Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136068 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 24 B


mutaallimah  29 Iyul 2008, 15:36:01

Kitobda Turkiston xalqlarining ittifoqi masalasi ham har tomonlama keng yoritilgan. «Mustamlaka zulmi ostiga tushib qolishimiz sabablarining birinchisi xonliklar vaqtida yuzaga kelgan ittifoqsizlik shumligidir. Xozirgi davrda millatimiz manfaatini dunyo siyosati darajasida to‘la himoya qilish uchun Turkiston xalqlari, davlatlari, birinchi navbatda, mintaqaviy ittifoqqa birlashmoqlari zarur. Shundagina bu ittifoqning yaratadigan qudratli siyosiy va iqtisodiy salohiyati dunyo siyosatdonlarini undagi davlatlar manfaatini hurmat qilishga majbur qilishi mumkin. Bo‘lmasa ma’lum bir tarixiy sharoitda qudratsiz davlatlar yana kuchli davlatlarning qurboni bo‘ladi. Turkiston davlatlari birlashishlari uchun tabiiy asos mavjud. Bu tarix, yurt va madaniyat birligi, umumiy din va til borligidur. Qur’on mo‘minlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi».
Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan XIX asr oxirigacha bo‘lgan davr ichida qurgan davlatlari, sohibqiron Amir Temur haqida, turkiy xalqlar madaniyati, turmushi, etnografiyasiga oid qimmatli tarixiy, ilmiy ma’lumotlar mavjud. Ayniqsa Sharqiy Turkiston o‘lkasida shu paytdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, milliy mustaqillik uchun uyg‘ur xalqining olib borgan kurash tarixi keng yoritilgan. Milliy tariximizni qoralab sovet davrida «bosmachilar harakati» deb nomlangan, aslida Vatan ozodligi uchun kurashgan millat qahramonlari to‘g‘risida ham fikr bildirilgan. Albatta, muallif bu harakatga o‘zining shaxsiy munosabatini bildiradi va ular mag‘lubiyatining asosiy sabablaridan biri buyuk ozodlik g‘oyasi atrofida millatni birlashtirgan, zamon siyosatini yaxshi tushungan, ongli rahbariyat yoki millat yetakchisi bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.
Kitob nihoyatda tiniq, badiiy go‘zal, ravshan tilda yozilgan. Jumladan, tabiat manzaralarining tasvirlari o‘quvchi qalbida ona Vatanimizga chuqur muhabbat va mehr uyg‘otadi.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Iyul 2008, 15:36:29

«...Bu tarixiy so‘zlarni yozishdan ko‘zlagan mening tubgi maqsadim, deydi Alixonto‘ra, o‘z Vatanida turib g‘arib bo‘lgan Turkiston xalqini, ayniqsa, hozirgi va kelajak Vatan yoshlarini ogohlantirib, o‘lim uyqusidan uyg‘otishdir. Ko‘nglimdagi munglik qayg‘ularimni qalam tumshug‘idan to‘kib yozgan bu kitobimni o‘quvchi va ham eshituvchi vatanparvar, millatsevar qahramon bolalarimizga mening topshirig‘im shulki, tilim uchidan emas, dardlik dilim ichidan chiqarib yozgan yolqinlik so‘zlarimni faqat uqibgina o‘tmasdan har bir og‘iz so‘zini tekshirib, uning ustida fikr yuritsinlar. Insoniyat taraqqiyoti emas, madaniyat taraqqiyoti bo‘lmish XX asrimizdagi insonlar milliy, vataniy, diniy huquqlarini saqlash uchun qaysi narsalarni qo‘lga keltirishi zarur ekanligini yaxshi tushunib, uning chorasiga kirishsinlar».
O’zining bu so‘zlariga amal qilib, Alixonto‘ra Sog‘uniy 1962 yildayoq ulug‘ sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» nomli kitobini eski forsiydan o‘zbek tiliga tarjima qiladilar. Dastlab «Guliston» oynomasi sahifasida bu kitobning ko‘p qismi 1967 yili u kishining jur’atli kirish so‘zi bilan bosilib chiqadi. O’sha davrda «qonxo‘r Temur»ni oqlab yozish katta jasoratni talab qilar edi. Vaholanki, bobomiz sohibqiron Amir Temurni o‘zbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Shundan bir yil keyin, ya’ni 1968 yili O’zbekiston Fanlar akademiyasining viqe prezidenti I.M. Mo‘minov ko‘pchilik tarixchi olimlar muhokamasidan o‘tkazgan holda «Amir Temurning O’rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli» risolasida ehtiyotlik bilan u kishiga ijobiy baho berishga harakat qiladi. Shundan keyin O’zbekiston matbuotida deyarli 25 yil davomida bu mavzuda ma’lumot berilmaydi. Ajablanarli hol shundaki, 1991 yili «Temur tuzuklari» qaytadan kitob shaklida chop etilib, tarjimon bobomizning yoniga yana bir kishining ismi-sharifi qo‘shib qo‘yildi. Unga kirish so‘zi yozgan tarixchi olimning fikricha, bu «asarning muallifi ma’lum emas»mish. «Temur tuzuklari» feodalizm, hukmron sinfning maqsad va manfaatlarini ko‘zlab yozilgan ...» asarmish. O’sha olimning keyingi yillarda Amir Temur haqida yozgan asarlarini o‘qib, bu kabi ko‘z-qarashlari ancha o‘zgarganidan xursand bo‘lasan kishi. Mustabid tuzumning yemirilgan davrida ham tarixchi olimlarimiz Alixonto‘raning birinchi bo‘lib ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temurni va uning shon-shuhratini himoya qilib ko‘rsatgan bu jasorati to‘g‘risida ochiq gapirishdan, tarixiy haqiqatni tiklashdan biroz hayiqdilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  29 Iyul 2008, 15:37:04

Mustahkam iymon, buyuk e’tiqod, haqqoniy maslak egasi bo‘lgan, Vatanim Turkistonim deb qayg‘urib yig‘lagan, uning ozodligi, istiqboli uchun umr bo‘yi kurashgan, davr tuzumining siyosiy, iqtisodiy tazyiqlariga bardosh bergan insonlarni odatda millatning vijdoni deb bilishadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Alixonto‘ra Sog‘uniy 1960—1980 yillarda ana shunday insonlardan bo‘lgan edi, deyishga to‘la haqlimiz. U kishining ta’limoti zamonamiz yoshlarini yuksak ma’naviyat, axloq, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash imkonini yaratadi. Shunday ekan, umid qilamizki, minnatdor avlod o‘zining buyuk bobokalonlaridan bo‘lgan Alixonto‘raning Vatanimiz, millatimiz oldidagi xizmatlarini munosib taqdirlaydi, hayoti va ko‘p qirrali ijodini chuqur o‘rganadi, milliy tariximiz va adabiyotimiz sahifalarida ul zotning o‘z munosib o‘rni bo‘ladi, inshoalloh!
O’tmish tariximizdagi buyuk bobokalonlarimizga uy muzeylari tashkil qilish imkoniyati bo‘lmagan bo‘lsa ham, yaqin yillarda yashab o‘tgan bu kishiga sharafli hayoti, ibratli ta’limoti haqida to‘la ma’lumot beradigan uy-muzeyi tashkil qilinsa yaxshi bo‘lur edi. Bu muzey u zot qanday sharoitda yashab millat ozodligi uchun kurashgan, dilida millat va Vatan ishqi yongan haqiqiy inson nimalarga qodir ekanini bildiradigan, kelajak avlod o‘g‘il-qizlarimiz tarbiyasi uchun oliy ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladigan bir tabarruk joy bo‘lur edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Iyul 2008, 15:03:35

Bobomlar biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham bo‘lganlar. Mening yoshlik, yigitlik davrim u kishining yonida, umrlarining oxirigacha tarbiyasida bo‘lish baxti bilan o‘tgan. 1964 — 1967 yillari u kishining qoshida norasmiy «Ong o‘stirish to‘garagi» mavjud bo‘lib, bu yerda biz yoshlar har haftada ikki marta yig‘ilar edik. Arab tili va islom dini asoslaridan saboqni, milliy tariximizdan darslarni, axloq-odob, inson haq-huquqlari to‘g‘risida birinchi tushuncha va ma’lumotlarni u kishidan shu paytda uqqan edik. Bobomiz biz uchun ma’naviyat, tarix va milliy qadriyatlarimizning tirik qomusi; har qanday mushkulot yechimini topa oladigan dono murabbiy zamonamiz tuzumi, siyosati haqida bor haqiqatni to‘g‘ri so‘zlovchi botir inson edilar. Ul zot islom dini, o‘tgan ulug‘larimiz, milliy qadriyatlarimiz, Vatan va millat haqida gap ketganda g‘oyatda to‘lqinlanib, behad g‘urur bilan so‘zlardilar. Notiqlikda oldiga tushadigani kam topilardi. So‘zlaganlarida nuroniy yuzlaridan hamisha yog‘du taralib turar edi. Darslarda bizga nihoyatda samimiy muloqotlari ohangrabodek ta’sir etardi va hayajonli taassurot qoldirardi. Yoshlikdan ilmni qunt bilan o‘rganish lozimligini aytib, «Yoshlikda egallangan bilim toshga o‘yilgan naqshdur», «Ong yo‘q joyda jasorat bo‘lmaydi», «Bu dunyoda hech narsa tan-sog‘liqqa yetmas» kabi shiorlarni ko‘p eshitar edik.
Milliy tarix darslaridan birida shunday deganlar: «Insonlar o‘z hayotlarini ongli ravishda tushunib turishlari uchun dunyo ilmlari ichida boshqalardan ko‘ra tarix ilmiga hojatlari ayniqsa ko‘pdur. Shuning uchun har davrning dono olimlari tarafidan bu to‘g‘rida bek (ko‘p) kitoblar yozilmish ekandur. Tarix demak, o‘quvchilarning ko‘z oldilariga qo‘yilgan bir ko‘zgu kabi bo‘lib, unga qaragan kishilar esa yuz-ko‘zlariga yuqqan yomon narsalarni ko‘rar ekanlar, albatta, undan o‘zlarini tozalaydilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Iyul 2008, 15:03:57

Shunga o‘xshash, o‘tmishdagi ota-bobolarning oynaklarini keyingi bolalari qo‘llariga olib qarasalar, o‘zlarining kim ekanliklarini, endi kim bo‘lg‘onliklarini shu ko‘zguda ochiq ko‘radilar. Mehribon ona Vatanlari bosqinchi oyoqlar ostida depsalib, ingrab yotqonlig‘ini ko‘rgach, uning sabablarini tekshirishga kirishadilar. Ongsizlik o‘lim uyqusida yotgan bir millatni uyg‘otish uchun o‘tmishdagi ota-bobolarining shonlik tarixini bilishdan ortiq narsa yo‘qdir.
Bu ilmdan kutilgan asosiy maqsadlar bir davlat qurilgandan so‘ngra, u qaysi ishlar bilan taraqqiy topib rivojlanmishdur, yoki inqirozga uchrab zavol topishi nima sababdan bo‘lishidur. Chunki dunyoda o‘tgan, yo o‘tmoqda bo‘lgan yaxshi-yomon ishlar paydo bo‘lishining, albatta, sabablari bordur. Hayot olamida hech narsa sababsiz yuzaga chiqishi mumkin emasdur. Masalan, ilgari butun dunyoga nomi chiqqan, tillarda doston shu O’zbekiston bizning suyukli ona Vatanimiz nega qo‘limizdan chiqdi? Biz Turkiston xalqi o‘z davlatimizdan nega ajradik? Mana bularning sabablarini ko‘rsatish tarix ilmining asosiy vazifasidur.
Yana bir darsda aytganlari: Kelajakka faqat o‘tmish yo‘l ko‘rsatadi. Tarix shuni bildiradiki, ikki buyuk qo‘shni davlat bilan olib boriladigan yaxshi, o‘zaro manfaatli siyosat yetarli emas. Chunki ular har doim Turkistonga o‘z manfaatlari bo‘lgan muhim o‘lka sifatida qarab ish yuritishgan. Shu sababli asosiy masalalarda hamisha til topishib, Turkiston taqdirini o‘z manfaatlari yo‘lida hal qilishgan. Masalan, Sharqiy Turkiston xalqining ozodlik uchun olib borgan kurashi bu davlatlar manfaatiga zid bo‘lganligi sababli qurbon qilindi. Yoki Turkiston xalqi o‘zining qaysi tub manfaatlarini ko‘zlab, Ikkinchi jahon urushida shuncha ko‘p qurbonlar berdi?

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Iyul 2008, 15:05:11

Yer kurrasining imkoniyati chekli bo‘lishiga qaramay moddiy ehtiyoj keskin o‘sib borayotgan XX asrda millatlar taraqqiyoti va taqdiri ko‘proq qudratli davlatlar siyosati va manfaatiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli Turkiston o‘lkasida uchinchi bir buyuk davlat manfaatini yaratish zarurati bor. Ravshanki, muhim masalalarda uch davlatning hech biri birortasining bir tomonlama manfaatdor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shunda tadbirli siyosat yurgizuvchi kichik davlat, albatta, uning manfaatini ko‘proq ko‘zlab ish tutayotgan davlat tomonida bo‘ladi».
Shu tartibda biz bobomizning «Tarixi Muhammadiy» qo‘lyozma asari orqali islom dini va tarixi bilan tanishdik, o‘zlari fors tilidan tarjima qilgan mashhur Herman Vamberining «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» asarini va ulug‘ sohibqiron Amir Temur «Tuzuklari»ning birinchi tarjimasini qo‘lyozma holatda u kishining ishtirokida o‘qib o‘rgandik. Islom falsafasi nimalarga ko‘proq urg‘u beradi degan savolga: «Sharq falsafasi avval boshidan boshlaboq asosan inson ruhiyatini, uning ma’naviy olamini bilishga, odamlarning o‘zaro munosabatlarini anglashga e’tibor bergan. Bu ta’limotda odam qalbini hayvoniy hirslardan ozod etish, uni Allohga ishonch, iymon nuri bilan yoritish, komil inson masalalari ustida ko‘proq fikr yuritiladi», deganlarini uqqanmiz.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Iyul 2008, 15:05:35

Har doim 3 - 4 soatdan kam davom etmaydigan maroqli darslarimizda ko‘p tarixiy voqealarga ul zotning ajoyib mukammal, siyosiy-ijtimoiy mantiq qonunlariga asoslangan sharhlarini eshitishga muyassar bo‘lganmiz. Masalan, Vatanimiz mustaqilligi va erkining yo‘qolishiga nobop kishilarning hokimiyat tepasiga chiqib qolishi ham sabab bo‘lganligi to‘g‘risida gapirib, aytganlarini eslayman: «Har bir davlat arbobi siyosatda bilimdonlik, sezgirlik, izchillik va jasorat kabi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirmog‘i kerak. Bu toifadagi hukmdorlar o‘zlari kuchli bo‘lganligi uchun atrofiga mard va ochiqcha so‘zlasha oladigan kishilarni to‘plab ish yuritadi. Ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temur shunday zotlardan edi. Temur sulton ta’rificha, hukmdorga o‘z fikrini va mulohazalarini aytishga botina olmaydigan hamda o‘z soyasidan cho‘chiydigan, qul tabiatli mansabdorlar saltanatning eng xavfli dushmanlaridur. Chunki ular o‘zlarining ojizligi va jasoratsizligi orqasida ikkiyuzlamachilik bilan ish yuritadilar, kezi kelganda esa o‘z hukmdoriga va hatto vataniga xiyonat qilishdan toymaydilar. Shu boisdan buyuk Amir Temur qul tabiatli amaldorlarni yoqtirmay, o‘z qadru-qimmati, vijdoni, or-nomusi va g‘ururini saqlay oladigan kishilarni davlatning ustuni deb hisoblagan».
Ul zot yana shunday deganlar: «Agar mo‘min-musulmon bir nohaq ishni ko‘rsa, albatta, ul ishga qo‘li bilan qarshi tursin. Agar bunga qudrati yetmasa, tili bilan qaytarsin, bunga ham yaray olmasa, hech bo‘lmasa ko‘ngli bilan norozi bo‘lsin. Bu so‘nggisi iymonning eng kuchsiz bo‘lishidandur. Agar ko‘ngli bilan ham ul ishga norozi bo‘lganin sezmas ersa, bundin Alloh saqlasinkim, bu hol iymonsiz kishilarning belgisidur. Ularni payg‘ambarimiz tiriklar o‘ligi deb aytganlar.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Iyul 2008, 15:06:42

Payg‘ambar Muso alayhissalom ummati vujudiga singdirilgan qullik asoratini siqib chiqarish uchun o‘z qavmini qirq yil Sahroyi Kabirda olib yurgan ekan. Chunki bu illat millatning jasadlariga yopishgan vabo mikroblari kabidir. Agar unga qarshi chora ko‘rilmas ekan, ko‘p uzoqlamayoq hayot olamidan oti o‘chirilib, u millat tub tomiri bilan yutilib yuboriladi.
Insonning eng sevgan qadrlik, qimmatlik to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘ladilar.
Alarning eng birinchisi shuldurkim, har odam o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmokdur. O’zida erki yo‘q, qo‘lida ixtiyori yo‘q odamlarning hayvondan nima farqlari bor?
Ikkinchisi — shar’iy yoki qonuniy kasblari orqali topgan molu dunyosi, qilgan mehnatining mevasi shul topguvchining o‘z haqqi bo‘lgan xos mulkidur.
Uchinchisi — har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug‘ilib o‘sgan, ota-bobosidan meros qolgan Vatanidur. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq Vatan avlodlarining kechirilmas og‘ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.
To‘rtinchisi — har mamlakat xalqining asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur».

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Iyul 2008, 15:07:18

Bobomizning Naqshbandiya ta’limotiga e’tiqod qo‘yganlari ham ma’lumdir. «Hazrat Bahouddin Naqshband tariqatlari Qur’oni karim va Hadisi sharifga asoslanadi. Ul zotning «Dil ba yoru dast ba kor!», ya’ni ko‘ngil Alloh yodi bilan, qo‘l esa ish bilan band bo‘lsin, degan shiorlari butun musulmon olamiga mashhurdir. Sohibqiron Amir Temur ham bu tariqatga amal qilgan. Raiyat ravnaqini ko‘zlab, «Kam yenglar — ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo‘lasizlar!» deb bu kishining nasihatlarini ta’kidlaganlar. Allohni sevish, uning visoliga yetish uchun og‘ir, mashaqqatli poklanish yo‘lini bosib o‘tishimiz lozimdir. Har bir kishi o‘z vaqtini sarhisob qilib turishi, chunki vaqt boyliqdur, bir kasbni egallashi, o‘z qo‘l kuchi bilan halol luqma topmoqligi bu ta’limot asoslaridandir», deganlarini eshitganmiz. O’z hayotlari davomida shunga amal qilib dorishunoslik, tibbiyot ilmlarini mukammal egallaganlar va hojatbaror shifokorligi tufayli ko‘pchilik o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga ega edilar. Kichkina hovlining tashqarisida doimo sog‘in sigir bilan bir tana boqilar edi. Yoshligimda ularga yem-xashak va ivitilgan somonga kepakni ixlos bilan o‘zlari qorishtirib berayotgan ish ustida bobomlarni ko‘p marta ko‘rganman.
Erta bahor kunlari edi. Saharda bir qarindoshning to‘y oshiga bobomlar bilan birga bordik. Kun sovuq, endi tong otmoqda edi. Ko‘pchilik aytilgan bo‘lsa kerak, ko‘chada saf tortib, osh yeyishga navbat kutib, odob bilan bobomlarni oldinga kuzatayotgan tumanat odamlarni ko‘rib, hassaga ikki qo‘lini qo‘ygan holda to‘xtadilar. «Bay, bay, bay! Qani edi bu o‘zbek o‘g‘lonlari shu tartibda, shunday g‘ayrat va ixlos bilan Vatan ozodligi uchun jangga kirsa!» deb, tizilib turgan uzun safga zavq bilan uzoq tikilib qolganlarini eslayman. Shunda bu manzara to‘qsonni qoralab qolganiga qaramay, qomatini mag‘rur tikka tutib turgan sobiq marshalning Vatan ozodligi uchun olib borgan shiddatli muqaddas janglarining qaysi yolqinli damlarini ko‘ngliga solgan ekan, deb o‘yladim.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Iyul 2008, 16:22:30

Alixonto‘ra keng bilimlar egasi, chinakamiga qomusiy olim edi. Yuqorida tilga olingan asarlaridan, tarjima qilgan kitoblaridan tashqari u kishining qalamiga mansub «Shifo ul-ilal», ya’ni «Illatlar shifosi» asari ham mavjud. Unda ikki yuzdan ko‘p kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullari berilgan. Ko‘p tillarni chuqur bilganligi bois shu tillarda she’rlar ham yozganlar. «Devoni Sog‘uniy» nomli devon sohibi hamdir. Shu davr ichida bobomiz tomonidan yana Ahmad Donishning «Navodir ul-vaqoe» asari, Darvesh Ali Changiyning «Musiqa risolasi» asari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Alloma Sog‘uniyning obro‘-e’tibori oddiy xalq orasida nihoyatda yuqori edi. Ul zot faqatgina islomparvar bo‘lmay, balki tom ma’noda insonparvar bo‘lgani sababli oldiga uzoq-yaqin joylardan juda ko‘p kishilar o‘z dardlari va tashvishlariga davo, maslahat izlab kelishar edi. Ayniqsa «Temur tuzuklari» oynomada bosilib chiqqandan keyin mashhurligi yanada oshdi. Ko‘plar fors, arab, turkiy tillarida bosilgan, turli sohalarga mansub qadimgi nodir asarlarning tarjima va sharhlariga yordam so‘rasalar, boshqalar ilm izlab kelganini, tabobat, milliy tarix, diniy ilm sohalarida bilim olish uchun shogird bo‘lish niyatida ekanini bildirardilar. Ko‘p o‘zbek shogirdlari uydan qatnab ilm olsalar, uzoq yurtlardan kelgan tojik, qirg‘iz, qozoq, tungon, kavkaz xalqlariga mansub shogirdlari tashqari hovlidagi boloxonada yotib dars olardilar. Har payshanba kun iftorliklariga ko‘pchilik qatnashishga intilar edi, chunki bu yerda bo‘ladigan ajoyib maroqli suhbat va majlislarda ulug‘ e’tiqod, milliy qadriyatlarimiz, shon-shavkatli tariximiz, diniy masalalar yuzasidan fikr va sharhlar aytilar edi. Keyinchalik bu suhbatlar kengayib, jumladan, muborak ramazon oyi iftorliklari mehmonga chaqiriladigan katta hovlilarda, dala bog‘larida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu kishining ishtirokidagi majlis va suhbatlarga katta ilm sohiblari, ayrim shoir va yozuvchilar, din arboblari, olimlar va boshqa obro‘yli kishilar juda katta hurmat va ehtirom, haqiqiy ma’naviyatga chanqoqlik bilan qatnashar edilar. Kundalik hayotimizdagi o‘zgarish va hodisalarga u kishi katta qiziqish va xalq manfaati nuqtai-nazaridan qarar edilar. Ular millatimizning erki, tinchligi va kelajagi uchun foydali bo‘lsa butun vujudi bilan xursand bo‘lib, olqishlar edi. «Huquqlar himoyasining eng kuchlik quroli hisoblangan ilm-hunar, maorif eshiklari hozirgi kunda inson olami yuziga butunlay ochiqdur. Shu sababdan tushungan Vatan o‘g‘lon-qizlarimiz zamonaviy har ilm-hunarni asosi bilan yaxshi tushunib, imkoniyat boricha bilib o‘zlashtirishga boshqalardan ortiqroq kirishmoqlari lozimdur» deganlarini bilaman.
1976 yil fevral oyining oxirgi kunlari, men Leningrad shahrida xizmat safarida edim. Bobomlarning ahvoli og‘ir ekanligi to‘g‘risida xabar keldi. Tezda Toshkentga uchdim. Samolyotdan tushib to‘g‘ri bobomlarning Taxtapuldagi hovlisiga yo‘l oldim. Qarindosh-urug‘, yaqinlar bilan to‘lgan hovliga kirishim bilan otamning «O’g‘lim, tezroq kir, bobong ketmoqda», degan nidosini eshitdim. Uyga kirishim bilan musaffo sokinlikda ko‘zlari yumuq yotgan bobomlarga ko‘zim tushdi. Atrof-yonlarida farzandlari. Ko‘zlariga termulib otam nihoyatda past, mungli tovush bilan Qur’ondan «Yosin» surasini tilovat qilib turardi. Ko‘zlaridagi yosh bilan shoshilinch holatda menga suv tutib, «Otamga suv tomiz», dedilar. Yig‘lab turib muborak lablariga dokada sekin suv tutdim. Ohista ko‘zlarini ochdilar. Otam bobomga tikilib turib, nihoyatda past ovoz bilan «O’g‘lingiz Uvaysxon yetib keldi», dedilar.

Qayd etilgan