XXI asr she'riyati: Baxtiyor Bobonov  ( 6556 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 13:39:48

XXI asr she'riyati:

Gulchehra Jo‘rayeva



Gulchehra Jo'rayeva bir necha yillar "œYoshlik" jurnalining she’riyat bo‘limini boshqargan. Ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan . Gulchehra opa hanuz muxlislari, shogirdlari va farzandlari ardog‘idadir.
Opa yaqinda yetmish yoshni qarshiladilar. Shu munosabat bilan biz u kishidan yangi she’rlaridan bir turkum so‘radik. Bahonada Gulchehra opani tag‘in "œyoshlik"xonlar bilan she’riy gurungga kiritmoqchi bo‘ldik. O‘z navbatida opani qutlug‘ yosh bilan samimiy tabriklab qolamiz.


SEN — YOSHLIK

Cho‘qqidan chopqillab tushgan shalola,
Daryo debochasi — qo‘shig‘i sensan.
Qahrabo tog‘laru billur piyola
Jarangiday kulgu oshig‘i sensan.

Toshlardan boshingga sen tutib parqu,
Beqasam maysalar og‘ushida jim,
Yoqut yulduzingni olisda yoqib,
Xayol qanotida uchgan yoshligim.

Bosqinchi uyqudan ko‘zlarni yirtib,
Kitob satri aro  tashlaysan qadam.
Istiqbol yo‘llarin o‘zing kashf etib,
Subhidam shu yo‘ldan borasan shaxdam.

Bosgan izlaringda yaratding hayot,
Shamshod qanotingday tekis, sarbaland,
Go‘yo olamga sen o‘zing kashfiyot,
Barcha zo‘rligingu g‘o‘rliging bilan.

Rashking olovida toblangan tuyg‘ung,
Bebosh yaproqlarning shivirida madh.
Tiniq ko‘zlaringda sevinch ham uyg‘un,
Qat’iyat, izmingdan topasan omad.

Yillar gardi qo‘nar sochimga bir kun,
Piyoda kezmoqqa kerakdir aso.
Biroq, ey, yoshligim, sen mangu durkun,
Sening yolqiningni bermasman aslo!

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:40:21

XUDO YOR BO‘LSIN

Nevaram Akbarshohga

Buyuk kelajakning buyuk farzandi,
Ikki o‘t yurakning intiq payvandi,
Ota-onasining barvasta qaddi,
Xush kelding, qadaming nurlarga to‘lsin,
Yurar yo‘llaringda Xudo yor bo‘lsin.

Ko‘z ochgan diyoring — baxtga koshona,
Noningni tishlamas yotu begona,
Tomida oftobu oltin ostona,
Tuprog‘i javohir, boylikka tilsim,
Yurar yo‘llaringda Xudo yor bo‘lsin.

Bolajon, fidoyi elating bordir,
Eng ulug‘, eng qadim millating bordir,
Turkiston — yer uzra izzating bordir,
Nasl-nasabingdan g‘ururga to‘l sen,
Yurar yo‘laringda Xudo yor bo‘lsin.

Ilmu amallarning dargohidan o‘t,
Ulug‘bek yulduzin erk tug‘idek tut,
Navoiy g‘azali ishqdan chaqsin o‘t,
Beruniy, Sinodek fuzalo bo‘l sen,
Yurar yo‘llaringda Xudo yor bo‘lsin.

O‘zbekning kattayu kichigi yo‘qdir,
Ishonchi yelkangda mas’ul bir yukdir,
Hayotning baland-past chigali ko‘pdir,
Boshi tosh, tog‘ bardosh, mardona qo‘l sen,
Yurar yo‘llaringda Xudo yor bo‘lsin.

Balki shoh erursan yo oddiy inson,
Xokisor yerdursen yo baland osmon,
Avvalo xalqingga sevilgin, o‘g‘lon,
Umringga baraka, baxtdan taxt bersin,
Yurar yo‘laringda Xudo yor bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:40:46

BALAND POSHNALAR

Tog‘ni tog‘ suyasa qulamas aslo,
Irmoqlar qo‘shilsa daryo boshlanar,
Keksalik yukiga yelkadir aso,
Yoshlikni ko‘tarar baland poshnalar.

Qaddi-bastimizda tog‘ qadar viqor,
Havas ham suq bilan boqar oshnalar,
Hayot musiqasi "taq-tuq"da takror,
Ko‘chalar yuragi — baland poshnalar.

Hazilmas, kun bo‘yi oyoq uchida
Turganda poshnalar go‘yo tashlanar
Va lekin quvvati bir ot kuchiday,
Yashasin mehnatkash — baland poshnalar.

Nayzada yurganday es-hushing tortar
Yoningdan o‘tishsa kelinposhshalar.
Kuyovlar diliga rashk yukin ortar
Fusun haykalchasi — baland poshnalar.

Istagim shul erur — oyoq tolmasin,
Javonda chang bossa yurak g‘ashlanar.
Go‘zallik ortida intiq qolmasin,
Bizni tark etmasin baland poshnalar.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:41:07

BIZGA QOLGANI...

Behazil hazil

Xayriyat, o‘g‘il-qizlar
Yetishdilar voyaga.
Endi o‘tmas do‘q so‘zlar,
Zormaslar himoyaga.
Ota-ona qo‘lidan
Tushib ketdi bor yumush,
Bolalar dono, ammo
O‘zlari biroz xomush...
Ona ko‘ylagin kiyib
Bekinar xonasiga.
Oyqiz yasanib chopar
Sirdosh dugonasiga...
Ko‘zgu oldi doim band,
Yaraqlar sadaf tishlar,
Bir kunda ikki mahal
O‘g‘illar yuz qirtishlar.
Ko‘tarishar shtangani
Bitta oyoqda turib,
Eshik kesakisiga
Yuradilar bosh urib...
Bezovtalik o‘rtaydi
Jiringlasa telefon,
Ko‘zni shamg‘alat qilib
Asta bo‘lishar "quyon"...
Barcha imkonni olur
Albatta eng kattasi,
Otasining tuflisin
Chiqaradi "paxtasin"...
Xullas, unib-o‘sguncha
Asradik ko‘z qaroqda,
Dedilar: oh, bu  hayot
Totli ekan qaymoqday!
Taomning sarxili ham,
Libosning xil-xili ham,
Issiqqina xonalar,
Anvoyi gulxonalar
Barchasi farzandlarga,
Bari—arzandalarga.
Ming shukrkim bizlarga
Qoldirishdi g‘unchalar —
Sochda mosh-guruch bilan
Manglayda ugrachalar...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:41:22

OLISDA QOLGAN QIZ...

Bulbul ovozimi — yangragan sado,
Yo‘limdan to‘xtatdi ismimni chorlab.
Yo‘q, yo‘q, aldamapti aldoqchi sabo,
Bokira qiz turar ortimda porlab,
Jamalak sochlari irmoqlarsimon,
O‘rmonlar yelkada raqsga tushganday,
Bir qarich ichida to‘lg‘onur miyon,
Bahoriy  kurtaklar  bo‘rtgandi tanda.
O‘rmonda adashgan irmoqcha kabi
O‘sma ham yo‘qolur quyuq qoshida.
Moh bilan  oftob nigoh  tikardi
Navbat almashtirib uning boshida.
Kaptar qanotiday  silkinar ro‘mol,
Labida  bol so‘rib gullagan uchuq.
Poychang yugurardi ayozda hilol,
Zaminning siynasin silamoq uchun.
Chunki ingrar edi ona yer hamon,
O‘qlar jarohati kezardi tanda.
Yoshlik yuraklarda tutsa-da armon,
Yaralar yallig‘i bitdi Vatanda.
Bulbul ovozimi — yangragan sado,
Yo‘limdan to‘xtatdi meni daf’atan,
Oldinga bir qadam jilmasdi, ammo
Men ham yetolmasdim u qizga, attang.
Tushimga kirgan qiz — xuddi o‘shaydi,
O‘zi ham, so‘zi ham, birday yuzimiz,
Mening yoshligimga buncha o‘xshaydi.
Olis-olislarda qolgan o‘sha qiz...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:41:36

BODOM

Gulmarjon — gulibodom,
Bir daraxt gavhar tutding,
Husning aro, gulandom
Shirin lahzalar o‘tdi.

Sen yuzingni ochar kun,
Baxtim ochilib ketdi.
Sirlarim edi tugun,
Durday sochilib ketdi.

U-chi, terdi donalab
To‘kilgan dardlarimni.
Sochim silab-siypalab,
Taqdi gul, barglaringni.

O‘sha-o‘sha bodomgul
Bo‘ylaringga sarmastman.
Atir icharkan ko‘ngil
Bolaridek to‘ymasman.

Sevgimizga qasida
Tugib javohir tutding.
Husning alangasida
Shirin lahzalar o‘tdi.

Tongdami, yarim kechda
Tuyg‘ularim o‘rar gullar.
Naqshin darchalar ichra
Yashirib qo‘yar ular.

Har bahoring kulganda
Sen menimas, uni kut.
Yoningga yor kelganda,
Zahar emas, asal tut!

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:41:50

BU QANDAY SAVDO...

Umidni g‘ijimlab otmang, yigitlar,
Qalbingiz rozini qizlar etsa rad.
Sevgiga suyaning yuksak tog‘ qadar,
Chunon raddiyada yashirin  hikmat.

Ishq-g‘uncha, shudringdek o‘tkinchi havas,
G‘ururni ko‘zguday asrang, jon qizlar.
Musaffo yuziga yetkazmasin darz,
Yurakdan chiqmagan samoviy so‘zlar.

Yigitlar ahdida bo‘lsa qat’iyat,
Taqdir hech yo‘latmas bir vafosizga.
Qizlarni yengadi mardona jur’at,
So‘ngra yuragini topshirar sizga.

Qizlar, adashmangiz yulduz tanlashda,
Baxt qushi qo‘nadi umrda bir bor.
Yigitlar tolmasdir sizni sinashda,
G‘unchalar asliga bo‘lib xaridor.

Pok sevgi daraxti yashnar bardoshdan,
Shoxiga osmangiz umidingizni.
Muhabbat savdosi tushsinu boshga,
Nikoh halqasiga o‘rasin sizni...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:42:00

INTIZORLIK

Seni kutdim, yana kutarman,
Kerak bo‘lsa hayotim qadar.
Gunohingdan balkim o‘tarman,
Tashlamasang ortingga nazar...

Berk ko‘changga kiribman abad,
Ko‘nglimda yo‘q o‘zga chorraha.
Menga faqat bitta so‘zni ayt,
Shunda qalbim topadi rohat.

Seni kutgum, shoyad qaytarsan,
Yostig‘imga tushgan kabi nur.
"Keldim" deya qachon aytarsan,
Vasl oniga aylanur uzr.

Seni kutgum tinguncha ko‘zim,
Irodamni sindirmas sabr.
Muhabbatim jonimga to‘zim,
Bo‘lsa hamki firog‘ing jabr...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:42:16

AYOLSIZ UY

Deraza, pardalar tortilgan tarang,
Kirarga shu’la ham tortar xijolat.
Barq urib yashnagan chechaklar berang,
Yuzida shabnammas, qaltirar jola.

Olmosdek nur sochgan billurlar xira,
Bejilo, beqadr gulshisha misol.
Shifto‘par taxmondan qolgan xotira,
Beqasam ustida o‘ltirar xayol.

Jarang chang singari xushxon piyola,
Qozonu tovoqlar mum to‘lgandek jim...
Endi kim eshikni ochar uyola,
Bemehr bu uyga endi kelar kim?

Cho‘g‘ gilam ustida oyoq izlari,
Sigaret tutunin yutadi o‘kinch.
Iztirob shodlikni beun izlaydi,
To‘rt devol ichida yig‘laydi sog‘inch...

Tandir yoqar tishda avji saraton,
Bunda esa esar sovuq nafas, muz.
Tegrada to‘y qilar bulbulga bo‘ston,
Bunda esa kezar sharpa kabi kuz...

Anduhni kesadi gohida navo,
Bir kuyki — kuydirar, dardga separ tuz.
Qilgan qilmishiga Bek o‘ylar davo,
Yolg‘izlik bodasin simirib yolg‘iz...

Sitamkor kechaning eshigin yopib
Oydin kunlarini quchib o‘padi...
Go‘yo yo‘qotganin qaytadan topib,
Eng shirin lahzalar ko‘zdan o‘tadi...

Ko‘ngilga sig‘maydi, bo‘lmadi malham,
Bu davlat, bu savlat — etguvchi sarmast.
Oqibat tushunding, ukajon, sen ham,
Gulzorsiz hovlidek, oftobsiz uydek,
Ayolsiz xonadon — xonadon emas!


"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan