Yo‘q esa, hozirgi ustimizdagi madaniyat kabi, buni qo‘llanuvchilar xato ketganliklaridan, yolgiz jinoyatchilarni emas, balki butun inson olamini halokat chuquriga tushurishi shubhasizdir. Chunki shu kunlardagi dinsizlar madaniyatlari ta’siri ostida insonlarning axloqi butunlay buzulganlikdan, moddiy, ma’naviy bo‘lsin har yoqlama ziyon ko‘rayotganlari ko‘z oldimizda turadi. Bular esa o‘z maslaklarini boshqalarga qabul qildirish uchun xalqning tuzalish-buzulishlari, ularning har qanday ziyon zahmatga uchrashlari bilan hisoblashmaydilar. Balki, butkul qurol kuchi ishlatib, har qanday majburi-yat ostida bo‘lsa ham xalqni o‘z yo‘llariga kirgiza olsalar, tilaklariga yetgan bo‘ladilar. Madaniyatning ilm, fazl, hunar, sanoatlarini insonlar hojatini chiqarish, ular foydasi uchun ishlatish emas, balki o‘zlarining ko‘rlarcha ushlab yopishgan buzuq yo‘llariga kirgizish quroli qiladilar. Mana bunday madaniyatga buzuqlar boshligi bir firqapalidlar ega bo‘lgach, bular qo‘lida butun xalq erk ixtiyoridan ajrab eng tubangi hayvonlar qatorida yashamoqqa majbur bo‘ladilar. Bu kabi madaniyatlar oqillar, faylasuflar oldida «Zollata, fosiqa madaniyat», ya’ni «Ko‘rlar, adashganlar madaniyati» deb ataladi.
Buning ochiq ko‘ringan nusxasi shu kunlari ustimizda hukmron bo‘lib turgan bol’sheviklar keltirgan sharmandalar madaniyatidir. Chunki 50 yildan beri mustabidlar oyogi ostida ezilayotgan 15 yolgon jumhuriyat xalqlari, ayniqsa O’zbekiston musulmonlari milliy, diniy, vataniy huquqlaridan butunlay ajradilar. Yer yaratilgandan beri ota-bobolaridan qolgan halol meroslari gulguliston, bog bo‘stonlik ona Vatanlaridan haydab chiqarilib, ko‘z oldilarida kelgindi bosqinchilarga bo‘lib berilmoqdadir. Mana bularning keltirgan iflos bosqinchilar madaniyatlaridan biz O’zbekiston musulmonlari olgan hosilotimiz hozircha shu darajaga yetdi. Yana kelajak kunlari ustimizdan qanday rejalar qurilib, nima choralar ko‘rayotganlarini zamonga tushungan Vatan ahllari yaxshi bilsalar kerak. Endi yuqoridan boshlab shu joyga kelguncha yozgan so‘zlarimiz xozircha madaniyat taraqqiyotdan insonlar uchun qanday foydalanish kerakligini ajratish uchun har qanday odamga tushunarlik bo‘lgandir, deb o‘ylaymiz.