Qish o‘tishi yaqinlashib, yerdan ko‘katlar yangigina bosh ko‘tarmish edi. Bir kuni ertalab ko‘cha eshigimizdan kishi chaqirgan tovush eshitildi. Qarasam, o‘z mahallamizdagi Mirzaboy degan kishi ekan. U meni ko‘rgach, ko‘ziga yosh olib: «Sizga yaxshilikdan boshqani tilamaymiz. Hozirgi hukumat oldida, eshitishim bo‘yicha, ustingizdan har turli xabarlar borga o‘xshaydi. Endigi maslahat shulki, manavu ishlar yuz bosti bo‘lguncha, o‘rin o‘zgartib, boshqaroq yerda turishingiz yaxshiroq ko‘rinadi», dedi. Uning bu so‘zidan o‘ylanib, qandaydir ehtiyot yuzasidan, yot bir hukumat tuprog‘iga o‘tmoqchi bo‘lib, safar jamolg‘osiga kirishdim. Lekin boshqa chegaralar bizdan yiroq bo‘lganlikdan, Koshg‘ar tomoniga o‘tishni ma’qulroq ko‘rdim. Jonfido shogirdlarimdan tungon Dovudhoji safar yo‘ldoshim bo‘lib, yo‘lga tushdik.
Bolosog‘un To‘qmoq bilan Koshg‘ar oralig‘i otliq o‘rtacha yurishda o‘n-o‘n bir kunlik yo‘ldir. Bolosog‘un shahrining eski turkcha nomi Moqul bolig‘ bo‘lib, moqul yaxshi, bolig‘ shahar demakdir. Islomdan ko‘p yillar ilgari Issiqko‘l bo‘ylaridagi Beshbolig‘ bilan Bolosog‘un shaharlarida uyg‘urlarga o‘xshash o‘troq madaniy turklaridan o‘g‘uz turklari yashagan edi. Rum podshohlarining laqabi Qaysar, eroniylarniki Xisrov bo‘lganidek, Beshbolig‘, Bolosog‘unga kim podshoh bo‘lar ekan, unga Ediqut laqabi qo‘yulur edi. Aslida, Turkiston beshigi va poytahti Beshbolig‘-Bolosog‘un shahridir. Hozir ham Issiqko‘lning kungay (janub), terskay (shimol) tomonlariga suv ichida qayiq bilan yurgan kishilarga Beshbolig‘ harobalari ko‘rinib turadi. Biz bola vaqtimizda ko‘lning sayozroq yeridan bir hammom binosi topilmish edi undan chiqqan pishiq g‘ishtlardan qirg‘izlar olishib, ulkan manaplar (aslzoda, oq suyaklar) qabrlari ustiga bir necha gumbazlar yasatganlari hali esimizda bordir. Ko‘lning to‘lqinlari bilan chet yoqaga surilib chiqib qolgan o‘sha zamonning uy asboblari, dehqonchilik saymonlarini (ish qurollari, asbob-uskunalari) shu kungacha ham topib oladilar. Bu Beshbolig‘ shahrining harob bo‘lishiga kelsak, biz ko‘rgan tarixlarning hech birovida buning bayoni ko‘zimizga tushmadi. O’tmishdagi tabiat o‘zgarishlari orqali, yer tebranishi bilan shahar o‘rinlari ko‘lga aylanib, suv ostida qolgan bo‘lishi ham mumkindir. Qanday bo‘lsa ham, Beshbolig‘ obidalaridan topilgan asarlar eskidan beri o‘troq turklarida ilm, madaniyat bor bo‘lganligini bildiradi. Bolosog‘un miloddan ikki ming yillar ilgari o‘tgan Erondagi Qiyoniy podshohlaridan Kaykovuz, Kayxisrovlar zamondoshi eroncha Afrosiyob, turkcha Do‘kuxon atalgan turk hoqonining uchinchi poytaxti bo‘lgan ekan. Uning birinchi poytaxti Samarqand bo‘lishini eski tarixchilar shubha qilishadilar. Biroq shahar chetidagi keng maydon harobasi, yerlik xalq og‘zida, Afrosiyob atalishi va bu yaqinlarda u yerdan miloddan eski davr asarlari topilishi, turk hoqoni poytaxti Afrosiyob bo‘lganligini quvvatlaydi. Bunga ko‘ra Samarqand shahri jahongir Iskandar Makedoniy tomonidan qurilgan degan, ba’zi tarixlarda yozilgan so‘z asossiz bo‘lib qoladi, chunki Iskandar Afrosiyob davridan ko‘p keyin kelganligi hammaga ma’lumdir.