XXI asr she'riyati: E’tibor Norbo’taeva  ( 2699 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 14:07:32

XXI asr she'riyati:

E’tibor Norbo’taeva




SOG‘INCh SURATI

O‘g‘lim Bunyodbekka

Qahqahang bulog‘i yuvib yuborar
Qora kunlarimdan qolgan dog‘larni.
So‘zing toshqinida jon bera boshlar
Yuragimda o‘sgan g‘ussa tog‘lari.

Mitti ko‘zlaringdan oqqan tomchi yosh
Horg‘in vujudimga qulagan xarsang.
Sog‘inch qilichiga bosh tutar bardosh,
Agar sen yonimda bo‘lmasang.

Yo‘ling-ga yugurib chiqar nigohim,
Ko‘chaga rasmingni chizadi xayol.
Seni o‘zigada sig‘dirmay sevar,
Dunyoda yagona birgina ayol.

Yuzing jilvasida suzadi olam,
Bu olam taftiga bo‘ldim intizor.
Ertagingga ketgim kelyapti, bolam,
Yuragimni to‘kkim kelyapti bedor.

Jonimni ikkiga ajratdi Tangrim,
Ikkisi boqadi ikki dunyodan.
Kentning ko‘chasida yarimta bag‘rim,
Yarmi intiladi Qashqadaryodan.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:08:03

INTIZORLIK

Sen kelmading... kelmasang-da o‘tadi kun,
Sensiz qotib qolmas soat qo‘llari ham.
Istasam ham, istamasam quvlaydi tun,
Yuragimni g‘ijimlama, aziz odam.

Derazamga mixlanadi har tong sog‘inch,
So‘ng yiqilar zimistonning quchog‘iga.
Yana tongda yetib kelar bir daydi kuch,
O‘t qalaydi umidlarning o‘chog‘iga.

Yurak behush, mushtoqlikning mevasidan,
Ko‘r ilinjning izlariga qo‘yar boshin.
Hayajonlar qutlar hali kelmasidan,
Xudo shunday yaratgandir bu beboshin.

Shubhalarning soyasida sang‘iydi ruh,
La’nat oshin ichiradi tanish...kunga.
Muhabbatning azoblari shuncha ulug‘,
Ming o‘ldirib, tiriltirar dahridunda.

Ko‘chalarda qolib ketar yetim visol,
Tashqaridan sokin boqar gung sukunat.
Bormi, tag‘in olov yutgan menday ayol,
Intizorlik amiridan kutgan shafqat.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:08:13

*  *  *

Ko‘zing osmoniga qo‘nganmidi tun,
Yulduzmi to‘kilib ketgan tomchilar.
Bu osmon tubini kuydirgan uchqun,
Nega yuragimni yillab qamchilar?

Ko‘nglim torayadi qaroliklardan,
Oq qog‘ozni kezar qora sharpalar.
Sening ko‘zlaringni sevgan tun kabi,
Mening yuragimni sevar zarbalar.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:08:25

KO‘NIKISH

Sukunat kirib keldi xonamga
oyoq uchida,
va joylashib oldi bemalol.
Na izn so‘radi, na-da kechirim,
Qalbimni olib ketdim
Ushbu xonadan,
Xohlamasdim
sukunatga do‘st tutinishin.
Biroq qaytib kelardik har tun,
Ko‘chalarga alvido aytib
Yolg‘iz sukunatning yoniga.
Shunda uzoq termulishardi
Bir-biriga ikkisi so‘zsiz
va ichardi  jimlik mayini.
Keyin qancha hafta, oy o‘tdi,
Yillar o‘tdi sekin sudralib.
Qalbim endi sevib qolgandi,
Xonadagi gung sukunatni.
Xayrlashdi dunyolar bilan,
Yugurmasdi ko‘cha izidan.
Qayda bo‘lsa sog‘inar edi,
Sukunatning o‘tli ko‘zini.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:08:42

*  *  *

Kuzning bog‘larida izg‘idi
Beboshligi bepoyon shamol.
Daraxtlarning quchdi belidan,
Ko‘ylaklarin yirtdi bemalol.

Tortdi tilla taqinchoqlarin,
Qo‘llarini qayirdi orsiz.
Ammo o‘zin olib qochmadi,
Bo‘lmasa-da daraxtlar ojiz.

Tik turdilar taqdir oldida,
Ichga yutdi isyonlarini.
Bilar edi hatto hademay,
Qish keltirar kafanlarini.

To‘zg‘ib xina shimgan sochlari,
Qo‘llarini cho‘zdi falakka.
Nimanidir so‘radi Haqdan,
Faqat o‘zi eshitdi yakka.

Bunday xunuk tomoshalardan,
Bulutlarning qoraydi yuzi.
Yozi bilan yashirib yurgan,
Yoshlarini oqizdi ko‘zi.

Go‘lligicha turardi shamol,
Nafratlandi undan sukunat.
Bu dunyoda bir haqiqat bor,
Aqllilar jim turar faqat..

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan