XXI asr she'riyati: Bahodir Bahrom  ( 2875 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  30 Iyul 2008, 12:27:03

XXI asr she'riyati:

Bahodir Bahrom




*  *  *

Ohuday yo‘qoldi ohu zorlarim,
Men yana qaytdim, terakzorlarim.
                   Sirojiddin SAYYID

Olis bolalikning xotirasiga,
Yetarmikan cheksiz yurakzorlarim.
Boshingni silagan shu’lalar qani,
Bag‘ringga qaytdim men, terakzorlarim.

Novdalaring o‘sib voyish bo‘libdi,
Sho‘xliklar yil o‘tib tashvish bo‘libdi.
Boshingdan ko‘p savdo o‘tibdi mensiz,
Qo‘shig‘ing eng mahzun xonish bo‘libdi.

Daryo qirg‘oqlari poyingni o‘pib,
Ildizing qirqmoqqa shaylanibdi zab.
Sen o‘sgin, qo‘rqma hech tomirlaringni,
Asrayman yuragim tubiga joylab.

Bag‘ringga qaytdim men, terakzorlarim,
She’r yozmoq istadim yaproqlaringga.
Kel endi, bir lahza mizg‘ib olayin,
Boshimni qo‘ygancha oyoqlaringga.

Yo‘q! Sensiz yiroqda o‘n yil uxladim,
Uyg‘onmoqlik payti keldi, dilbarim.
Vaqtni o‘n yil ortga surgancha keldim,
Bag‘ringga qaytdim men, terakzorlarim.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 12:27:12

TARADDUD

Bu kech Buxorodan jo‘naydi poezd,
Sog‘inching gullaydi adirlarida.
Yarim kun sudralib yurganday go‘yo,
Poezd yuragimning tomirlarida.

Vujudim chulg‘aydi ajib bir holat,
Uchaman sevgining samovotida.
Qora niyatini silagan bid’at,
Kirolmas yuragim xayolotiga.

Oynamni sindirib uchadi umid,
G‘iybatlar changali — qirq birinchi ip.
Buxoro tomondan esa bir poezd,
Tuyg‘ularim uzra kelar hapqirib.

Tong otar. Eshigim g‘imirlab mudroq.
"Buxorodan oldim sovg‘a — muhabbat"
Deyman, qara (u sening aksing)
Ko‘zlarimga sovg‘am buyuk sadoqat.

Bu kech Buxorodan jo‘naydi poezd...

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan