XXI asr she'riyati:
Ashurali BoymurodBAHORGA TA’ZIMKurtaklar labiga yugurar xanda,
Harorat jo‘sh urar yurakda, tanda,
Ajib bir sehr bor bizning Vatanda,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm —
Bahorga ta’zim!
Fasllar malagi, xush kelding, ko‘klam,
Ko‘ngilda obodlik, ko‘ngillar ko‘rkam.
O‘ynay qol, toychog‘im, o‘ynay qol, erkam,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm -
Bahorga ta’zim!
Samovot go‘zaldir, Zamin ham go‘zal,
Oq libos ichinda uyg‘ondi asal,
Hayotning boshi ham shundandir azal,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm —
Bahorga ta’zim!
Endi bor mehrimiz bergaymiz unga,
Quyosh ham teng bo‘ldi kun bilan tunga.
Shukrona aytaylik bu yorug‘ kunga,
Dilimda qo‘shig‘im, dilimda nazm —
Bahorga ta’zim!