XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod  ( 5733 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  31 Iyul 2008, 12:58:11

*  *  *

Subhidam kokilin erkalar nasim,
bog‘larni to‘ldirar qushlar izhori.
Boring taskin,
sham’i firog‘ing —
tasim...
Uzoqdagi borim...

Jonimni og‘ritar,
jonga nish urib,
quriyotgan daraxt navdasin zori.
Men-da,
O‘tayapman
novdaday qurib...
Uzoqdagi borim...

Shom enur,
Oqshom qo‘nar.
Sokin kecha.
Taralar yulduzlar jilo —
ifori.
Tanbal eshiklar jim —
qonimni ichar...
Uzoqdagi borim...

Subhidam kokilin erkalar nasim,
bog‘larni to‘ldirar qushlar izhori.
Boring taskin,
sham’i firog‘ing —
tasim...
Uzoqdagi borim...
U-z-o-q-d-a-g-i   b-o-r-i-m...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:58:22

*  *  *

Uzun-uzun chatnab uzangan
yo‘llar bir-biriga poydor.
Goh topib,
goh topmay so‘zangan
Mahzun kanglum izlagay diydor.

Yo‘llar —
sukunat  dovushi,
endirar ruhimga saslarin.
Kanglumning tubida qovushar
dunyoning balandu pastlari.

Mondir,
zirqirar,
nechog‘ yuksak
tog‘larning ko‘ksi ham o‘yilgan.
Har g‘ubori,
har gardi
o‘ksik
qaqragan sahrolar iyilgan...

...Ko‘klam yozga yetgani yanglig‘,
yoz kuzga yetgani yanglig‘,
kuz qishga yetgani yanglig‘,
qish ko‘klamga yetgani yanglig‘,
guli bilan, oftobi bilan,
oftobi bilan, xazoni bilan,
xazoni bilan, qori bilan,
qori bilan, guli bilan...
gul...
oftob...
xazon...
qor...

Ishq xaylida tugamas yo‘llar:
birodardir,
xesh-xovand,
bog‘ich.
Yuragimda sog‘inch gullar,
yuragimda o‘sadi sog‘inch.

Sog‘inch darsin o‘qidim
to‘yib,
sog‘inch tilin o‘rgandim
bekam,
sog‘inch,
meni erkalab,
suyib,
diydoringga zor qildi erkam.

Uzun-uzun chatnab uzangan
yo‘llar bir-biriga poydor.
Goh topib,
goh topmay so‘zangan.
Mahzun kanglum izlagay diydor.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:58:35

*  *  *

Ishq dedim,
ishq g‘amin yutdim,
kanglum ahvolini ko‘rgil.
Ishqni ruhimga naqsh etdim,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Dildan tumanlarni hayda,
dilni sabolara burgil.
Ishqqa eltgin,
ayt,
ishq qayda,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

G‘alat savdo,
g‘alat paltar,
hijron —
ishqni o‘stirgan gil,
ishqki, hijronni yuksaltar,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Ne ko‘y,
ne o‘y,
ne suryolar,
nozligim g‘amzasin yo‘rgil.
O‘rtagay chashmi giryolar,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Sabr poyin g‘uborlari
sabr saroyini qurgil.
Tinsin kanglumning zorlari —
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Ishq dedim,
ishq g‘amin yutdim,
kanglum ahvolini ko‘rgil.
Ishqni ruhimga naqsh etdim,
Sog‘inch diydorga yetkurgil.
S-o-g‘-i-n-ch  d-i-y-d-o-r-g-a   ye-t-k-u-r-g-i-l.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 12:58:45

*  *  *

Dunyo degan makonda men-ishq
      manzilin izlovchi,
bul soriga keling yo‘llar, bo‘lib
      sog‘inch sadosi.
Dunyo degan makonda men-ishq
      ko‘yida bo‘zlovchi,
ul soriga yeling yo‘llar,
      bo‘lib sog‘inch sadosi.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan