XXI asr she'riyati: Bahodir Xudoybergan  ( 2485 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  30 Iyul 2008, 12:32:27

XXI asr she'riyati:

Bahodir Xudoybergan




ILMI  DARVISH

Umid Bekmuhammadga
               
Asl Xorazmdan ming bir nishon yo‘q,
Senga ta’riflovchi hech bitta jon yo‘q.
Yetaklab borishga hech bir imkon yo‘q,
Ilmi darvish ukam, Umidjon ukam.

Vayron qilgan birov, yig‘lagan Sensan,
Munchalar siqilsang? Dunyo bir kengsan.
Sen bir Xivadagi minorga tengsan,
Mening mehribonim, Umidjon ukam.

Senga kerakmidi shunchalar tashvish,
Moziyni titkilash, qirg‘inli urush?
Qancha pahlavonlar qo‘l urolmabmish,
Yelka dosh berolmay qalamga  tajang.

Kimdir zar, durlarni gizlab ovvora,
Kimdir pastkashlarni "Siz!"lab ovvora.
O‘zga  dardin aytib torlar bechora,
O‘z dardin unutdi, Umidjon ukam.

Jayxun daryo bo‘lib oqib turgaysan,
Chilpiq uzoqlarga boqib turgaysan.
Pirim yelkamizga qoqib turgaysan,
Xudo quvvat berib, Umidjon ukam.

Ko‘rmasam, men Seni izlab qolaman,
Aytgan so‘zlaringni "Siz"lab qolaman.
"Ayting! Ayting!" deya, so‘zlab qolaman,
Ilmi darvish  ukam, Umidjon ukam.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 12:33:26

SEN UCHUN

Mendan,
Hech kimdan ko‘rmagan mehrni topsang,
Tunlari qo‘ynimda chirmashib yotsang.
Eng noyob lazzatni Sen mendan topsang,
Jannat nima kerak men uchun?

Agar,
Falak imkon berib taxtga o‘tirsang,
Eng birinchi dushman,
                            xafli,
                                 men tursam.
Jallod!
Boshin chopgin uning! — deb buyursang,
Bu......
Eng Oliy Baxt Sen uchun!

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 12:33:43

FARISHTAM

Menga aytgan so‘zni unga aytarsan,
She’r bilan mehr-la, sehrlab.
Unga borib meni so‘kib qaytarsan,
Menga kelib uni qarg‘ab, shivirlab.

Ikki inson yurar Seni opichlab,
Ikki ko‘r,
              ikki kar,
                           ikki bahodir.
Sening har so‘zingdan yurak hovuchlab,
Chunki, yo‘qotishdan qo‘rqishar axir!

Tog‘dagi gullar  bu  beg‘ubor ekan!
Ko‘nglim bu dunyoga sig‘may yuribdi.
Insonga MUHABBAT — bu bekor ekan,
Xudoyim ne uchun beribdi?

Unga aytgan so‘zni menga aytarsan,
Noz  bilan sehrlab, go‘zalim.
Bir kun yig‘lab qolsang...: qaytarsan?
"Malikam,
                   Farishtam,
                                       Asalim!!"                                             
             
"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan