XXI asr she'riyati: Gulshoda Qurbonova  ( 5199 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 12:16:50

XXI asr she'riyati:

Gulshoda Qurbonova




FARZAND BO‘LURSAN

Vatan yuragiga ko‘prik bo‘lolsang,
G‘amiga g‘amdoshu sherik bo‘lolsang,
Qorachiqlariga kiprik bo‘lolsang,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.

Surma qil hokini, pok tut gardini,
Quloq sol qalbiga, tushun dardini,
Farq etsang nokasu asl mardini,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda ellinga farzand bo‘lursan.

Olovni asrovchi o‘chog‘i bo‘lgin,
Yurak choklarining arqog‘i bo‘lgin.
Yomon ko‘zdan saqla,  munchog‘i bo‘lgin,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.

Tosh terib tashlagin ravon yo‘lidan
Ayro tushib, tortma Vatan qo‘lidan,
Panaga olmasang yomg‘ir, do‘lidan,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.

Elga farzand bo‘lmoq, eng katta baxtdir,
Vatan ostonasi - eng oliy taxtdir,
Gulshoda qalbida shu qat’iy ahddir,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:17:05

XATO

Giryon-giryon sevgim hurmati uchun
Ich-etimni yema, kechir xatoyim.
Men kabi bandasin yaratib bir kun
Xato qilgan axir o‘zi xudoyim.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:17:20

O‘RTAMA KO‘NGIL

Har kimsaning ta’rifi har xil,
Baxt ne desang janobi mubham.
Shunday ekan, o‘rtamay ko‘ngil,
So‘rma mendan uni, jonginam.
Bu tushuncha jaydari mutloq,
Falsafam ham oddiy va naqddir.
Seni har kun salomat ko‘rmoq,
Mening uchun eng katta baxtdir.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:17:35

*  *  *

So‘ylar bo‘lsang, so‘zingni salmog‘i bo‘lsin,
Yigit bo‘lsang belingni belbog‘i bo‘lsin.
Bog‘bon bo‘lib keldikmi ushbu dunyoga,
Har kimning yaratgan gulbog‘i bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:17:48

BU TUN

Ishq menga ilhom berdi,
Oy uzatdi qalamni.
Ko‘ngil-chi, qog‘oz berib,
To‘kkil dedi alamni.

Sevgimning osmonida
Umidlar Yashin chaqdi.
Tunga oshna yulduzlar
Tillo oy baldoq taqdi.

Hasratimni sochdim men,
Undi alvon lolalar.
Ko‘ngil degan varaqda,
Qoldi faqat nolalar.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:17:58

SUBHIDAM

Hali tong ko‘zidan ketmagan mudroq,
Mavhum xayollar barq urar bir nafas.
Shabada mavjida barglarda titroq,
Unsiz nidosida lahzalik nafas.

Judolik, muhabbat iztiroblari
Ortiq yuragimga solmaydi isyon.
Bulutni qo‘zg‘itar nur girdoblari
Ko‘zim ko‘chganday dilda hayajon.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:18:12

* * *

Olam ham qah-qaha urgandek bir zum,
Oltin yaproqlari nurga chayilar.
Qamashgan nigohim  - bir Dunyo orzum,
Kiprigimda umid bo‘lib pirpirar.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan