* * *
Dunyo — dallol,
Yonidan o‘tar bozorchi yillar,
Qarindoshing uqubat,
Begona omad tilar.
Baxt degani o‘zini,
Bozorga solar buncha.
Muhabbat — so‘qir kampir,
Havas — tannoz xonimcha.
Umr — devona sabo,
Daydib-daydib boradi.
Voz kechadi baridan,
Yana qaytib boradi.
Qo‘limga yuzin bosib,
Lola jon taslim etar.
Meni samo sirg‘asi,
O‘limga hukm etar.
Dunyo — sarxush bir daydi,
Ohuni ataydi bol.
Orzu — ulg‘aymas bola,
Armon — ajal yetmas chol.
Taqdir zulfimdek chigal,
Bu ham Haq irodasi.
Tanimdagi telba ruh —
U dunyoning pardasi.
Zamon — sahro, men unda,
Qo‘rg‘oshin tuproq — qumman.
So‘z bodasin simirib,
Mast bo‘lmoqqa mahkumman.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.