Uvaysxonto‘ra Alixonto‘ra Sog‘uniy nabirasi
SO’Z BOSHI
Bismillohir rohmanir rohiym
Ulug‘ ruhlik, to‘liq aqllik kishilarning aytishlaricha, har odam o‘zida bor yaxshiliklaridan, undagi ilm-hunar fazilatlaridan boshqalarga foyda yetkudek, keyingilar ibrat olg‘udek bir asar yozib qoldirishi, albatta, unga lozimdir.
Men, Ali Sog‘uniy, yoshlik-yigitlik kunlarimdan boshlaboq arabiy, forsiy tillarini to‘liq ravishda o‘zlashtirdim. Zamonning menga ko‘rsatgan to‘sqinliklariga qaramay, Tangri yordamida keng ko‘lamda diniy, tibbiy, ayniqsa, tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Arabcha, forsiychalarni yozish-so‘zlashgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she’r aytish qobiliyati menda bo‘lsa ham, o‘z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq ko‘rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar.
Yuqorida oqillar tilidan aytilgan so‘zga qarab, o‘zimda topilgan fazilatlardan tarix ilmini tanlab oldim, chunki shu hozirgi davrimiz 1966 yilda, o‘z Vatanlarida turib g‘arib bo‘lgan xalqimiz uchun, tarix ilmi baliqqa suv o‘rnida bo‘lishi ko‘pdan beri menga sezilmish edi. O’tmishdagi tarixini unitib, endigi tarixini tuymagan bir millat, qorong‘uda qolgan qo‘lida tayog‘i yo‘q ko‘r kishi kabi qayoqqa oyoq qo‘yishini bilmaganligidan dushman yetakchisi keynidan ketishga majbur bo‘ladi. Ochiq fikrli, sezgir Vatan o‘g‘illari tarixning qanday zarur ekanligini mening shu so‘zlarimdan ilhom olib, chuqur tushunishlari kerak