* * *
Ko‘zyoshda buyuk bir hikmat bor ekan,
Tasalli bor ekan dardda, yig‘ida,
Yana men bu darddan yosh to‘kdim, bekam,
Kuydim ko‘zlaringning qorachig‘ida.
Sen ketding... uzilib tushdi tomchi yosh,
Harakat to‘xtadi. Hayot to‘xtadi.
Hattoki falakda jovidon quyosh,
Endi qotib qolgan qora nuqtadir.
Dengizda nogahon tindi po‘rtana,
Bog‘larda shamollar bosilib qoldi.
Bandidan uzilgan yaproqlar, ana,
Havoda muallaq osilib qoldi.
Sen ketding... bu bog‘lar xazonga botdi,
Kezmakdan to‘xtadi — oy tortdi xira.
Falakda yulduzlar nuqtaday qotdi,
Muzdek qotib qoldi xotira...
Dunyo to‘xtab qoldi... Dunyo — qiziqmas,
Barchasin to‘xtatdi bitta ishorat.
Sen ketding... Bu umrim endi chiziqmas,
Qotgan nuqtalardan iborat...