XXI asr she'riyati: Ashurali Boymurod  ( 3431 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 13:50:59

XXI asr she'riyati:

Ashurali Boymurod




BAHORGA TA’ZIM

Kurtaklar labiga yugurar xanda,
Harorat jo‘sh urar yurakda, tanda,
Ajib bir sehr bor bizning Vatanda,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm —
Bahorga ta’zim!

Fasllar malagi, xush kelding, ko‘klam,
Ko‘ngilda obodlik, ko‘ngillar ko‘rkam.
O‘ynay qol, toychog‘im, o‘ynay qol, erkam,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm -
Bahorga ta’zim!

Samovot go‘zaldir, Zamin ham go‘zal,
Oq libos ichinda uyg‘ondi asal,
Hayotning boshi ham shundandir azal,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm —
Bahorga ta’zim!

Endi bor mehrimiz bergaymiz unga,
Quyosh ham teng bo‘ldi kun bilan tunga.
Shukrona aytaylik bu yorug‘ kunga,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm —
Bahorga ta’zim!

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:51:23

YURAK ZARBI

Har tong
yurak zarbidir,
uyg‘onadi
yangi kun
Oqshom visol faslidir
Oyni qizg‘onadi tun.
Tun — yurakning
qiynog‘i,
dukillaydi tinmasdan.
Qo‘lda oyning o‘rog‘i,
Ketmas ko‘kni o‘rmasdan.
Bir zarb bilan
oqshomni
etkazadi tonglarga,
go‘yo subhda bir jonni
tutqazadi tonglarga.
Mushtdekkina
yurakning
yarmi yorug‘, yarmi tun.
O‘sha jonsan,
yurak—sen,
yarataver yangi kun!
Zaminu osmonini
poklab tursin yuraklar.
Tiriklik mezonini
saqlab tursin yuraklar!

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:51:37

KUZ

Bir pari husniga o‘xshatib kuzni
Otash quchog‘iga otgandim o‘zni.

Momiq to‘shagida uyg‘ongan mahal
Ul pari yonimda to‘lg‘onib yotar.

U ham uyg‘ondi-da menga boq, dedi,
Dunyoviy bir sehr mujassam edi.

Ko‘zidan yulduzlar sochilib ketdi,
Oq libos ichinda ochilib ketdi.

Yoningda parivash, uxlab netasan,
Paridan olislab qayga ketasan?

Bu damlar g‘animat, yorni quchib qol,
Oltin sharbatidan bir bor ichib qol.

Sarxushlik hislari jo‘sh urar tanda,
Jannat hurlari bor O‘zbekistonda.

Go‘yo kelgan kabi qayta hayotga,
Ashur, shu faslda yetding murodga.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:51:48

*  *  *

Lov-lov yonar yuzlaring oftob,
Ko‘zlari yurak derazasidir.
Ishq neligin angladim shu tob,
Bir muhabbat dil orasidir.

Ko‘zlaringdan o‘qiyman ma’no,
Shu’la sochar darchadan sevgi.
Yuzlaringni yashirma, Ra’no,
Shundoq o‘zi charchagan sevgi.

Nigohlarning izhori nadir,
Oy Quyoshga so‘zin aytarmi?
Soya soldi bulutlar og‘ir,
Nahot, sevgim ortga qaytarmi?

Bizdan olis ketsa-da, visol,
Sen chorlading ogohlaringga.
Men ishondim baribir asal,
Lov-lov yongan nigohlaringga...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:52:00

*  *  *

Ayolning yoshini so‘ramang zinhor,
Uni gulga o‘rang, atang bahor deb.
Ta’zim qila biling siz unga ming bor,
Dunyoga gul ila bera olgan zeb.

Ayolning yoshini so‘ramang zinhor,
U yoshlik gashtini surar har nafas.
Uni gulbarglarga o‘rab har nahor,
Yurakka tikonin bosa olsak, bas.

Ayolning yoshini so‘ramang zinhor,
Ko‘ngilda yashaydi mudom ko‘klamoy.
Rashk qilib qizg‘onar bir guli beor,
O‘rtada taloshdir ilohiy chiroy.

Ayolning yoshini so‘ramang zinhor,
Bas, yetar qolgani—undan yaxshi ot.
Olqishlang, qaytadan kelmoqda bahor,
Mangu o‘n sakkizga munosib bu zot.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:52:17

YOMG‘IRLI TUNDA

Derazamni chertar sovuq tomchilar,
Yuvib o‘tgan kabi visol izlarin,
Olis qoyalardan oqar shunchalar,
Yomg‘irga tikilib, tinar ko‘zlarim.
Dardli hasratimga bo‘larmi sherik,
Yo‘q, aslo hijronning ko‘z yoshi emas,
Bir tuyg‘u yashaydi, u hamon tirik,
Ko‘klam havosidan oladi nafas.
Yo‘q, mening ko‘nglimga bermangiz taskin,
Rashkimni qo‘zg‘atmang, siz yomg‘ir bekor,
Qalbimda jo‘sh urar, muhabbat betin,
Men tonggi shafaqni kutarman bedor.
Mayli, siz yog‘ingiz, yuksakdan faqat
Bizni ayri etgan yo‘llarni yuvib.
Men esa baxtimni avaylab, har vaqt
Siz yuvgan yo‘llardan boraman quvib.
Siz yuving, huv o‘sha qoya-toshlarni,
Unda ohanglarga aldangan edim,
Mayli, olib keting ko‘zdan yoshlarni,
Ammo yuvilmasdir qalbdagi sevgim...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:52:26

*  *  *

Zamin — kindik qonim to‘kilgan Vatan,
Har bitta giyohing bag‘riga chorlar.
Chorlaydi bug‘doyzor — yoqut rang chaman,
Bolasin ko‘targan jo‘xorizorlar.

Vatandan ayricha baxt bo‘lmas zinhor,
Sen undan toparsan baxtning o‘zini.

Huv, dala-qirlardan axtarib ilk bor,
Yurakka ko‘chirdim Vatan so‘zini!..

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:52:44

SEVGI

Ishq dilda qarog‘ ekan,
Bag‘ri nur, charog‘ ekan.
Quloq tut shiviriga,
Ko‘klamgi yaprog‘ ekan.

Nigohi chaqmoq kabi
Tanimni kuydiradi,
So‘zlari keskir, otash
Tutgani yarog‘ ekan.

Shodligi bisyor aning,
Azobi ham o‘zgacha,
Hattoki ko‘kda oyning
Ko‘ksida bir dog‘ ekan.

Yengib dardu firoqni
Toshni yorgay lolagul.
Sevgi og‘ir damlarda
Suyanguvchi tog‘ ekan.

Bu jannat senga bo‘lsin,
Senga bo‘lsin bu gulshan.
Ketma, bundan ey, Ashur,
Chor atrofi bog‘ ekan.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 13:52:57

YOMG‘IRLARING

Ishq navosin taratgandek tanburlaring,
O, tabiat, nechun tinmas yomg‘irlaring?
Savr o‘tib, saratonga yetib keldik,
Yuraklarni sel ayladi shivirlaring.

Nolalardan bo‘lmish manim ko‘nglim mahzun,
Tanim yanglig‘ qalqib tushdi soy-qirlaring.
Osmon, senga yolvoraman, yig‘latma, ko‘p,
Kamalakdek yoyilsin xush kokillaring.

Qora sholga burkanib dod aylagancha,
O‘t socharlar ko‘ksingdagi johillaring.
Qalbim ochib vujudingga singay dedim,
Olsa olsin, jonimni shu bag‘irlaring.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan