XXI asr she'riyati: Oʻlmasoy  ( 3347 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 12:14:37

XXI asr she'riyati:

O‘lmasoy




*  *  *

Qidirar bir lahza tinmayin,
Kaftimga to‘kilgan kaftlaring.
Ming yillab ishq tilar Xudodan,
Hijronni opichgan kiftlaring.

Sochlaring so‘roqlar to‘lg‘onib,
Saboga singmaydi sog‘inching.
Lablaring pichirlar ismimni,
Qolmagan bitta ham ilinjing.

Ko‘tarib charchaysan tobora,
Ilojsiz xayollar yukini.
Oyog‘ing kezinar tentirab,
Armondan tizlaring bukilib.

Bardoshing  to‘kilar ko‘zingdan,
Dunyoga sig‘maydi ohlaring.
Sen shunday kutasan, qaytmam lek,
Dilimdan ketguncha dog‘larim.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:14:46

*  *  *

Kunlarim ko‘nglida kulgularing bor,
Yashirib qo‘yganman hech kimga bermay.
Menga shugina baxt yetadi erkam,
Kelmasang kelmagin, sevmasang sevma.

Kunlarim ko‘nglida kunlaring bisyor,
Berkitib qo‘yganman hech kimga aytmay.
Menga shugina baxt yetadi erkam,
Sevmasang sevmagin, qaytmasang
                                          qaytma.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:14:55

*  *  *

Dunyo meni ketmadi tashlab,
Dunyodan-da, ketmadim axir.
Men sevishdan to‘xtadim, sevgim,
Meni rom et, tushlarimga kir.

Tushlar meni tark etgan choq,
Olislama, yaqinroq kelgin.
Men sevishdan to‘xtadim, faqat,
Meni sevgin, qattiqroq sevgin...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:15:05

*  *  *

Jon  hovuchlab ochilar eshik,
Pardalarda turadi titroq.
Sukunatga urib tarsaki
Umid kela boshlar yaqinroq.

Chiroqlardan yog‘ila boshlar,
Keng xonaga ilinjmi, hayrat.
Suratdagi qushlarning hatto,
Yuborgisi keladi sayrab.

Bir... Ikki... Uch... Yo‘q hamon darak,
Devorlarning oqarar rangi.
Axir eshik ochgan kim edi,
Shamolmidi, izg‘igan daydib?

Yig‘lagisi kelar xonaning,
Xo‘rsiniqlar uchar oynadan.
Axir qanday kechadi undan,
Axir qanday undan tonadi?

Sekingina yopilar eshik...
Yashamoqdan horgan singari.
Miyig‘ida jilmaygan kuyi.
Hanuz xayol surar tashqari.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:15:21

ARAZ

Oydin kecha, ariq bo‘yi,
Izhoringiz tinglagan tol.
Ishq yuzini burgan kuni,
Kulgan kuni yoki iqbol.

Har kun meni chorlayverar,
Shu uch yaqin tanishlarim.
Siz bo‘lsangiz unutyapsiz,
O‘sha joyni borgan sari.

Ishqni tashlab ketolmaysiz,
Etolmaysiz yoki inkor.
Yasholmaysiz  mendan tonib,
Va’dangizga guvohlar bor.

Yo‘q, baribir ketayapsiz,
Qo‘l siltabmi siz bariga.
Yo‘lingizni to‘smagan tol,
Kirib ketsin yer qa’riga!

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:15:38

TABASSUM HADYA ET...

Tabassum hadya et birgina,
Jonimda titroqlar yaralsin.
Olovga mengzasin nigohing,
Dilimga muhabbat qadalsin.

Tabassum hadya et birgina,
Shugina tuhfangga gadoman.
Ishqingda zor qalbim, mayli so‘ng,
Jilvangdan bo‘lsayam adolar.

Tabassum hadya et birgina,
Qaragin, to‘kilib boryapman.
Qovog‘i solingan dunyodan,
Kulgungga yukinib boryapman.

Tabassum hadya et birgina...

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan