XXI asr she'riyati: Dilorom Dilxoh  ( 3011 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 14:12:19

XXI asr she'riyati:

Dilorom Dilxoh




QO‘RG‘ON SHAMOLI

Oqtov, Qoratovdan aks sado qaytdi,
Bo‘g‘zida qolarmi bulbulning bayti,
Men keldim do‘mbirang gung qolgan payti,
Ko‘nglimni tiladi ishqu a’moli,
Sochimni siladi Qo‘rg‘on shamoli.

Bir elni jam qilgan oloving qani?
Qalagan  dillarga "qalov"ing qani?
Tanglayga berganda tiloving qani?
Yelpinib oqquray oppoq ro‘moli,
Sochimni siladi Qo‘rg‘on shamoli.

Yetti avlodingga yetganda dorib,
Eshitganning dildan dard g‘ami arib,
Men mushtipar keldim bunda axtarib,
Bunda bir bog‘ ko‘rdim, ro‘yi samoli,
Sochimni siladi Qo‘rg‘on shamoli.

Tilla Momom tergab keldi qoshimga,
Yesayganda  yesim yenib yoshimga.
Chechanligim balo bo‘ldi boshimga,
Yo‘l ko‘rsatib ul ham bunda imoli,
Sochimni siladi Qo‘rg‘on shamoli.

Mening bu holimni Yakkatut bilar,
Terma terib aytsam kim ham gap ular,
O‘zi baxshisini bilarmi bular?..
Ko‘kayimda ko‘klab shu bir savoli,
Sochimni siladi Qo‘rg‘on shamoli.

Ko‘rdim, qorakisa urug‘ing shunda,
Doston, aytimlaring — yo‘rig‘ing shunda,
Taraqqos aylagan to‘rig‘ing shunda,
Dedim: Shunda elning baxti, kamoli,
Sochimni siladi Qo‘rg‘on shamoli.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:12:37

JUP-HO JUP

Xalq yo‘lida

Toq yo‘llarda toyrildim, jup-ho jup,
Sevdigimdin oyrildim, jup-ho jup.
Jovqur emas jon olar jup-ho jup,
Qanotlarim qoyrildi jup-ho jup.

Dovamas, dovushim bor, jup-ho jup,
Temirdan kovushim bor, jup-ho jup.
Avra-yu astarlari, jup-ho jup,
Kamzo‘llar qovushim bor, jup-ho jup.

Qo‘sh o‘rimim bilakday, jup-ho jup,
Elanaman elakday, jup-ho jup.
Aqlingizni olarman, jup-ho jup,
Pari minan malakday, jup-ho jup.

Kuyimga kuy uladim, jup-ho jup,
Qoya tanda quladim, jup-ho jup.
So‘rovingiz ne, bilmam, jup-ho jup,
Men Xudoydan tiladim, jup-ho jup.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:12:51

HIYO-HIYO

"Hiyo-hiyosi kelsin-o, hiyo-hiyo,
Tovdan tuyasi kelsin-o, hiyo-hiyo.
Jetti qo‘ydi jetalab, hiyo-hiyo,
Qidir bovasi kelsin-o, hiyo-hiyo".

Hiyo-hiyosi kelsin-o, hiyo-hiyo,
G‘oyibning sozi kelsin-o, hiyo-hiyo.
Jigit bo‘lsin, qiz bo‘lsin-o, hiyo-hiyo,
Pirlari rozi kelsin-o, hiyo-hiyo.

"Ko‘r mullo"ning asosi, hiyo-hiyo,
Jo‘g‘olganda kesin-o, hiyo-hiyo.
Shul jorqinim, chirog‘im, hiyo-hiyo,
Boybichadek bo‘sin-o, hiyo-hiyo.

Ko‘rpachangni qavidim, hiyo-hiyo,
To‘n bo‘lmasa tinmasman, hiyo-hiyo.
Senga kelgan baloning, hiyo-hiyo.
Birigayam ko‘nmasman, hiyo-hiyo.

"Hiyo-hiyosi kelsin-o, hiyo-hiyo,
Tovdan tuyasi kelsin-o, hiyo-hiyo.
Jetti qo‘ydi jetalab, hiyo-hiyo,
Qidir bovasi kelsin-o, hiyo-hiyo".

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:13:06

MOMOQAYMOQ

Momoqaymoq, momoqaymoq,
Momom senga urug‘-aymoq.
Tong tomchilab tursa vojib,
Shudringlarga yuzni chaymoq.

Jamalak menga soch edi,
Ko‘nglim to‘q, belim och edi.
Tolimimga tollar payvand,
Gullagan bir og‘och edi.

Tuproq yo‘lda "lu-lu" qoldi,
Qizg‘aldoq qiz, uli qoldi.
"Aybdor" kim, topilmayin,
Ko‘rpalarda kuli qoldi.

Kovushcham tugmasi uzuk,
Alishdi qay ko‘ngli buzuq.
Bundan ko‘ra tikon bosib,
Yalangoyoq yurgan tuzuk.

"Toshsolar"da tosh solar kim,
Hovuchda tosh yashirdim jim.
Bugun esa mushtimda tosh,
Ezg‘ilasam bo‘lmadi qum.

"Qidirmakash" qidir endi,
Ko‘zdan yoshing sidir endi.
Qani qavmu qarindoshing,
Bordi-keldi nadir endi.

Sut berayin, qaymoq beray,
Endi seni qaydan teray.
Momoqaymoq, momoqaymoq,
Kel, hechsa bir tushda ko‘ray.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:13:18

MOMOJON

Tumotoying tumorli-ya, momojon,
Qaviqlari buncha nozik ko‘rinar.
Kosovasi qonqayg‘an bu kampirlar,
Bir tishi yo‘q, qiz bo‘lay deb urinar.

Menam tumotoy kiysama boshima,
Gul bargidek guldor ro‘mol o‘rasam.
So‘ng navbati kelarmidi lachakning,
Gal kelganda kiygichingni so‘rasam.

Iyagimdan o‘rov bo‘lsa kiygichim,
So‘ng chorsini boshginama tashlasam.
Jamalagi jingirlab jo‘r bo‘ladi,
Tillo momom qayda qo‘shiq boshlasam.

Ko‘ksi torning tugma uzar nimchasi,
Tillo momo, bisoting ayt, ormidi.
O‘la, bunday o‘lan aytmay demagin,
Bir boshda ming bo‘zlamoq ham bormidi.

"Bu nesi?" — deb so‘rab edim, momojon,
Kar quloqlar iddaolar ayladi.
Asli o‘tar-ketar dunyo bu desam,
Yo‘lsizlarga yo‘limni ko‘p poyladi.

Ko‘ksim to‘la qizil marjon, momojon,
Ummonida sel bo‘ldima naylayin.
Bu el mening holimni bir bilmadi,
El bo‘lmasa, el bo‘ldima, momojon.

Tumotoying tumorli-ya, momojon,
Bosh ko‘rganni yelka bilmay qolarmi?
Azada ham yig‘i bilmas ko‘p ekan,
Bu savdolar bu boshdanam qolarmi?!
Tumotoying tumorli-ya, Momomjon?

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan