* * *
Huvillar dil uyi.
Bezovta tuyg‘u —
O‘ksinib qo‘yadi,
Bechora purg‘am.
Yolg‘izoyoq yo‘ldan ketib borar u,
Men izlagan mehr —
Unga tikilsam.
Beg‘ubor taftini jonidan istab,
Chorasiz bu ko‘ngil xo‘rsinar zimdan.
Umr ham yeladi otini qistab,
Nurlarin yashirib bir-bir ko‘zimdan.
Quvonchu dardlarni ko‘tarmoq og‘ir,
Dildirab yashar dil — mitti sayyora.
Malomat toshidan qiynalsa taqdir,
Tunlar ham uxlamas, kunlar ovora.
Nachora,
Neligi o‘zimga ayon,
Shovqinli shaharning ko‘pdir o‘yini.
Gohida adashib yuz burar imkon,
Gohida do‘stning ham bo‘lmas tayini.
Izlaysan,
Qani u — nurli kulgisi,
Oftobday nurafshon samimiy tuyg‘u.
Umrning yo‘llari uzun bo‘lgisi,
Qalbingda chirog‘lar yoqib tursa u.
O‘rtanib ketar goh yuraging axir,
Olis bolalikka tashlasa nigoh.
Erkalab borlig‘ing aylaydi asir,
Parqu bulutlarga yonboshlab nogoh.
Kechgan u ko‘chalar beg‘ubor changi,
Ming bora avlodir hasad va kindan.
Shabnamga yuz yuvgan o, yoshlik tongi,
Bebaho ne’mati hayotning chindan.
Misoli ko‘ylagin kiyib qizg‘aldoq,
Shamolga suykalib erkalanganday.
Qiru adirlarda sochib ol bodroq,
Ufqlarga borib tilkalanganday...
Nima ham der edim.
Bilganlarim shu —
Ko‘nglim ham chopmaydi biror so‘z desam.
Yolg‘izoyoq yo‘ldan ketib borar u,
Men izlagan tuyg‘u —
Unga tikilsam.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.