XXI asr she'riyati: Usmon Qoʻchqor  ( 8396 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  31 Iyul 2008, 12:22:43

DORBOZLAR

Birida langarcho‘p,
                      Sayog‘i sherday.
Oyog‘i dordayu
                      boshi osmonda.
Birin boshi dorda,
                      oyog‘i yerda,
Ayoli dolonda...
Moli talonda...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:22:57

* * *

Olisdan bir shamol guvlab esmoqda,
O‘tmoqda bu bog‘ning emdi yozlari.
Kunma-kun chirmovuq kabi o‘smoqda
Yurakda g‘ussaning imtiyozlari.

Mevasi sochilib yotgan bog‘larga
Xazon diyoridan kelur daraklar.
Bunday anduhlarga, bunday dog‘larga
Qandayin ko‘niksin vazmin daraxtlar.

Dunyoning vujudi borar quvranib,
Suvin tortayotir jilg‘a, soyliqlar...
Juldur kamzuliga g‘amgin o‘ranib
Falakda oy yig‘lar...
Ko‘kda oy yig‘lar...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:23:57

* * *

Hayot o‘pqonidan fano arshiga
Yuksalib bormoqda mana bu odam.
Ko‘ngil xurjunidan bor ilinjlarni
To‘kib tashlamoqda keraksiz toshday.
Dunyo oyog‘idan tubanga tortar,
Xotin, bola-chaqa unga qo‘shilib...
Tangrim, sabot bergil ushbu bandangga,
Uning Sendan boshqa najotkori yo‘q.
O‘chirma dilidan umid shamini,
Quvvat ber arqonning har tolasiga...
Yengillashib borar yuksalgan sari,
Har bir nafasini qilur nazorat.
Yuragi billurdek tozarib borar,
Yuzlari lovullar ishq sharobidan.
Ollohim, betakror O‘z nuring ila
Uning nigohini rom et chunonkim —
Qulab tushmasligi uchun vahmdan —
Yerga qaramasin, ishqilib...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:24:13

* * *

Orzu qilmagandik
                         bu xor jasadni,
Ruh ila
                 ko‘klarga bog‘langan edik.
Tangri
             anglamabdi
                    bizning maqsadni,
O‘zga olamlarga
               chog‘langan edik.
Oh, sho‘rlik yerliklar...
                 G‘ami arimas,
Tushiga sut,
                   pishloq,
                      urlar kiradi.
Bizning tushlarga-chi,
                   qora yer emas,
Shu’lalar kiradi,
                      nurlar kiradi...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:24:41

* * *

Quyoshsiz, havosiz hayot yo‘q deya
ta’lim berar edi olimlar.
Yaqinda ummonning qa’rini
Ko‘rsatishdi televizorda.
Oftob shu’lalari hech qachon
Yetib bormas tubanliklarda,
Havosi yo‘q sovuq muhitda,
Favvoradek otilib yotgan
Oltingugurt og‘ularida,
Har qanday suv osti kemasin
Pachoqlab qo‘ygudek bosim ostida
Jonivorlar o‘ynab yuribdi
Bir-birin quvalab bemalol.
Demakki,
Quyoshsiz, havosiz mavjud ekan  to —
Isloh qilishimiz kerakdir balki
Hayot haqidagi tushunchamizni...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:24:54

* * *

O‘n beshinchi asrdan beri
Tanazzulga uchragan tog‘lar,
Qop-qorong‘u yuho jarliklar,
lashkarlarning qilich-qalqoni
Zanglab tuproq bo‘lgan adirlar,
Oqsoch tog‘ni sho‘r dengizlarga
Bog‘lab yotgan holsiz daryolar
Uzra yelib kelgan bu shamol
Bugun mening yelkamga qo‘ndi.
Kalxat quvgan chumchuq singari
Potirlardi uning yuragi.
Qo‘rquvdanmi, xorg‘inlikdanmi —
Yumilib-yumilib ketardi xuddi
Munchoqdek benajot ko‘zlari.
Mushtipar shamolim, deya men uni
Silamoqchi bo‘lgandim, nogoh
Harir qanotini silkitib
Uchib ketdi hurkak bu shamol.
Shu ketgancha endi nechanchi
Avlodimning yelkalariga
Borib qo‘nar ekan...
                                       bilmayman...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:25:17

* * *

Qop-qora
                zulmoniy
                             bu changdan
Basharning yuziga sochdi yovuzlik.
Dunyoning o‘zidek
                        qadim bu jangda
Yana insoniyat
                          qildi yolg‘izlik.
Nasroniy mulzamdir,
                       o‘sal musulmon,
O‘zga qavmlar ham
                        qunishib kelar.
Havodan
hech qachon
ushalmas armon,
Olinmagan
xun isi kelar...

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan