XXI asr she'riyati: Qadam Sayid Murod  ( 3591 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 13:46:16

XXI asr she'riyati:

Qadam Sayid Murod




MASHRABU MANSUR...

Yor bilib nomus, imonu orni,
Komili Haq bo‘l, Xoliqi borni,
Boshinga sochmay zamona xorni,
Bo‘yniga sol bu buzuq bozorni,
Mashrabu Mansur osilgan dorni.

Ey ko‘ngil, o‘zni ko‘mgil poyiga,
Ko‘r, qaro ko‘zni ko‘mgil poyiga,
"Man" degan  so‘zni ko‘mgil poyiga,
Bor dala-tuzni ko‘mgil poyiga,
Mashrabu Mansur osilgan dorni.

Kim aziz davri davron istasin,
Bir buyuk orzu-armon istasin,
Har nafas, damda, har on istasin,
Cho‘pidan dardga darmon istasin,
Mashrabu Mansur osilgan dorni.

Do‘st demas dilni yanchingiz, do‘stlar,
Eng ulug‘ rohat-ranjingiz, do‘stlar,
Zevaru zar, dur, ganjingiz, do‘stlar,
Har mo‘yga ming bor sanchingiz, do‘stlar,
Mashrabu Mansur osilgan dorni.

Mulki imondan iborat dor bu,
Ko‘zga surt do‘st, bu yagona yor bu,
Har zamonga har zamon darkor bu,
Ahli elga ayt Qadam, tummor bu,
Mashrabu Mansur osilgan dorni...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:46:46

PESHONANG YERGA TEGMASA

Boshing falakka yetsa ham,
Koshonang yerga tegmasa,
Lojaramsan,
San lojaram,
Peshonang yerga tegmasa.

Minbar, mehrob, tavofing na,
Bir kun bo‘lar javobing na,
Guvohing na,
Savobing na,
Peshonang yerga tegmasa.

Kunda besh bor xirojing yo‘q,
Joynamozing-me’rojing yo‘q,
Chorang yo‘qdir,
Ilojing yo‘q,
Peshonang yerga tegmasa.

Bayraming na, to‘ying sani,
Qurbonliging, qo‘ying sani,
Rangi-ro‘ying,
Bo‘ying sani,
Peshonang yerga tegmasa.

Kayfi-safo, kibru-havo,
Ka’badin aylar mosuvo,
Nomardi -
Dardi bedavo -
Peshonang yerga tegmasa.

Kuning-gumroh, tuning-gumroh,
Sog‘u so‘ling shaytoni roh,
Shoir Qadam,
Bo‘lgin ogoh,
Peshonang yerga tegmasa...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:47:04

SHUKR AYLASANG...

Shukr aylasang shukringda Haq,
Gumon qilsang —gumoningda.
Eng avvalo ko‘nglingga boq,
Dilingda na zaboningda.

Xayr-xushdir, oqibat-xush,
Taning—tuproq, joning bir qush.
Ikki qo‘ling, yoqangdir bo‘sh,
Kamolingdir tavoningda.

Tilda duo, tilak bo‘lar,
Nomus-imon-yurak bo‘lar,
Poyi patak-falak bo‘lar,
Har bir zamon, zamoningda.

Gar nasibang alingdadir,
Dini islom elingdadir,
Dori Mansur dilingdadir,
Toleing to‘rt tomoningda.

Shoir Qadam, botining ham,
Bir qarab qo‘y, zohiring ham,
Avvaling ham,
Oxiring ham,
Rohi chohing imoningda...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:47:18

BILAMAN

Siz bir qaro ko‘zim, bilaman,
Yetmas sizga so‘zim, bilaman,
Bo‘g‘zimdagi —
Navro‘zi bo‘zni —
Bir Xudo, bir o‘zim bilaman.

Baland tog‘lar past bo‘lgan tunni,
Nor tuyalar mast bo‘lgan tunni,
Ko‘ngli yarim,
Bag‘ri butunni,
Bir Xudo, bir o‘zim bilaman.

Qalam bilan chizilgan qoshlar,
Oq siynaga botmagan boshlar,
Qaydan bilsin
Kesaklar, toshlar,
Bir Xudo, bir o‘zim bilaman.

Lab uchida yig‘lab, kulishni,
Odamlarga o‘xshab yurishni,
Otabekni,
Zaynab, Kumushni,
Bir Xudo, bir o‘zim bilaman.

Sabrim sabil, sarobim kabir,
Sirot, so‘roq, javobim jabir,
Obodim na,
Xarobim nadir,
Bir Xudo, bir o‘zim bilaman...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:47:35

JONIM, MEN HAM G‘ANIMATMAN

Bahor o‘tar, yoz o‘tadi,
Turna o‘tar, g‘oz o‘tadi,
Suhbat o‘tar, soz o‘tadi,
Jonim, men ham g‘animatman.

Har bir nafas, dam sanoqda,
Har na ortiq, kam sanoqda,
Shodlik, quvonch, g‘am  sanoqda,
Jonim, men ham g‘animatman.

Bog‘laring ko‘rki omonat,
Oh-nola, kulgi omonat,
Bu dunyo mulki omonat,
Jonim, men ham g‘animatman.

Tog‘u toshlar zarra, changdir,
Bir "uf" desa, g‘ubor-rangdir,
Bugun mani holim tangdir,
Jonim, men ham g‘animatman.

Qarz erur tan, jon erur qarz,
Bu ne giyna, bu ne araz,
Bir jismimda ming bitta darz,
Jonim, men ham g‘animatman.

Diydorlashmoq dami bu dam,
Hijron nega, dardi sitam,
G‘animatman axir men ham,
Axir men ham g‘animatman...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:47:55

KO‘NGIL

Yillar to‘lib,
To‘lmas ko‘ngil,
Bu kunlarga ko‘nmas ko‘ngil,
Gul-g‘unchadek xazon bo‘lmas,
Bir sham kabi so‘nmas ko‘ngil.

Bir yon bahor, bir yonda yoz,
To‘y-tomosha, suhbatu soz.
Man na qilay,
Ilojim na,
O‘ngu chap, sog‘-so‘lmas, ko‘ngil.

Suvga aytsam tush emas u,
Bir tosh otsam, qush emas u,
Dasti daroz,
Yo dasti po —
Bir siltasam, qo‘lmas ko‘ngil.

Sabir sarob aro ko‘prik,
Qoqilmaydi, qoqmas kiprik.
Taqdir nadir,
Tole nima,
Peshonamdan ko‘rmas ko‘ngil.

Lojaram tan,
Jon talabda,
Aftoda raftor tarafda,
Bildim, Qadam, men o‘lmayin
Endi o‘zi o‘lmas ko‘ngil...

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan