XXI asr she'riyati: Yoqub Xoʻjayev  ( 7197 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  30 Iyul 2008, 13:38:33

XXI asr she'riyati:

Yoqub Xo‘jayev




SHIMOLLIK MEHMON

Doston

1. O‘rtog‘imiz Amirjon
Chukotkada yashaydi.
It boqar, bug‘u boqar,
Kattalarga o‘xshaydi.
Mergan bola — o‘q otib,
Aslo xato qilmaydi.
Bolalar undan nari
Bir qadam ham jilmaydi.
Shimoldagi maktabda
Bolalarga sardordir.
Hammaning ahvolidan
Doimo xabardordir.
Ovul. O‘tovlar siyrak,
Qirlarda qalin qordir.
Har o‘tovda Amirning
Og‘aynilari bordir...
Tumanni ham, bo‘ronni ham
Pisand etmaydi Amir.
Odamni xavfu xatarda
Tashlab ketmaydi Amir.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:39:21

2. Desangiz "Amir bilan
Tanishdingiz qayoqda?
Taygada yashaydi-ku,
U yurt  juda uzoqda?!"
Biz Internet orqali
Xabar oldik u yoqdan.
Va axborot yubordik
Go‘zal yurtimiz haqda.
Dedik: "Amir, og‘ayni,
O‘zbekistondan salom!
Aziz mehmon bo‘lib kel
Toshkentga, xullas kalom.
Shimolning bo‘ronini
Tuhfa qilib ola kel.
Qutub yog‘dusini ham
Oq ayiqni ola kel...
Billur yog‘du — qizlarga,
Oq ayiq — bolalarga.
Muz tog‘ — aysberglarni
Hadya et dalalarga.
To‘xtagin! Bu gap — hazil,
Kulgin deya aytdik-da.
Chin yurakdan yaqin do‘st
Bo‘lgin deya aytdik-da.
Rosti — bizda qalin qor,
Sizda esa yoz bo‘lmas.
Quyoshli yurtimizda
Qahraton ayoz bo‘lmas.
Har bir yurtning sehri bor,
Har mamlakat go‘zal, soz.
Tezroq mehmon bo‘lib kel,
Xohla bahor, xohla yoz".

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:39:36

3. Biz Internet orqali
Qildik rosa hangoma.
Amir ham kompyuterdan
Yozib yubordi noma:
"Yurtingizga boraman,
Do‘stlar, yoz emas, qishda.
Yozgi ta’tilda esa,
Bandman muhim yumushda..."

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:39:44

4. Yangi yilni kutishga
Tayyorlanar edi xalq.
Aeroportga chiqdik  biz
Samolyotga ilhaq.
O‘zbekistonning havo
Yo‘llari doim ochiq.
Xohla uyda mehmon kut,
Xohlasang dunyoga chiq.
Talabalar bormoqda
Chet ellarga o‘qishga.
Tunov kuni bir bola
Uchib ketdi AQShga...
Xullas, bizlar Amirni
Kutar  edik intizor.
Xafsalani pir qildi
Navbatchi bergan xabar:
— Samolyot qo‘nmas bugun,
Obu havo noqulay.
— Yordam bering, amaki!
— Iloj yo‘q, nima qilay?
— Chukotkadan kelmoqda
Amir degan do‘stimiz.
Yangi yil kutayotir
Axir butun yurtimiz.
Bunga obu havomiz
Qarshi bo‘lmasa kerak.
Do‘stni qabul qilmasak,
Yaxshi bo‘lmasa kerak.
— Do‘stga ehtiyojim bor,
Lekin na ilojim bor?
Oynadan qarang, ana,
Qutirmoqda qor bo‘ron.
Qo‘nishga jur’at etar
Qay uchuvchi pahlavon?!

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:39:55

5. Bir kun kutdik, kelmading,
Ikki kun kutdik, kelmading.
Qayda qolding, Amirboy,
Dil xun kutdik, kelmading.
Tunda ayoz qoplaydi,
Dalada qor to‘playdi.
Shoshma-shoshar  yo‘l yursang,
Yaxmalak yer boplaydi.
Mo‘ynalar va terilar
Odam bo‘lib tirilar.
Telpaklar va po‘stinlar —
Qo‘zichoqlar, bo‘rilar.
Ayoz muzli yo‘l soldi,
Oynalarga gul soldi.
Tanamizni chimchilab,
Qo‘ynimizga qo‘l soldi.
Barmoq uchi chimillar,
Yo‘lovchilar qimillar.
Muzda avtomobillar
Toshbaqaday imillar.
Tevarakda oq tuman,
Qishning  qahri beomon.
Qovoq uyib osmondek
Yo‘lga qaraymiz hamon.
Bir kun kutdik, kelmading,
Ikki kun kutdik, kelmading.
Qayda qolding, Amirboy,
Dil xun kutdik, kelmading.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:40:03

6. Uchinchi kun sahardan
Katta hashar boshlandi.
Qor kurash uchun maxsus
Mashinalar tashlandi.
Hashar boradi qizg‘in,
Aeroport juda gavjum.
Tinim bilmay yog‘ar qor,
Bo‘ron qiladi hujum.
Ko‘zni ochirmas shamol,
Yo‘lni qoplar yana qor.
Hasharga qatnashmaslik
Odam uchun uyat, or.
Kelishdik-kattalarga
Qarashamiz, bolalar.
Aerodromdan  qorni
Kurashamiz, bolalar.
7. Uchish maydonidan tez
Kurab tashladik qorni.
Osmondan eshitildi.
Zo‘r tovushi motorni.
Yuk tashuvchi samolyot
Bir zumda uchib keldi.
Uchuvchi yigit kulib,
Zinadan tushib keldi.
Bizga so‘z qotdi mamnun:
— Hormanglar!
Demak, hashar.
Azamat o‘g‘lonlari
Birlashgan xalq ko‘p yashar.
Bab-baravar, askardek:
— Biz dastiyormiz, — dedik.
El-yurt uchun xizmatga
Doim tayyormiz, — dedik.
So‘ng so‘radik:
— Samolyot
Qaydan keldi?
— Xorijdan...
Toping-chi.
— Misrmi, Rim?
Kubadanmi, Parijdan?
— Shimoldan-Chukotkadan
Kelgandirsiz ehtimol?
— Topdingiz, uzoq uchdik,
Qiynadi bo‘ron, shamol.
— Samolyotingizda
Amir degan bir bola -
Bizningg aziz do‘stimiz
Kelmadimi mabodo?
— Aha, anov bolami,
Amir degan azamat?
Chukotkalik mehmonni
Kutib oling, marhamat.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:40:12

8. Samolyot orqasidan
Ochildi temir eshik.
O‘qdek otilib chiqdi
Chana tortgan to‘rt kuchuk.
Hayqirdik:
— Ura-a! Amir!
Ana, chana ortida.
U tashrif buyurgandi
Chukchalarning nartida.
— Salom, do‘stlarim! — deb u
Biz tomon yelar edi.
Nart ustida Amirboy
Qiyqirib  kelar edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:40:25

9. Nogahon bizning qizlar
Chuvillashib qolishdi.
Go‘p-so‘z qilib hammani
Hayajonga solishdi.
— Voy-voy! Qarang, chanada
Ayiq bola bor ekan.
Yunglari esa, oppoq,
Bamisoli qor ekan.
Samolyotda  uchganda
Qo‘rqmadingmi, jonivor?
Shuncha olis yo‘l yurib,
Qolmadingmi och-nahor?
Ayiqchani avaylab,
Qizlar bo‘ldi mehribon,
Shirin so‘z bilan siylab,
Qand bilan qildi mehmon.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:40:34

10. Shamoldek yelib borar
Chukchalarning ulovi —
Amirboyning qo‘lida
Kuchuklarning jilovi.
Ulovga minib olgan
O‘quvchilar galasi —
Bizning guzarimizning
Bir to‘da sho‘x bolasi.
Svetofor bir ko‘zidan
Yam-yashil nur sochadi.
Gavjum chorrahalarda
Nartaga yo‘l ochadi.
Quvnoq qo‘shiq aytamiz
Borayotib yo‘lda biz.
Amir va oq ayiqni
Uyimizga eltamiz.
Do‘stlar, "Xalqlar do‘stligi"
Ko‘chasidan ketamiz.
Beshyog‘ochdan o‘tiboq,
Sirk oldiga yetamiz.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 13:40:58

11. Sirkda rangli afisha,
Bolakaylar ommasi.
Boqar bo‘ynini cho‘zib,
Qushchalardek hammasi.
Bolalar ham, qizlar ham
E’lon o‘qir intilib.
Olg‘a chiqdi yosh muxbir
Xalq ichidan otilib.
— Men "Tong yulduzi"danman,
Qochib turing, bolalar.
Yozib olay, daftarimni
Ochib turing, bolalar.
Aha! Uzoq shimoldan
Mehmon tashrif buyurdi.
Yangi yilda uchrashuv
Bo‘lar ekan bu yerda.
"U mergan ekan, hatto
Bo‘ronni jilovlarkan.
Bobolari bir mahal
Dengizda kit ovlarkan"...
Shoshmay turing, nahotki...
Bu xabar — katta shov-shuv.
Bolalar orasida
Rosa gap bo‘lar duv-duv.
"U bilan kelgan emish
Oq ayiq bola yana.
Samolyotda uchganmish
Itga qo‘shilgan chana"...
Shimol yog‘dusi haqda
So‘zlar emish hikoyat.
Gazetada maqolam
Qiziq bo‘lar bag‘oyat.

Qayd etilgan