XXI asr she'riyati: Salomjon Mengnor Termiziy  ( 4558 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 13:15:29

XXI asr she'riyati:

Salomjon Mengnor Termiziy

*  *  *
Jilg‘a soy suviga qo‘shilgan zamon,
O‘zin daryo ko‘rmoq dilida armon.
Men dengiz bo‘laman deya hayqirdi,
Shiddat-la daryoga qo‘shilgan hamon.

*  *  *
Kibor xizmatini kim ko‘rsa afzal,
Qimmati toptalar misli poyabzal.
Nochorlar g‘amin yeb, bo‘lmoq chin inson,
Ulug‘lardan qolgan odatdir azal.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:15:53

*  *  *
Do‘st sirin dilingda pinhon saqlasang,
Himmat gulzorida tanho gulkorsan.
Jismida kun tafti, yashnagan zamin,
Hayotga oroyish bag‘ishlar ekan.

*  *  *
Hoyu  havas desang, sen yelga suyan,
Mehnat nonin desang, sen belga suyan.
Qarilikda bular tashvishu alam,
Hush yig‘ib yoshlikdan, sen elga suyan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:16:06

*  *  *
To odam bo‘lguncha bolani hayot,
Sinov-sitamidan o‘tkazar bot-bot.
Bu — kurash, aslida, g‘olibga, shaksiz,
Fazlu kamolotdan o‘zga narsa yot.

*  *  *
Orzular ertangi kunlarning naqshi,
Gar unda jam erur ezgulik ishi.
Badlik yelga uchar, yaxshilik yashar,
Gar iymon yolqini bo‘lsa har kishi.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:16:14

*  *  *
Kimdakim turmushda omil, sarishta,
Arqog‘idan kutma sirli bir rishta.
Hasad otashida bo‘lib jizg‘anak,
Shaytonga aylandi gumroh farishta.

*  *  *
Sendan yiroq bo‘lsa qilmoq savob ish,
Nomingdan arimas g‘ubori mish-mish.
Yaxshilik qilmagan yomonga moyil,
Behuda demaslar: "Qilmish— qidirmish".

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:16:27

*  *  *
Yuzingga chang solsa irkit, behayo,
Seni tark etmasin andisha, hayo.
G‘animin yengadi chig‘anoq, eti,
Injuga aylanib g‘oyat bebaho.

*  *  *
Aql sohibi bo‘lgan har inson,
Tafakkur ko‘kida yulduz charog‘on.
Lek aqlini peshlab turmagan kishi
Zanglagan  shamshirga o‘xshar begumon.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:16:36

*  *  *
Beg‘am, aziz eding otang qo‘lida,
O‘sib, boylik yig‘ding havas yo‘lida.
Vasvasa egovdir umringga bu kun,
Aqlli bo‘lmading, aqling mo‘lida.

*  *  *
Havolanish manman, maqtanchoqqa xos,
So‘zlari nog‘ora tovushiga mos.
Makonim osmon deb, jar solgan yomg‘ir,
Balchiq bo‘ldi yerga to‘kilib sharros.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan