Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 94167 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 24 B


mutaallimah  30 Iyul 2008, 16:38:36

 Biz hozir shunday sharoitsiz, og‘ir ahvol ustida turibmiz. Mahalla ko‘chasidan o‘tayotganimizda yo‘l bo‘ylab, talan-bulan qoldiqlari, chochilib yotgan narsalar, kuydirib-yondirilgan imoratlar ichida vayron-talqoni chiqib, yiqilib yotgan tomlari ko‘zga tashlanmoqda edi. Bularni ko‘rgach, ko‘z yoshimiz qurimasdan, shu yurganimizcha mazlumlar qonlari bilan bo‘yolgan So‘quluq qishlog‘iga kirdik. Bu voqea o‘tib, ortidangina borganimiz uchun, musulmonlar otilgan-chopilgan ko‘cha qonlari tozalangan bo‘lsa ham, qirg‘inning boshqa belgilari yo‘qolmagan edi. Soqchi kishilari bizning boshqa yokdan kelganimizni ko‘rib, oldimizdan to‘sib, idoralariga boshladilar. O’lganlarning xotin-qiz, yetim bolalariga atalgan bir qancha kiyim-boshlarni ko‘rsatib, yordam uchun kelganimizni bildirdik. So‘ngra, yo‘l xatlarimizni tekshirib, bizga ruxsat qilgan bo‘lsalar ham, yana oramizda ishonmaslik paydo bo‘lib, anchagina so‘z o‘tmish edi.
Ma’lumdirki, mahkumiyatda ezilgan, qurolsiz, duduq tillar g‘olibiyat zulmi bilan g‘ururlanib turgan, har birining tumshug‘idan to‘ng‘iz qurti tushgan qurollik, shahdam tillar oldida nima deya oladilar? Shu bilan g‘olib dushman oldidan, qandaydir qutulib chiqqanimizdan so‘ngra, yordamga kelturgan ozdir ko‘pdir narsalarimizni tarqatdik. O’lganlar oilalariga ko‘z yoshimiz bilan qiroat o‘qib, ko‘ngil aytdik. Bu foydasiz fitnada manim o‘z shogirdlarimdan yigirmadan ortiqroq kishi shahid bo‘lmish edilar. Bulardan eng kattalarining yoshi o‘ttizdan oshmagan edi. Shunday qilib, bu joyda ikki-uch kun turganimizdan keyin yana To‘qmoqqa qaytib keldik

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 07:03:41

Qish o‘tishi yaqinlashib, yerdan ko‘katlar yangigina bosh ko‘tarmish edi. Bir kuni ertalab ko‘cha eshigimizdan kishi chaqirgan tovush eshitildi. Qarasam, o‘z mahallamizdagi Mirzaboy degan kishi ekan. U meni ko‘rgach, ko‘ziga yosh olib: «Sizga yaxshilikdan boshqani tilamaymiz. Hozirgi hukumat oldida, eshitishim bo‘yicha, ustingizdan har turli xabarlar borga o‘xshaydi. Endigi maslahat shulki, manavu ishlar yuz bosti bo‘lguncha, o‘rin o‘zgartib, boshqaroq yerda turishingiz yaxshiroq ko‘rinadi», dedi. Uning bu so‘zidan o‘ylanib, qandaydir ehtiyot yuzasidan, yot bir hukumat tuprog‘iga o‘tmoqchi bo‘lib, safar jamolg‘osiga kirishdim. Lekin boshqa chegaralar bizdan yiroq bo‘lganlikdan, Koshg‘ar tomoniga o‘tishni ma’qulroq ko‘rdim. Jonfido shogirdlarimdan tungon Dovudhoji safar yo‘ldoshim bo‘lib, yo‘lga tushdik.
Bolosog‘un To‘qmoq bilan Koshg‘ar oralig‘i otliq o‘rtacha yurishda o‘n-o‘n bir kunlik yo‘ldir. Bolosog‘un shahrining eski turkcha nomi Moqul bolig‘ bo‘lib, moqul yaxshi, bolig‘ shahar demakdir. Islomdan ko‘p yillar ilgari Issiqko‘l bo‘ylaridagi Beshbolig‘ bilan Bolosog‘un shaharlarida uyg‘urlarga o‘xshash o‘troq madaniy turklaridan o‘g‘uz turklari yashagan edi. Rum podshohlarining laqabi Qaysar, eroniylarniki Xisrov bo‘lganidek, Beshbolig‘, Bolosog‘unga kim podshoh bo‘lar ekan, unga Ediqut laqabi qo‘yulur edi. Aslida, Turkiston beshigi va poytahti Beshbolig‘-Bolosog‘un shahridir. Hozir ham Issiqko‘lning kungay (janub), terskay (shimol) tomonlariga suv ichida qayiq bilan yurgan kishilarga Beshbolig‘ harobalari ko‘rinib turadi. Biz bola vaqtimizda ko‘lning sayozroq yeridan bir hammom binosi topilmish edi undan chiqqan pishiq g‘ishtlardan qirg‘izlar olishib, ulkan manaplar (aslzoda, oq suyaklar) qabrlari ustiga bir necha gumbazlar yasatganlari hali esimizda bordir. Ko‘lning to‘lqinlari bilan chet yoqaga surilib chiqib qolgan o‘sha zamonning uy asboblari, dehqonchilik saymonlarini (ish qurollari, asbob-uskunalari) shu kungacha ham topib oladilar. Bu Beshbolig‘ shahrining harob bo‘lishiga kelsak, biz ko‘rgan tarixlarning hech birovida buning bayoni ko‘zimizga tushmadi. O’tmishdagi tabiat o‘zgarishlari orqali, yer tebranishi bilan shahar o‘rinlari ko‘lga aylanib, suv ostida qolgan bo‘lishi ham mumkindir. Qanday bo‘lsa ham, Beshbolig‘ obidalaridan topilgan asarlar eskidan beri o‘troq turklarida ilm, madaniyat bor bo‘lganligini bildiradi. Bolosog‘un miloddan ikki ming yillar ilgari o‘tgan Erondagi Qiyoniy podshohlaridan Kaykovuz, Kayxisrovlar zamondoshi eroncha Afrosiyob, turkcha Do‘kuxon atalgan turk hoqonining uchinchi poytaxti bo‘lgan ekan. Uning birinchi poytaxti Samarqand bo‘lishini eski tarixchilar shubha qilishadilar. Biroq shahar chetidagi keng maydon harobasi, yerlik xalq og‘zida, Afrosiyob atalishi va bu yaqinlarda u yerdan miloddan eski davr asarlari topilishi, turk hoqoni poytaxti Afrosiyob bo‘lganligini quvvatlaydi. Bunga ko‘ra Samarqand shahri jahongir Iskandar Makedoniy tomonidan qurilgan degan, ba’zi tarixlarda yozilgan so‘z asossiz bo‘lib qoladi, chunki Iskandar Afrosiyob davridan ko‘p keyin kelganligi hammaga ma’lumdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 07:04:29

Tarix hijratning 536 yili qoraxitoy xoni Gurxon bilan sulton Sanjar Binokand (Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida Ohangaron suvining quyilish joyida bo‘lgan o‘rta asr shahri. Keyingi nomi Shohruhiya bo‘lgan) yaqinida to‘qnashib, sulton Sanjar qattiq yengilmish edi. Bu urushda Sanjar askaridan 30 ming kishi qurbon bo‘lmishdir. Shu bilan butun Movarounnahr Sanjar qo‘lidan chiqib, 71 yil qoraxitoy Gurxon qo‘lida qoladi. So‘ngra xorazmlik sulton Muhammad Gurxon askarini Buxoro, Samarqand, Farg‘onadan haydab chiqaradi. Taroz Talasda (hozirgi Jambul) bo‘lgan urushda Gurxon tarafdorlari qattiq yengilib, bosh qo‘mondoni Toyangu asir olinmishdir. Buni anglagach, Gurxon Olmalig‘ (hozirgi G’ulja shahri), Beshbolig‘ turklaridan o‘z qo‘mondasida kuchlik qo‘shin tuzib, ketgan yerlarni qaytarib olish uchun yo‘lga chiqadi. Taroz g‘alabasidan so‘ngra sulton Muhammad Toyangu boshliq butun asirlarni olib Xorazmga qaytmish edi. Gurxon bu xabarni eshitishi bilan butun borliq askarini unga qarshi keltirib, yana Binokand yaqinida ikki hukmdor qo‘mondonlig‘i ostidagi turk askarlari eng qattiq jang qiladilar. Bu urushda Gurxon tarafdorlari ochiq yengilgan bo‘lmasalar ham, uning askarlari orqaga chekinishga majbur bo‘la-dilar; chunki bu orada Oltoydagi Nayman turklaridan Toyanguxon o‘g‘li Kushlukxon Gurxonga qarshi orqa tomondan hujum boshlab, Olmalig‘ni olib, Bolosog‘unga kelayotgan xabari onglanmish edi. Bu chekinishda xorazmiylar orqadan taqamish (ta’qib qilish, izma-iz quvmoq) berib, Tarozga yetguncha quvg‘in qiladilar. Bu yerda ham Gurxon to‘xtab qarshilik ko‘rsatmagach, bu chekinish urush aldovi bo‘lmasin deb, sulton Muhammad shu yerda to‘xtalib qoladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 07:05:16

Gurxon shu yurganicha yurib Bolosog‘unga kelmishdir. Qarasa, qal’a qapqoqlari uning yuziga yopilmish edi, chunki bu yerdagi o‘g‘uz musulmonlari Xorazmshohning Gurxon ustidan g‘alaba qozonganligini onglashib, uning tomonidan qo‘yilgan shahar bosqoqlarini (hokimlarini) o‘ziga qarashli kishilari bilan qoldirmay o‘ldirishib, Sulton askarining kelishini kutishmoqda edilar. Lekin ularning Gurxon ortidan yeta kelib, dushmanga eng so‘nggi zarbani bergudek kuchlari yo‘q edi. Shuning uchun yordamsiz qolgan Bolosog‘un muculmonlarini, ko‘chmanchi turk uluslarining har turidan to‘plangan qo‘shin bilan kelgan Gurxon qattiq qamal ostiga oladi. Qurol-jabduqlari to‘liq, urush ustidan qaytgan, qiziqqon, o‘ljalariga yetolmagan, qo‘llari quruq, oz bo‘lganda yuz ming chamalik askar qarshisida u zamon sharoitiga ko‘ra bir shahar xalqi qanday chidab tura olsin?
Qamaldan o‘n olti kun o‘tgandan so‘ngra, och bo‘ridek ochiqqan ko‘p askar kuch bilan kirib shaharni oladilar. O’lja asirlardan boshqa bu urushda musulmonlardan 70 ming kishi o‘ldirilmish edi. Shu bilan O’g‘uzxondan qolgan eski madaniyatdan namuna bo‘lgan, o‘troq o‘g‘uz turklarining markazi sanalgan qutlug‘ Bolosog‘un shahri hayot olamidan ko‘z yummishdir. Chingiz davriga kelguncha, Turkiston xalqi ichida bunday qirg‘in bo‘lib, ko‘p qon to‘kilmagan edi. Bu shahar hozirgi vaqtgacha (1966 yil) o‘zining o‘tmishdagi shonlik sharafining taniqli belgilari bo‘lgan Oqpeshin, To‘rtko‘l, Burona harobalarini qoldirmishdir. Bu yerda.
nohaq to‘kilgan qonlar egalari Burona minorasi orqali hanuz shahodat barmog‘ini ko‘tarib, o‘zlarining islomiyatlarini so‘ngg‘ilariga bildirib turadilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 07:06:17

Butun turk ulusining eng eski madaniyatli adabiy tili hisoblangan «Qutadg‘u bilik» (Qut otliq bilim) kitobini yozgan Yusuf Xos Hojib shu Bolosog‘unlik edi. Islom olamida shuhrat qozongan mashhur lug‘at kitobi «Sixox Javhari»ni arabchadan forschaga tarjima qilguvchi Jamol Qarshiy ham shu Bolosog‘unliqdir. «Tarixi Rashidiy»ning egasi Mirzo Muhammad Haydar ko‘ragon, bir vaqtlar Bolosog‘unda yuzlab kitob tasnif qilguvchilar bo‘lganligini shu tarix kitobida yozmishdir.
1908 yili Bolosog‘un harobatidan o‘n besh chaqirimcha shimolda, hozirgi To‘qmoq shahrida bir qabr tosh topilgan edi. Undagi arabcha xatni yoshligimda o‘zim o‘qib chiqargan edim. Oradan 60 yillik uzoq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, mazmuni yodimda qolmishdir. Shu qabr egasi o‘z zamonasida eng ulug‘ olimlardan bo‘lib, bir necha kitoblar tasnif qilganligi, yoshi o‘ttizga yetmay turib, 500-hijriyda shahid bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi. Bu toshdagi butun xatlarni yozib olishga qiziqqan bo‘lsam ham, unga ulgurolmay qoldim, chunki u tosh To‘qmoqdagi tungon boylaridan bo‘lgan Mahammadjon Pisango‘y uyida saqlanur edi. Odat bo‘yicha, musulmonlarning bayram kunlari ularni tabriklash uchun ruslardan bir necha shahar boshliqlari kelmish ekanlar. Kishi ko‘ngliga qiziqarlik, ko‘rinishi haykal misolliq bo‘lib, uyning tokchasida turgan bu toshga ularning och ko‘zlari tushgach: «U nima?» deb so‘raydilar. Ma’lumot topgandan so‘ngra: «Buni biz oq podshohning muzeyiga yuboramiz», deb olib chiqib ketgan ekanlar. Shunday qilib, boshqa narsalarimizdan ajralganimizday, bundan ham ajrab qolganmiz. Yo‘q esa, toshning bosh oyog‘igacha bo‘sh o‘rin qoldirmay, anchagina tarixiy so‘zlar yozilmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 08:58:41

Har holda, boshi Issiqko‘l, oyog‘i Merki, yetti-sakkiz kunlik yo‘l bo‘ylab tutashgan harobalar, uzun yillardan beri bulardan chiqayotgan eskilik tarixiy asarlar, o‘z davrida bu yerlar madaniy o‘troq o‘g‘uz turklarining obodon shaharlari bo‘lganligini isbotlaydi. 1960 yillargacha sovet hukumatining eskilik izlovchi qazuvchilari ko‘p narsalar topgan, jumladan, Oqpeshin harobasidan bir xum to‘la kitob, yana Burona atrofida bir quduq ichidan islomdan ilgari eng eski turkiy xati bilan yozilgan bir kitob va ham bir necha tarixiy asarlar topganlarini shu yerlik ko‘rgan kishilar bizga so‘zladilar. 1965 yili To‘qmoqqa borganimda o‘tganlarni eskarib ruhiga duo qilish uchun Bolosog‘un harobasiga chiqdim. Yerlik kishilarning aytishlaricha, shu yili kolxozchilar yer haydab yurganlarida bir xum oltin topmish ekanlar, o‘zaro kelisholmasdan, barini hukumat olib o‘zlari quruq qolibdilar. Yana, To‘qmoq bozorining qarshisida, Chuy suvining u tomoni Sho‘rtepada, Gurxon qoraxitoydan qolgan bir sapil (tuproq qo‘rgon, qal’a) bordir. Ikkinchisi, bundan kun botish tarafiga qirq chaqirimcha tubanroq, cho‘ngligi (kattaligi) unga necha barobar kelgudek yana bir sapil bo‘lib, o‘z vaqtida shahar qo‘rg‘oni ekanligi ochiq ko‘rinib turadi. Manimcha, bosqinchi Gurxondan qolgan yerlik asarlardan Ediqut o‘lkasida shu ikki sapil harobalaridan boshqa biror narsa qolganligi ma’lum emas. Biroq o‘zlari bilmasalar ham, shu kunga davr xalq og‘zida ikki og‘iz xitoy so‘zi birisi domla, ikkinchisi shiypong saqlanib qolmishdir. Avvalgisi cho‘ng mulla, keyingisi ziyofat uyi demakdir

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 08:59:14

Shu kunlarda bu o‘lkaning janubiy tomonida qirg‘iz, shimoliy tomonida qozoq turklari yashaydilar. «Tarix al-Komil»da qirg‘iz turklari arabcha tag‘arg‘ar atalmishdir. Bu kitobning aytishicha, islomdan taxminan bir ikki yuz yilgina keyin shimoldagi mo‘g‘ul va buryat kabi kuchlik turk urug‘larining chopullariga (hujumlariga) chidayolmay qirg‘izlar janub tomonga chekinib, Ediqut o‘lkasi Bolosog‘un tog‘lariga tarqalmish edilar. So‘nggi kunlarda ularning urug‘lari o‘sib, sonlari ko‘paygach, ko‘chmanchilik odati qo‘zg‘alib, shimoldan quvg‘in yeb kelganlari esidan chiqib, o‘troq va zamonasiga ko‘ra madaniy hisoblangan o‘g‘uz turklari ustiga ko‘z ochirmay chopul qilgali turdilar. Kuchlik qurolga ega bo‘lmagan shahar xalqi urush maydonlarida har vaqt dala ko‘chmanchilaridan yengilishlari odat hukmini olmishdur. Buning sabablari har kimga tushunarlik bo‘lganlikdan, yozib o‘tirishni loyiq ko‘rmadim. Shuning uchun Bolosog‘un xalqi o‘zlarini qirg‘izlardan mudofaa qilolmay yangidan otog‘i el ichida tarqalayotgan Olmalig‘dagi qoraxitoy Gurxonga tobun (fuqarosi, tobe) bo‘lishib, uni chaqirishga majbur bo‘ldilar. Xitoy xalqidan adolat uzulmaydi degan xalq og‘zidagi yolg‘on dovruqqa aldanishgan Bolosog‘un xalqi bo‘ridan qochib, qassobga yo‘liqqan qo‘y kabi bo‘lmish edilar. Chunki qirg‘izlar qanday bo‘lsa ham o‘z qarindoshlari edi, bular bilan yarash choralarini izlashning o‘rniga, boshqa bir yot millatni chaqirishlari o‘z Vatanlariga xiyonat qilmoq demakdir. Bunday yanglish siyosatlar natijasida o‘z hokimiyatlaridan ajrab, qullik zanjiriga giriftor bo‘lgan xalqlar tarihda ko‘plab uchraydi

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 08:59:53

Mo‘g‘ulcha Moqul bolig‘ atalgan Bolosog‘un shahri to‘g‘rilik bu kungacha men ko‘rgan tarixlarning hech birida biror og‘iz so‘z bo‘lsa ham uchratolmadim. Turk beshigi atalgan bu o‘lka uyg‘ur o‘g‘uz elini o‘z quchog‘ida saklab butun dunyoga tanitgan edi. Shunday qutlug‘ ona Vatanimizni, jaholat orqali o‘z bolalari yotlarga bostirib, uning shonlik sharafini eslaridan butunlay chiqargan edilar. Yuzlarcha emas, minglarcha yil o‘tgan so‘nggida bo‘lsa ham, men uning eng kenja o‘g‘loni bo‘lganligimdan, o‘z ulusi tomonidan butunlay unutilgan onamizni eskardim. Uzundan beri ko‘nglimda yig‘ilib yotgan bu haqdagi tarixiy so‘zlarimni, ko‘p yillar davomida to‘plagan ma’lumotlarimni kelajak bo‘g‘inlarimizga bildirish uchun, bu o‘rinda yozdim va she’riyat so‘zlarimga shior qilib Sog‘uniyni tanladim. Qobusi (payti, fursati, o‘rni, vaqti) kelar ekan, yot dushmanlar oyog‘i ostida depsalib yotgan ona Vatanlarini eskarsinlar!
Shunday qilib, Bolosog‘un voqeasidan so‘ngra, Gurxon o‘zi ham ko‘p yashayolmadi. Davlatni saqlash uchun o‘z dushmani Kushlukxonga qizini berib, uni kuyov qilgan bo‘lsa ham, yana maqsadiga yetolmadi. Uning poytaxti Olmalig‘ o‘lkasini atrofi bilan Kushlukxon eli Nayman turklari buzib, yorib, o‘ldirib, chopib, yer bilan bir tekis choldevor qildilar. So‘ngra Kushlukxon askari bilan Uyg‘uristonga o‘tib, Yorkent, Xo‘tangacha hukmini o‘rnatgan bo‘lsa ham, so‘nggi kunlari Chingizxon yurishiga to‘g‘ri kelganliqdan uning amribuyrug‘i bilan o‘ldirilib, davlati shu bilan tugamish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:00:21

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. To‘qmoqdan chiqqach, to‘g‘ri sharqqa qarab Chimqo‘rg‘on, Burolsoy, Yelariq, Toyg‘oq, Maydontol, Quvoqi orqali yurib Qorag‘ov Qo‘chqorga tushdik. Bu yerdan yurganimizcha orada bir necha qo‘nolg‘ular (safarda yotib yoki dam olib o‘tadigan joylar) bosib, Do‘lan dovonidan oshib, Norin suvi bo‘yidagi Norin shahriga kirib bordik. Bu esa to‘rt tomoni ulug‘ tog‘lar bilan o‘ralgan bir eldir. Ruslar Turkistonni bosib olganlaridan so‘ngra, Sharqiy Turkistonga kirish qasdida tayyorgarlik ko‘rish uchun, Norin suvi bo‘yiga bir qal’a bino qilmish edilar. Olatou va Tyan-Shan tizma tog‘larining eng qalinlashgan o‘rni va ko‘chmanchi qirg‘iz turklarining qaynagan joyi g‘arbi janubiy O’zbekiston, sharqi janubiy Uyg‘uriston bo‘lganligidan buning siyosiy ahamiyati ortiqdir. Bu yerdan chiqib, orasi qirq besh chaqirim chamasidagi Otboshi qishlog‘iga yetib, toshkentlik Tuyoqboyhoji uyiga mehmon bo‘lib tushdik. U kishi esa To‘qmokda uzun turgan, o‘z mahallamizdan ketgan kishi edi. Bu yerning to‘rt tomoni egiz tog‘lar bilan o‘ralgan bo‘lsa ham, dalasi keng, o‘tlov yaylovlari ko‘pdir. Ular ichida Orpa, Oqsuv degan yerlarning cho‘pi kuchlik, qimizi ortuq bo‘lishida atog‘i chiqmishdir. Otboshida ikki kun turganimizdan so‘ngra shu yerda qo‘shilgan Qo‘shmoq hojim bilan uch kishi yo‘ldosh bo‘lib yo‘lga tushdik.
Oldimizda bir qo‘nolg‘ulik Toshrabod chegara to‘sq ovullari qirg‘iz Shomirqon, rus Chudir boshliq bir necha askar borlig‘ini bilgan edik. Bular oldidan o‘tishga yo‘lxatimiz yo‘qligidan, Qo‘shmoq hojim maslahaticha, to‘g‘ri yo‘lni qoldirib, Beloshuv degan o‘g‘ri yo‘l bilan ketmoqchi bo‘ldik. Yo‘lda ketayotganimizda uzokda ot yetaklab kelayotgan bir kishining qorasi ko‘rinmish edi. Qachonki, cho‘ng yo‘ldan u yo‘lga buruldik esa, oldimizdan kelayotgan kishi uzoqqan ishora bilan bizni chaqirdi. Uning bu chaqirishidan oddiy kishi bo‘lmasa kerak deb oldiga bordik. Qarasak, chegara soqchilari boshlig‘i qirg‘iz Shomirqon ekan. Bizni ko‘rishi bilan: «Hay, sizlar qanday kishisizlar? Ochiq cho‘ng yo‘lni qo‘yib, yopiq kichik yo‘lga kirasizlar? Qani bu yoqqa yuringlar!», deb bizni boshlaganicha, yo‘l ustidagi karvon saroyga tushurdi. Shu orada qayoqdandir ikki uch qirg‘iz yigitlari bilan ilgargi sipohiylardek beliga kumush bellik, yoniga egri qilich osgan shu yerlik qirg‘izlarning boshlig‘i ham kelib, ustimizga tushdi. Buni ko‘rgan Qo‘shmoq hojimning ko‘zlari alang jalang bo‘lib: «Hay attang, ishimiz qanday bo‘lar ekan, so‘rab qolsa yo‘lxatimiz yo‘q? Alloh saqlasin! Bizni qaytarib, Norindagi jallodlarga topshirsa, vaqt yomon, og‘ir kunlarga qolmagay edik», dedi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:01:08

To‘g‘ri, buning deganidek u kunlarda ishchi kambag‘allar hokimiyati qurilganliqdan, arzimagan narsa bahonasi bilan o‘ldirish tirgizish ishlarini, insonning eng ulug‘ huquqlarini inkor qilib, o‘ng so‘lini ajrata olmagan ishchi qo‘shchi qo‘llariga topshirmish edilar. Xalq ichida oz ko‘p tushunarlik, ko‘zga ko‘rinarlik, borliq kishilar inqilob dushmanlari hisoblanur edi. Ularcha haqsiz deb tanilgan odamlar jazoga tortilishi uchun, u kundagi hokimlar oldida u bechoralarning o‘zlaridan boshqa hech qanday guvoh-isbot kerak emas edi. Mana shuning uchun uning so‘zidan menga ham biroz tashvish tushgan bo‘lsa ham, es topgan kunimdan boshlab, har ish Allohdan iznsiz bo‘lmaydi degan ishonchim borlig‘idan o‘ziga topshirib, bu ishning sababiga kirishdim. Shundoqki, choy qaynashi bilan: «Qani, mirzalar, choy ichib olaylik, biz bo‘lsak qo‘lingizda turibmiz», degan bo‘lib, darhol xurjundagi yog‘liq kulcha, moyliq qazi, meva chevalarni chiqarib dasturxonga to‘qdim.
Ilik uzilgan ko‘klam vaqti edi. O’zlari och bo‘lsa kerak, bo‘ri qo‘yga tekkandek taomga hujum boshlab yeyishgani turdilar. Qonishgandan so‘ngra: «Xo‘sh, endi so‘rashib-tanishaylik, qayoqdan chiqdingiz, qayoqqa bormoqchisizlar?», deyishdi. Men ham to‘g‘risini so‘zlab:

Qayd etilgan