XXI asr she'riyati: Akmal Toshev  ( 2511 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 13:03:41

XXI asr she'riyati:

Akmal Toshev




*  *  *

Xayolimga she’rlar yozaman,
Kurtaklardan otilgan iqror.
Erta bahor nafasi kabi,
Ko‘ngillarni tebratgan ifor.

Guldurosning shiddati baland,
Tiriklikni quchgan tomchilar.
Isyonlarni uyg‘otib yubor,
Sog‘inganim, dardim qamchilar.

Kaftim tutib samoviy mehr,
Qoqa boshlar tog‘lar boshini.
G‘unchalarda balqiy boshladi,
Yashirsa-da, sevinch yoshini.

Ufqlarga qochgan tasavvur,
Yaproqlardek ulg‘ayar asta.
Go‘zallikka to‘yingan shabnam,
Uchray boshlar har bir nafasda.

Kengliklarni istagan ruhim,
Shamollarga ergashgan ko‘ngil.
Gullar bilan do‘stlashib olib,
Uzoqlarga ketamiz, yurgil!

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:04:00

LAYLAK BILAN SUHBAT

—  Qancha go‘zal ranglar bir chetda qolib
Laylagim, oq rangda vujuding nechun?
Laylak dedi biyron: — Oq rangni olib
Ezgulik ramzini ko‘rsatmoq uchun.

— Qanoting uchlari ne sabab qora
Misli oq qog‘ozga to‘kilgan siyoh?
— Hatto yorqin oy ham dog‘li, nachora,
Biror kimsa yo‘qki bo‘lsa begunoh.

— Xipcha oyog‘ingga qiyosdir qalam,
Noqulay emasmi, undan ne murod?
— Har qadam qabohat, bo‘zlaydi olam?
O‘zga ne chora bor, botaymi, hayhot!

— Kaloming bunchalar dardli, kesatiq,
Yo vijdon ko‘tardi qalbingda tug‘yon?
— Axir, haqiqatdir beshafqat qo‘shtig‘,
Inson zoti bardosh bermog‘i gumon.

— Ne qilsa ham bizlar sohibi zamin
Intildik dunyoni gulshan qilgani...
— Tangri lutfi ila buyuksiz lekin,
Mushfiq jonzotlarga oqibat qani!

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:04:19

IZTIROB

U faqat jilmayib qo‘yadi xolos,
Moyillik ramzimi, yoxud xayrixoh.
Noxush, shum tumanlar o‘rlaydi noxos,
Gumonlar qamchilar qalbini, e voh!
Yillar o‘tar, ammo hamon o‘zgarmas,
Hamon jilmayadi,
Tuyular mazax.
Zulmat uzayadi, tong-chi bo‘zarmas,
Bunchalik azobli mashaqqatli baxt.
Balki...
Ro‘yomikan totli tilagim,
Betimsol ko‘zlaring bunchalar betinch.
Qiynama!
Rostin ayt, nozli malagim,
Mayli hamroh bo‘lsin armon va o‘kinch.
Tinglagil ko‘ksimni,
Chekmoqda faryod,
Dardli iztirobdan chekinmoq kerak.
Biroq muhabbatdan ayrilib, hayhot
Huvillab qolsak-chi devona yurak?!
Kechir...
Xohlamasang abad aytmagil,
Bu tuyg‘u dilimda turgani yaxshi.
Unga ishonadi milyonlab ko‘ngil,
Rangin yo‘qotmasin muhabbat naqshi.

U faqat jilmayib qo‘yadi xolos...

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan