XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov  ( 29313 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  30 Iyul 2008, 13:26:20

QUM SOCHISH

Kichkintoy nabiram labi pirpirab,
Kichkina hasratin ochdi bir kuni:
O‘rtog‘im qum sochdi ko‘zimga qarab,
Xafa qilmagandim axir men uni.

O, o‘g‘lim, betoqat bo‘lma buncha ham,
Bobongning joniga bersin-da to‘zim.
Agar undaylarni men ham sanasam,
Ossam bo‘lar edi o‘zimni-o‘zim.

20.11.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:26:32

QARG‘ISH

Ossalar — daqiqa umringga yakun,
Otsalar — daqiqa umringga yakun.
El-yurt qarg‘ishidan asrasin Xudo,
Avlod-ajdodingga yetgay u butun.

21.11.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:26:43

INSON

Senga bo‘lsin ezgu hislarim,
Nafratlarim boshqa yoqlarga.
O‘zni tanib, Seni izladim,
Duch kelsam ham shum siyoqlarga.

Birov seni avliyo dedi,
Birov dedi mehnatkash siymo.
Gar siyrating yodimda edi,
Suratingni ko‘rmadim ammo.

Yo‘liqasan go‘dak bo‘lib goh,
Goh mo‘ysafid, goh shod, goh nolon.
Kimligingdan bo‘lmadim ogoh
Va atadim nomingni — Inson.

20.11.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:27:01

TABIATNING ISHI

Tabiatning ishi g‘oyat rang-barang,
Haddan ziyodlikni sevar u biroz.
Ikki boshli buzoq bor emish, qarang,
Bor emish qaydadir to‘rt oyoqli g‘oz.

Turfa hodisotga uchrar odam ham,
Gohida otliq u, gohi piyoda.
Gohi bosib kelsa haddan ziyod g‘am
Gohi shodlik kelgay haddan ziyoda.

Lekin hech bir inson bilmas shu asno,
Taqdir ipi qanday to‘qilganini.
Haddan ziyod oqil tug‘ildimi yo,
Haddan ziyod nodon tug‘ilganini.

24.11.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:27:08

JANNAT

Umrim shamollari hanuz yeladi,
Hanuz nurli chehrang turar qoshimda.
Onajon, men seni ko‘rgim keladi
Yetmishni qoralab qolgan yoshimda.
Mayliga, menga ham orom tilagin,
Onajon, sog‘inchim o‘zingsan rosti.
Mo‘ysafid o‘g‘lingning boshin silagin,
Menga jannat erur oyog‘ing osti.

25.11.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:27:17

OSH

Kimdir kimga tashlanib,
muttasil zahrin sochar,
Xashagini titkilab,
ming yillik aybin ochar.
Ehtiyot bo‘l, birodar,
go‘laxlarga ishonma,
Osh pishganda qozonni
bildirmay olib qochar.

25.11.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:27:31

PAXTA

Tug‘ilib ilk bora beshikka kirsam,
Boshimda bolishim bo‘lgan o‘zingsan,
Dunyoning qaysi bir burchida yursam,
G‘ururim, nolishim bo‘lgan o‘zingsan.

Kezdim saroylarni shuhrating sabab,
Gohi zindonlarga aylandi joyim.
Loyimni qorganda momiqqa o‘rab,
Yo‘rgaklab olgandir balki Xudoyim.

Paxtam deb kuylasam seni qay zamon,
Yog‘ildi sha’nimga hatto malomat.
Emishkim yo‘q senda ilhomdan nishon,
Yo‘qdir go‘zallikdan senda alomat.

Seni rizqim degan mushtipar onam,
Demakki, rizqimsan azaldan-azal.
Toki shu tuproqda ekan nasibam,
Hatto yantog‘iga yozurman g‘azal.

27.11.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:27:43

DO‘ST

Taqchil buyumlar bor, taqchil dori bor,
Ularga ayricha bo‘lgay e’tibor.
Do‘st ham taqchillarning
                         ro‘yxatidadir,
Do‘stni ham topmoqlik dushvordir,
                                  dushvor.

3.12.2007 yil

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:28:08

HIDOYAT YO‘LI

Eng yaxshi jihod — ezgu niyat bilan qilingan hajdir.
Hadis


Islomning muqaddas arkonlari bor,
Haj, ro‘za, namozu zakot va jihod.
Ular bog‘liq erur iymonga poydor,
Bajargan har mo‘min topgaydir
                                 najot.

Ro‘za va namoz-ku hamrohdir doim,
Zakot ham topilgay ba qadri imkon.
Imoning to mahshar bo‘lsin but, qoim,
Lekin jihod nedur? Nahot jang
                                 va qon?

Qay mo‘min hidoyat yo‘lini bilsa,
Hirsu nafs hujumin etolsin barbod.
Rasululloh demish: - Kimki haj qilsa,
O‘shadir dunyoda eng yaxshi jihod.

19.12.07.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:28:20

KAMTARLIK

Har kimga buyursin o‘zining dardi,
Ba’zan kulsang kamdir, yig‘lasang ham oz.
Bir kuni xilvatda suhbat qilardi
Sodda shogird bilan mehribon ustoz.

Ustoz der ediki: — Topshiriq shuldir:
Gum qil falonchini, qurisin zoti.
So‘ng esa albatta o‘zingni o‘ldir,
Jannatga tushasan o‘sha zahoti.

Shogirdi der edi g‘oyatda kamtar:
—  Ustoz, maqbul erur aytgan so‘zingiz.
Jannat shu qadarli naqd bo‘lsa agar,
Ishni boshlab bering avval o‘zingiz.

20.12.07.

Qayd etilgan