XXI asr she'riyati:
Muhammad IbrohimKUZKuz keldi. Daraxtlar bargi uzildi,
Sovuqdan bir titrab qo‘ydi Simyog‘och.
Sevgimiz qasri to‘zdi, buzildi,
Daraxtlardek qalbim qoldi yalang‘och.
Osmon burchagida gezardi shafaq,
Bulutda qoldirib qizg‘ish izlarin
U mening qalbimga o‘xshamas, biroq.
U sening labingga o‘xshar, qaragin.
So‘nggi yaproqlarni tortqilar shamol,
Xazonlar qalbimdan uzilgan maktub.
Balki umrimizni etyapmiz uvol,
Men seni axtarib, sen meni kutib.
Balki eslolmassan o‘tgan eng so‘lim
Bahoriy oylaru, kunlar barini.
Qayg‘urma, bir senmas dunyoda, gulim,
Unutgan eng shirin va’dalarini.
Faqat, o‘rtanaman, gardishi falak,
Meni qachongacha ermaklar yana.
O‘sha daraxtlardek yalang‘och yurak,
Hanuz har ko‘ngildan so‘rar boshpana.