XXI asr she'riyati: Farogʻat Xudoyqulova  ( 4471 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  29 Iyul 2008, 14:16:00

XXI asr she'riyati:

Farog‘at Xudoyqulova




SEN YIG‘LAMA

Ayol, sen isyonlar ichra ogoh bo‘l,
Shodlikdan so‘ng ozor yetsa yig‘lama.
Umidu ishonchlar mudom yorug‘ yo‘l,
Faqat bahor tashlab ketsa yig‘lama.

Dunyo yaralgandan bir og‘riq yashar,
Muhabbat bag‘ringni sitsa yig‘lama.
Umringning eng so‘nggi lahzasida ham,
Yoring o‘zga yorni kutsa yig‘lama.

Bag‘ringga bosganda ufq gullarin,
Bog‘laringga xazon yetsa yig‘lama,
Ismingni unutib qalbing yo‘lidan,
Do‘stlaring chap tomon ketsa yig‘lama.

To‘smagin xayoling shamollarini,
Ular tunni vayron etsa yig‘lama.
Joningdan bir parcha uzib olganing,
Bolangdan xatolar o‘tsa yig‘lama.

Demakki, shahdingdan bardosh yaratgan,
Ul bardosh yovlarning bag‘rin tig‘lasin.
Mehr tug‘larini balandroq tutgin,
Sening poyingda yer-osmon yig‘lasin!..

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:16:17

XAVOTIR

Meni yengaman deb o‘ylama, hayot,
Hali bu jonimda matonat bisyor.
Senga baho berib adashsam, agar,
Yo‘llarimga qursang buzilmas bir dor.
O‘ylama, u dordan bo‘yim balanddur,
Har neni o‘ylasam o‘lim balanddur.
Boshimda chalsang ham o‘lim kuyini,
Hijronda tiriklik kuyi balanddur.
Mening o‘z-o‘zimdan xavotirim yo‘q,
Tosh to‘la yo‘lingni ko‘rsat-chi, qani?
Menga o‘chakishib, alam ustida,
Xohlagan ko‘yingga solma boshqani,
Meni yengaman deb o‘ylama, hayot!..

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:16:24

*  *  *

Biz yurmagan yo‘llar ko‘p hali,
U yo‘llardan o‘tmog‘imiz shart.
G‘olib yetmoq uchun manzilga,
So‘zdan shamshir tutmog‘imiz shart.

Balki qonli, shonli bu yo‘llar,
Hushyor bo‘ling, o‘tkir ko‘z bilan.
Siz g‘animni qilich bilanmas,
Yakson qiling bitta so‘z bilan.

Biz yurmagan yo‘llar ko‘p hali...

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:16:45

AYOL

Ayol, ko‘zing yoshlarini yashirasan,
Tikonlarin berkitgandek atirgullar.
Shamollarning tillariga tushunarsan
Ular senga toshdan qattiq bardosh yo‘llar.

Yo‘llaringning gardlarini yashirasan,
Ortingdagi g‘iybatlarning oxiri yo‘q.
Sen nomarddan garchi mehr kutmagansan,
Yo‘llaringni yoritar bir kaftgina cho‘g‘.

Otmayotgan tonglaringni yashirasan,
Mehring bilan porlayotir oxir Quyosh.
Axir tog‘lar tog‘ bo‘ldi-ku, zamin guvoh,
Poying o‘pib, qo‘yganida ko‘ksingga bosh.

Tuyg‘ularing, so‘zlaringni yashirasan,
Baxshi doston kuylab o‘tar nolangdan ham.
Jahl qilsa, dil tilsa-da zardalari,
Nolimaysan, hatto yomon bolangdan ham.

Shundanmikan, bir so‘z demay, tabassum-la,
O‘zgalarning dardlarini olding, AYOL!
Ming asrki seni hech kim tushunmadi,
O‘sha-o‘sha sirligingcha qolding, AYOL!

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:17:04

TUN

Tun motam kuyini chalmoqda,
Osmonda yulduzlar
Ko‘rinmas.
Tongni ham sog‘inmay qo‘yibman,
Ayriliq mayidan bo‘lib mast.
Siz ketgandan so‘ng.

G‘unchalar ko‘zini ochmaydi,
Borliqda hukmron
qahraton.
Bir marta ortiga qaytmaydi,
Bahorim,
Kutgandim chekib jon.
Siz ketgandan so‘ng.

Umrimning eng mahzun damlari,
Tugamas,
Unutmas ishqni ham.
Men nechun, bu adash yo‘llarda
O‘zimni o‘yladim, buncha kam,
Siz ketgandan so‘ng.

Qayd etilgan


shoir  29 Iyul 2008, 14:17:30

*  *  *

Qushlarga havasim keladi mening,
Yuksalib, quyoshda toblar qalbini.
Nega, deb so‘rasang, sababi ular
Bizdan ko‘proq bilar Vatan qadrini.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan