XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov  ( 21674 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  30 Iyul 2008, 13:28:47

INSON OMILI

Samolyotlar qular,
Kemalar cho‘kar,
Poezdlar izidan chiqib ketadi.
Bu holning sababin qancha izquvar,
Qancha idoralar tahlil etadi.

Mayda murvatgacha axtarib topib,
Tekshirar ilmning necha komili.
Oxiri besamar daftarin yopib,
Deydilar: Sababchi inson omili.

O, inson omili, so‘nggi sababkor,
Tangri qoshidagi yolg‘iz dalolat.
O‘zingning dardingga o‘zingsan aybdor,
O‘zingga yuklaysan o‘zing malomat.

Hatto nadomating o‘zingga tortiq,
Cho‘kkan kema bilan cho‘kkaymi zoring.
Baridan ortiqdir, baridan ortiq
Sening bir-biringga bergan ozoring.

G‘alva chiqarmoqqa sen doim shaysan,
Buraysan tinch turgan boshning
                                murvatin.
Umring o‘tib borar, sen-chi yashaysan,
Bir shumlik qilishning poylab
                                  fursatin.

Ne-ne zakiy zotlar sening dastingdan,
Shaytonga koranda bo‘lgani ham rost.
Sening makringdanu sening qasdingdan,
Kimlardir beajal o‘lgani ham rost.

Ulug‘ kashfiyotlar seniki garchand,
O‘zingsan falakning tengsiz olimi.
Bir kun mehvarida zamin yesa pand
Sabab bo‘lmasmisan, inson omili.

23.12.07 y.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:29:08

IJROCHILAR

Maqsadimiz aniq,
G‘oyamiz porloq.
Zorligimiz yo‘qdir himochilarga,
Va lekin ishimiz tushadi ko‘proq
Ba’zi bir qadrdon — ijrochilarga.

Sekin o‘sib borib, uch yilmi, to‘rt yil
Mazkur o‘rindiqda o‘ltirar ular.
Juda ham ziyrakdir, juda ham qobil,
Bo‘lmagan ishni ham bo‘ldirar ular.

Unutib qo‘yishi mumkindir ba’zan
Biror tanishi yo yorning ismini.
Lekin unutmaydi, yozilmay qolgan
Muhim hisobotning so‘nggi qismini.

Uyiga qaytadi horib va tolib,
Ba’zan yarim tunda yo undan nari.
Tushlariga kirar — kurortlar qolib,
Mansabning keyingi pog‘onalari.

Asli o‘shalarda sinalar toqat,
Ular bor, qo‘rg‘onga yo‘lamas yotlar.
Aniq tavsiflari bittadir faqat:
Ijrochi zot ular, ijrochi zotlar.

Biroq ko‘ngli jo‘shib onda-yu sonda
Baland maqomlarda so‘zlaydilar ham.
Sigara tutatib yuksak balkonda
Olis-olislarni ko‘zlaydilar ham.

Ne ajab, tobiga kelganda tandir
Novvoy ochiq joyga kulcha ham yopgay.
Nima bo‘lganda ham, ular baribir,
Qutlug‘ dargohlarda tarbiya topgay.

She’rimni tugatdim,
G‘oya va turoq
Tahlili olimu imlochilarga.
Ayrim tashbehlarim sust bo‘lsa biroq,
Uzrimni ayturman ijrochilarga.

23.12.07 y.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:29:23

QUYOSH BEKATI

Sayr qilib yurarkan olis Yoponda,
Ajib faxr hissi jo‘shardi qonda:
Quyosh bu diyordan chiqsa ham garchand,
Bir kun to‘xtab o‘tar O‘zbekistonda.

22.09.2007 yil, Tokio

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:29:41

YANGI DAVRA

Bir davrada men o‘zimni begona
                                  sezdim,
Go‘yo boshqa sayyoraga kelganday sayyoh.
Turfa nozik buyumlardan qamashib
                                    ko‘zim,
Qo‘rqar edim, tegib ketmay deya
                                  banogoh.

Ahli davra g‘oyat po‘rim, g‘oyat
                             maftunkor,
Har birining imosida nazokat ayon.
Ular ta’zim qilishardi takror va
                                         takror,
Taqib olgan uzuklari yaltirar shoyon.

Men-chi yolg‘iz o‘ltirardim ko‘rgan kabi
                                     tush,
Bo‘yinboqqa mos kelganmi men
                        kiygan ko‘ylak?
Talay sanchqi, qoshiqlarga boqardim
                                           xomush,

Qaysi birin qaysi qo‘lga olmog‘im
                                          kerak?
Shu on qo‘shiq yangrab qoldi yorug‘
                                         sahnada,
G‘amginmidi, shodmonmidi —
                    bilmasdim, valloh.
May ichmasdan mastday edim o‘sha   
                                           lahzada,
Mening uchun qadah so‘zi
                   aytilmishdir, voh!

Yangi zamon g‘unchalari, sizlarga
                                     salom,
Bitta ko‘hna mo‘miyoni
                     siylamishsiz, bas.
Nabiralar ko‘rsatibdi menga
                                        ehtirom,
Demak, ushbu davrada men begona
                                    emas.

31.12.2007 y. 

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:30:03

YO‘RIQ

Dunyoning ibratli yo‘riqlari bor,
O‘sha boshqaradi umr kemasin.
Do‘stiga mehrini etganda izhor,
Hech kim ko‘kragidan tepki yemasin.

Qanchalik balandga chiqmasin odam
Aslo unutmasin Xalloq — egasin.
O‘zini gunohkor sanasin har dam,
Savob ishni esa qildim demasin.

10.01.2008 y.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:30:10

MULK

Sen meni kechirgin gaplarim uchun,
O‘rinsiz so‘zlarim uchun kechirgin.
Sening yuzlaringga boqib tunu kun,
To‘ymagan ko‘zlarim uchun kechirgin.

Fikring menikidir, zikring meniki,
Menga taalluqli go‘zalliging ham.
Qolgan barcha mulking, mayli, seniki,
O‘zingga ne qoldi, aytgil, Hanifam?

10.01.2008 y.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan


ан-Насафий  01 Aprel 2011, 22:05:06

Ассалому алайкум ва раҳматуллоҳ!

     Халқ шоири, Ўзбекистон қаҳромони Абдулла Ориповнинг 70 ёшга тслганлиги муносабати билан шоирга бағишлаб Қарши шаҳрида китоб ва аудио диск чиқарилди. Дискда шоирнинг 22 та шеъри мухлисларга асл овозда тақдим стилди. Шу шеърдан бирини тақдим қилмоқдамиз.

     Шоирнинг ширали ва ёқимли овозидан баҳраманд бслинг:)



[Katta hajmda ekanligi bois o'chirildi.]

Qayd etilgan


UzMuslim  02 Aprel 2011, 23:38:02

Uchqun

Goho xayol daryosida jim
O'tkazaman tunlarni bedor.
Ba'zan g'aliz jumla ustida
Soatlab bosh qotirganim bor.

Shaloladek bo'lsa she'rlarim
Yog'du sochsa misli alanga
Sidqidil-da qobil o'gildek
Xizmat qilsa elga, Vatanga

Xali bunga ko'p gap bor, xali
Fikrlarim tarqoq, tuyg'usiz
Xali qancha tunlarni yana
O'tkazishim kerak uyqusiz...

Achinmayman, sizga o'ylarim
Achinmayman, sizga, uzun tun.
Achinmayman, chunki otashga -
Oq yo'l berar odatda uchqun!

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  04 Dekabr 2011, 21:54:30

Tingla, bu abadiy sado bo'ladi,
Gadoning dushmani gado bo'ladi.
Ikkovi bir-birin yegunicha to
O'rtada bu dunyo ado bo'ladi.

1975

Qayd etilgan


Abdulhafiz  15 Yanvar 2012, 21:30:04

Imom Buxoriy

Ayni avjga chiqqan payt
Xudosizlik da'vosi
Maskovga kelar bo'ldi
Bir musulmon podshosi.

Siyosat o'gayni ham
Tug'ishganim dedirar.
Aytmaganni ayttirib,
Yemaganni yedirar.

Podshoning-chi, ko'ngliga
Qaramoqlik farz erur.
Chunki ikki tomon ham
Bir-biridan qarz erur.

Qayga desa olib bor,
Koshonami, uyaga.
Ot desa otga mindir,
Tuya desa tuyaga.

Biroq bu galgi podsho
Qaysarroq chiqib qoldi.
Bir joyga boraman deb
So'zida turib oldi.

U joy esa tashlandiq,
Xaroba hamma yog'i.
Olis O'zbekistonning
Xartang degan qishlog'i.

Bor ekan u manzilda
Ziyoratgoh bir maskan.
Lekin butkul qarovsiz,
Atrofini o't bosgan.

Podsho degani buncha
Nozik ham bo'lmasin-da.
Aytganini qilaylik,
Sazasi o'lmasin-da...

Dedilar: - A'lohazrat,
Sizni eltamiz tezda.
Samolyot qo'nolmaydi,
Boraqoling poyezdda.

Shu orada Xartangni
Go'yo ta'mir etdilar.
Mehmonni hafta o'tmay,
Manzilgacha eltdilar.

"Assalomu alayka",
Ming shukrdir boriga.
Imom xokiga yetdik,
Yetishdik Buxoriyga.

Podshodan gadogacha
Bu dargohda teng erur.
Imomga-chi Vatan tor,
Garchi dunyo keng erur.

Ha, zamonning hovuzi
Loyqaga to'lgan edi.
Hadis ilmin sultoni
Behurmat bo'lgan edi.

Masjidlar dargohida
Yurmasam-da, chekib oh.
Dilimda imon nuri
Yashar, alhamdulilloh.

Budda ham, nasoron ham
O'z dinim, o'z elim der.
Aslida e'tiqodning
Poydevori ilmdir.

Mukarram etdi Egam
Bizga dini Islomni.
Buxoriydek zotlar-chi,
Ogoh qildi avomni

Hadis cho'ng ilm bo'ldi
Yetib Haqning rizosi.
Aytsa arzir: Buxoriy
Payg'ambarning mirzosi.

Bisyor edi donishlar,
Yo olim, yo pir edi.
Hammasining u zamon
Ko'rguligi bir edi.

Ularning xok turobin
Oyoq osti etdilar.
Himoya qilganlarning
Boshlari ham ketdilar.

Qalblarning alangasi
Tutashganday bir ohga.
Elning armon, hasrati
Yetdi bir kun Allohga.

Shukr, zamon o'zgarib,
Qad rostladi ehromlar:
At Termiziy, Naqshband,
Xartang, Hasti Imomlar.

Bahovuddin guvohdir
O'sha asriy nidoga.
Yurt qo'l ochar Yurtboshi
Qo'l ochsalar duoga.

Poytaxtga kel, niyating
Bo'lmasin aslo yarim,
Bu joydadir eng noyob
Mushaf - Qur'oni Karim.

Bosh qo'ydik biz sajdaga
Yigirma yil behadik.
Goh duch keldik fitnaga,
Sinovlarga chidadik.

Ming shukr, tiklay oldik
Buyuk bobolar nomin.
Yurtni yomon ko'zlardan
O'zi asrasin. Omin...

Abdulla Oripov
"Hidoyat" jurnalidan.

Qayd etilgan