XXI asr she'riyati: Azim Suyun  ( 3752 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 13:36:05

XXI asr she'riyati:

Azim Suyun




MEN KIM...
Doston

Men kim... totli dunyoda
betin kezguvchi sayyoh,
butun bir Yer sharini
qo‘nalg‘a, deguvchi zot,
yuribman Osiyoning
havodor o‘rtasida,
Yenisey qirg‘oqlari —
daraxtzor — ko‘lkasida.
Tayga o‘rmonlarida
Oftobnur zarra-zarra
tilla baliqchalarning
libosi kabi tanga.
O, paroxod guvillar...
unga chiqaman sakrab,
Oltoyyu Tuva, xayr,
bag‘ringni kezdim yayrab.
Yuragim tan olmagay
birorta chegarani,
na bilgay qo‘riqchini,
na bilgay bir egani.
Tinch ummonda suzaman,
do‘stimdir har qayiqchi,
gurung... gurunglashaman
kelar koreys — baliqchi.
U meni taklif qilar,
ko‘rinmas oldi-keti
serbelbog‘ bambukzorga —
Kvanjuning bir cheti.
In Ok — suluv tarjimon
chorlar meni Vetnamga,
Vetnamni sayr etaman
burkangacha tumanga.
In Ok qolar — bir ertak,
meni unutma, deydi.
...Meni kutib oladi
Fillippin orollari.
Men ularni kezaman,
Krislanot shoir — yosh,
xuddi o‘zbekka o‘xshar,
qop-qoradir ko‘zu qosh.
Ha, Oy Yer atrofida
aylangani rost ekan,
eng yorqin Cho‘lpon yulduz
hamma uchun do‘st ekan.
To‘kioda Navoiy
bobomning xaykalining
poyiga gullar qo‘ydim
bu yerga kelgan chog‘im.
O, Xisao Kumatsu
yo‘lu yo‘ldosh yonimda,
xuddi Qozoqboy Yo‘ldosh
dilu dildosh yonimda.
...Shimolda eskimos do‘st
uy — iglusin qoldirib,
uchaman Ovro‘paga
ustozimni sog‘inib.
Assalomu alaykum,
London — ulug‘vor qal’a,
Usmon Turkoy — ustozni
berib qo‘yibsan yerga.
Qayirmalarimning, oh,
tarjimoni edi u,
"Qibrizmarkaz"ga kelib
topmadim  ustozimni...
Koinotda ming-minglab
Galaktika sozu xos,
Somon yo‘li-chi, bizning
quyoshimiz uchun mos.
...Parijga kirib bordim,
Assalom, "Umar Xayyom",
"Bonjur" deb chopib keldi
oqto‘sh frantsuz sanam.
Qadah keltir, may keltir,
bunda tanish barcha kas,
darrov yonimga keldi
bir qadahdosh — she’rparast.
Uning ko‘ziga qarab
"o‘qi..." deyman she’ringni,
biritishcha o‘qiydi
burro qilib tilini.
Yangi texnik uslublar
qurilmasi mashqida...
...Birdan Lorkaning ismi
jarangladi... qarshimda.
Mayxonada mayimning
simirdim oxirini,
Andalusiya, salom,
izlab keldim Lorkani.
Lorka chalar gitara,
lo‘livash qizlar guras
kelib raqsga tushar
kuy sehriga xosu mos...

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:36:15

...Quyosh chiqib nurlarin
yig‘ib olgunicha to,
meni kutib oladi
Jeneva — sirli dunyo.
Yer ostida jannat yo‘q,
jannat yo‘qdir samoda
jannatning asl asli
tumanli Alp — ma’voda.
Kezaman bu tog‘larni,
vodiylarni kezaman,
Yer tortish kuchin yengib
havolarda suzaman...
Oyni qo‘y, quyoshda ham
dog‘ bordir laxta-laxta,
mening sayyoh ko‘nglimni
chorlar Amriqo qit’a,
Uitmenga izdoshman,
o‘qib beray she’rimni,
Missisipi daryosin
ko‘ray bo‘yi-enini,
Ohayo va Missuri
uning irmoqlari, oh,
yuragimga tashladi
baliqchi kabi qarmoq.
Tarjimonim Jason do‘st
meni chorladi ovga,
Jason bilan ketaman
ov bahona gasht joyga.
Bu olamda shoirning
dushmani, yovi yo‘qdir,
uning yovi Odamga
otilgan uchqur o‘qdir.
Sholikor, ishchi, fermer
qadrdondir, azizdir,
ularning bug‘doy so‘zi
she’rimda Ezgu so‘zdir.
Afriqo. Savannalar —
Nil daryosin bo‘ylari,
o‘tib bordim bir pastda -
qalb-ko‘nglimni chorladi.
Hoy, bolakay, bolakay,
qora tanli yosh do‘stim,
men bilaman, hamdardman,
sening ko‘p kami-ko‘sting,
to‘g‘rilaymiz barisin,
yig‘lamoq emas chora,
sen yarimsan, men yarim,
but bo‘lamiz mardona.
Odamiylik unvonin
yuragimga taqqanman,
vayrona kulbalarda
tunlar chiroq yoqqanman.
Suv osti tog‘lariga
sho‘ng‘iymanu  kiraman.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:36:26

Sening uchun, bolakay,
unda saroy quraman.
Okeanavt o‘zimman,
o‘zimman kosmanavt,
Everest cho‘qqisida
tiklagayman senga taxt.
Men sayyohman — har chorbog‘ —
go‘zallik oshuftasi,
qurolni olmayman tan,
men ular kushandasi.
Chin bashar avlodini
kutmoqqa vatanim bor,
O‘zbekyurt, derlar, uni,
qalbim oppoq misli qor.
Qozig‘im bor, qo‘noqlar
otlarin bog‘lamoqqa,
qozonim bor, ularni
osh qilib siylamoqqa...
Gersoppa sharsharasin
bugun ko‘rmog‘im kerak,
hozircha xayr, deyman,
omon bo‘lgil yosh yurak...
Gersoppa, o, Gersoppa,
men, mana, qarshingdaman,
gir aylangum dunyoni,
qaqnus kabi bir qushman.
Tush emas ko‘rganlarim,
shved cho‘poni bilan
suhbatlar qurdim uzoq
gumon, iymoni bilan.
Olmon askari bilan
hangoma qildim qancha,
uning yuragida, oh,
echildi ne tuguncha:
avtomatni ko‘tarmoq
joizmikin Odamga,
aslini aytsam, qurol
yarashmas bu Olamga!
Qo‘llarim gul istaydi,
istaydi chechaklarni
yuragim istagandek
bolalik ertaklarin.
O, Gersoppa, Gersoppa,
etti mo‘’jiza, qani?
Oltitasi yo‘q bugun,
bor Xaops ehromi.
Ehrom-la gurunglashdim,
qiziq gapni dedi u;
— Odam, bu mangu emas,
Odamiyatdir mangu!..
O, Gersoppa, Gersoppa,
bahorimni sog‘indim,
senga aytsam, to‘g‘risin,
Diyorimni sog‘indim.
Sen oqaver, oqaver,
Niagaralar oqsin.
Bu olam tog‘larida
cho‘ponlar gulxan yoqsin.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 13:36:47

Dehqonlar eksin bug‘doy,
temirchi qurol emas
bug‘doylarni o‘rmoqqa
o‘roqlar yasasin, bas.
Bolalar qir, dalada
yayrasin, o‘ynab chopsin,
"Urush" degan  qozonning
qopqoqlarini yopsin.
Men muhabbat oshig‘i,
Navoiy farzandiman,
Petrarka nevarasi,
Hofizning dilbandiman.
Konfutsiy buyuk bobom,
Rustaveli emas yot.
Jupanchich og‘aynimdir,
do‘stim Tomas  Eliot.
Zamin ustida borman,
Yer ostida tirikman,
har Qutb nuqtasida
hozirmanu kerakman,
Arktikaning ko‘kida
tuynuklar bo‘lmish paydo,
ilma-teshik yuragim
tun-kuni o‘sha joyda...
Sultonmanu g‘aribman,
g‘aribmanu sultonman,
Rashmar tog‘ida — haykal
Linkoln, Jeffersonman.
Butparast, musulmonman,
otashparast, katolik,
yahudiy, turk, arabman,
barcha dinlarga molik.
Men borman sahrodagi
yo‘lovchining "oh..."ida.
Tangrim g‘azabi nechun... —
tornodaman gohida.
Sunamidirman goh-goh,
zilziladirman ba’zan
omonat ekanligin
tushunsin qavmim degan...
O‘choqda o‘tin yonsa
cho‘g‘i ham, tutuni bor,
tutunini qo‘yaber,
men cho‘g‘man bir dastyor.
Daryoning Bosh bulog‘i
Insonman men, Insonman,
suvimdan ichsin Inson,
Ezgulik, degan jonman!
Bu Zaminda, Samoda
etgay ofat, kulfatlar,
zahar-zaqqumlar emas,
yomg‘ir yog‘sin bulutlar.
O, Gersoppa, Gersoppa,
xayr, xush qol, men ketdim.
...Assalomu alaykum
O‘zbekistonim — Yurtim!
   
2008 yil

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan