq bilak qiz.
Dilga cho‘kar xavotir,
Uyqu kelmas ko‘zimga.
Tun qo‘riqchi qoshida,
O‘xshaydigan o‘zimga.
Sochlari taram-taram,
Kokili jingalak qiz.
Bo‘lgaymisan ijobat,
Qilsak tunlar tilak, qiz.
Oyog‘imda zanjir bor,
Ketolmayman qo‘shilib.
Tomchi yoshi ko‘ksimda,
Kuydirar bag‘rim tilib.
Sochlari taram-taram,
Kokili jingalak qiz.
Qirmiz tusli yurakka
Sig‘mas sizdan bo‘lak, qiz.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 12:54:34

*  *  *
— Vatan nima?
— Ko‘ngillarda oqayotgan mehr suvi.
— Vatan nima?
— Momomning, huv, adirdagi oq o‘tovi.
— Vatan nima?
— Oy singlimning kiftidagi soch pupagi.
— Vatan nima?
— Cho‘pon bobom boshidagi sur telpagi.
— Vatan nima?
— Sho‘x bolaning keng ko‘chada odimlari.
— Vatan nima?
— Millatimning yashnayotgan udumlari.
— Vatan nima?
— Surinsang gar suyanguvchi ustuningdir,
— Vatan nima?
— Ko‘zda yoshing aritguvchi butuningdir.
— Vatan nima?
— Ochiqqanda tuz totguvchi tuzlig‘ingdir.
— Vatan nima?
— Bu dunyoda borlig‘ingu o‘zligingdir.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan