SODDALIK
Inson bolalari baribir sodda,
Men sizga keltiray uch-to‘rtta misol.
Balki siz ularni saqlarsiz yodda,
Yoki boyitarsiz, ehtimol.
Mana bu holatni aylang tasavvur,
Bu ham soddalikdan emasdir yiroq:
Kimdir zarracha ham qilmay tafakkur,
Uysizdan joy so‘rar, so‘qirdan chiroq.
Hamyonin oldirgan nuroniy bir chol
Insof! - deb boshini qilardi sarak.
Oh, go‘l otajonim, sodda oqsoqol,
Insofni bor gap deb o‘ylasa kerak.
O‘zim uchratganman, bir nokas, nodon
Masxara qilardi sodda siymoni.
Der edi: — Bilmaydi bu latta inson
Hozir kalla emas, aqcha zamoni!
Inson bolalari sodda baribir,
Mana qabulxona. Odamlar turlik.
Navbati kelganda quvondi kimdir,
Ishim bitadi, deb o‘yladi sho‘rlik.
Inson bolalari baribir sodda,
Garchand dunyo mushkul - buni biladi.
Yashagisi kelmas yig‘lab faryodda,
Sho‘x-sho‘x qo‘shiqlarni talab qiladi.
iyul, 2007 y.