* * *
Yo‘ling shundan o‘tadi, netay,
Nigohingdan sachraydi otash.
Bu zahar-u zaqummi, atay —
Balki dilni yondirib tashlash.
Rosti, tushga kirmaysan hatto,
Xayollarim joy ham bermaydi.
Sen bu yerdan o‘tganda nogoh,
Omadim ham sira yurmaydi.
Bardoshlar tishlab ko‘cha gungalak,
Befarq yotar poying ostida.
Umr — turfa,
Qismatlar halak,
O‘tar zkan uning ustidan.
Afsus sabrim yemira boshlar,
O‘rmalaydi tomirlarda qon.
Tosh tishlagan ko‘cha dil g‘ashlar,
Tipirchilar umid chalajon.
Tizilishib daraxtlar qator,
Osmon boqar beparvo, beg‘am.
Qayrilib ham aqalli bir bor,
Ko‘ngil so‘rab qaramaydi ham!
Bunga chidab bo‘lmaydi axir,
Siqa boshlar bo‘g‘zimni nafas.
Mitti qushin sayratgan bag‘ir,
Metin kabi yaralgan emas.
Qiynaladi bosh urib yurak,
Ko‘ksimdan yo‘l izlar tinimsiz.
Aytgin, bunday yashash ne kerak,
Bu ne tuyg‘u qiynar ismsiz?
Umr o‘tar yasharkan hayot,
Manzilingga bir kun yetarsan.
Lekin dilim yaralab nahot,
Bu olamda nima yutarsan?