XXI asr she'riyati:
Bahodir XudoyberganILMI DARVISHUmid Bekmuhammadga Asl Xorazmdan ming bir nishon yo‘q,
Senga ta’riflovchi hech bitta jon yo‘q.
Yetaklab borishga hech bir imkon yo‘q,
Ilmi darvish ukam, Umidjon ukam.
Vayron qilgan birov, yig‘lagan Sensan,
Munchalar siqilsang? Dunyo bir kengsan.
Sen bir Xivadagi minorga tengsan,
Mening mehribonim, Umidjon ukam.
Senga kerakmidi shunchalar tashvish,
Moziyni titkilash, qirg‘inli urush?
Qancha pahlavonlar qo‘l urolmabmish,
Yelka dosh berolmay qalamga tajang.
Kimdir zar, durlarni gizlab ovvora,
Kimdir pastkashlarni "Siz!"lab ovvora.
O‘zga dardin aytib torlar bechora,
O‘z dardin unutdi, Umidjon ukam.
Jayxun daryo bo‘lib oqib turgaysan,
Chilpiq uzoqlarga boqib turgaysan.
Pirim yelkamizga qoqib turgaysan,
Xudo quvvat berib, Umidjon ukam.
Ko‘rmasam, men Seni izlab qolaman,
Aytgan so‘zlaringni "Siz"lab qolaman.
"Ayting! Ayting!" deya, so‘zlab qolaman,
Ilmi darvish ukam, Umidjon ukam.