Hozirgi o‘qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo‘lmas ekanlar, ulardan bizga, ya’ni o‘z xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o‘zimizdan chiqargak yov qo‘lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo‘ladilar. U holda esa o‘zlaridan umid etilgan vatan o‘gillarining qo‘llari bilan vatan ahllarini ko‘mishga chuqur qaziladi demakdir. Endi milliy hissiyotlarini saqlash uchun o‘zlarida ikki narsaning bo‘lishi, albatta, shartdir. Birovi din, ikkinchisi esa har millatning o‘ziga xos ona tilidur. Bolsheviklar hokimiyati qurilgan kundan boshlaboq, diniy marosimlarimizni asosi bilan yo‘qotishga kirishganlikdan hozirgi bolalarimizning diniy hissiyotlari yo‘q hisobida qolmishdur. Buning ustiga yana o‘z ona tillaridan ham ajrar ekanlar, u chogda diniy va milliy hissiyotlari butunlay yo‘qolib, ko‘p uzoqlamayoq ruslarga yutilib ketishlari shubhasizdir. Bu esa ota-bobolarining suyaklari bilan bir qatlami ko‘tarilgan go‘zal O’zbekiston ona vatanlarini bosqinchilarga qoldirib, o‘zlari inqiroz chuquriga yuz tuban yiqilgan holda, tarix yuzidan abadiy o‘chiriladi demakdir. Bunday odamlar shu millat oldida eng katta jinoyatchi, olchoq odamlardir. O’z ota obolarini unutib, boshqalarga qo‘shilgan bunday kishilar haqida pashambarimiz Muhammad alayhissalom norozilik bildirib la’nat o‘qidilar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday qilib, shahar ichiga kirgach ruhi o‘chgan kishilarni, ko‘ngilsiz kuyalarni oralagancha Xo‘tan ariq bo‘yida ota mahallamizdagi pochchamiz Abdullahoji uyiga tushdik. U kecha orom olib, ertasiga Olimxonto‘ra akamiz bilan ko‘rishgandan keyin, bu yerda haftao‘n kunlab turishga to‘g‘ri keldi. Shu muddat ichida ko‘pgina kishilar bilan so‘zlashgan bo‘lsam ham, u kunlarda dushmanlar tomonidan qo‘llanilayotgan siyosat sehriga tuvalik (asosi bilan, tag-tugi bilan, chuqur) tushungan birorta kishini uchratolmadim. Shundoqqi, Maskov sehrchilari «bosmachi» nomida chiqqan qo‘zg‘olonchilarni hech kimga tuydirmay (bildirmay, sezdirmay) o‘zlarining eng yaqin qurollik askarlari qatoriga qo‘yib, ulardan foydalanmoqda edilar. Chunki, inson nasli yer ustiga taqalgandan beri hech davrda ko‘rilmagan buzuq, jirkanchli tuzumini bolsheviklar hech kimga qabul qildirolmagach, insonning hayotiy yemak-ichmak oziq-oqatlariga osilib, biror kishi uyida don urug‘idan ortiqcha hech narsa qoldirmay yig‘ib olishdi. Shu orqalik xalqni och o‘ldirish qo‘rqinchi bilan o‘zlariga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldilar. Lekin bu zulmlarini shahar ichlarida qamov dov kabi har turlik vahshiyliklar orqali tezda bajara olgan bo‘lsalar ham, shahar atrofi qishloqlarda sharoiti to‘g‘ri kelmagach, bu siyosatni yurgiza olmadilar. Chunki, bu kabi boshi tuyuq (berk), qorong‘u ko‘chaga xalqni kirgizish faqat iqtisodiy, siyosiy majburlik orqaligina bo‘lishi mumkindir. Shuning uchun bolsheviklar atrofdagi o‘zlariga qarshi bosh ko‘tarishgan nodon dushmanlarga ostirtdan (yashirincha, pinhona) qurol yetkazib turish siyosatini qo‘lladilar.