XXI asr she'riyati: Nafosat Sodiqova  ( 4110 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  30 Iyul 2008, 12:12:49

XXI asr she'riyati:

Nafosat Sodiqova




QALDIRG‘OCH

Qanotlari qoshlarimday go‘zal qushim,
Kel, bir xonish ayla, bo‘lsin dardga davo.
Shu kichkina vujudingda ne yashirin,
Ilhomimga qo‘shib imkon bergin sado!

Qaldirg‘ochim, qanotlaring qayrilmasin,
Sen  oshiyon qurgan ayvon, tinch, farovon.
Derazamni ochib qo‘ydim, sayrab uchgin,
Xonadonim sen birla fayzli, charog‘on.

Chug‘ur-chug‘ur tillaringda pur ma’nolar,
Tong saharda sadoyingdan uyg‘onurman.
Turli xil uy, bisyor guldor xonalar bor,
Lekin seni men ulardan qizg‘onaman.

Qanotlari qiz qoshiday go‘zal qushim,
Aslo mening xonadonim tark etmagin.
Erta tongda so‘ylab beray ko‘rgan tushim,
Biznikidan, qaldirg‘ochim, hech ketmagin.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 12:21:14

QASAM

Achchiq xotiralar bo‘ldi-ku tilak,
Og‘ir ayriliqqa ko‘ndi bu yurak,
Nima bo‘lsa hamki tan olish kerak,
Sevdim, sevayapman, sevaman seni.

O‘tkinchi havasga berildik goho,
Boshga sinovlarni soldi bu Dunyo.
Dilim to‘la nafrat bo‘lsa ham ammo,
Sevdim, sevayapman, sevaman seni.

Har on xayolingsiz o‘tmaydi vaqtim,
Seni o‘ylasam, bas, ortadi zavqim.
Bilmam, armonimmi va yoki baxtim,
Sevdim, sevayapman, sevaman seni.

Bu qanday tuyg‘uki, seni o‘ylasam,
Pinhona o‘rtanib noming kuylasam.
Kecham ham bugunim, ertamdan qasam,
Sevdim, sevayapman, sevaman seni.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 12:21:53

TUSHLARINGGA KIRAMANMI HECH

Tushlaringga kiramanmi hech?
Har kechada shuni o‘ylayman.
Seni ko‘proq yaxshi ko‘rsin deb,
Ko‘zlarimni tarbiyalayman.

Senga maftun go‘zallar bisyor,
Menda esa devona yurak,
Aytgin, sendan o‘zga kimim bor,
Baxt, iqboling — yagona tilak.

Muhabbatning tashrifi bugun,
Achchiq sog‘inch soldi vujudga.
Yuragimdan o‘rlaydi tutun,
Asir bo‘ldim ishq nomli yurtga.

Sen kashf etib dilim dunyosin,
Va so‘ng dilga payvandlading, jon.
Tushlarimning so‘rab ro‘yosin,
Seni o‘ylab yumaman  mujgon.

Goho tunlar tushlarimda sen,
Seni o‘ylab bedorman goh kech.
So‘yla, uxlab qolganingda men
Tushlaringga kiramanmi hech?..

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan